Jahon | 16:10 / 21.11.2025
2753
3 daqiqa o‘qiladi

FT: Moskvada yashiringan Marsalek milliardlab pullarni yuvish bilan shug‘ullangan tarmoqqa bog‘liq bo‘lgan

Germaniya adliya tizimidan qochgan Yan Marsalek butun dunyo bo‘ylab rossiyalik oligarxlar va giyohvand modda savdogarlari foydalangan, milliardlab pullarni yuvish bilan shug‘ullangan tarmoq bilan bog‘langan bo‘lgan, deb yozadi Financial Times britan nashri.

Foto: Picture Alliance

Wirecard moliyaviy kompaniyasining sobiq operatsiyalar direktori, Germaniya adliya tizimidan qochib Moskvada yashirinib yurgan Yan Marsalek milliardlab pullarni yuvishga oid sxema bilan bog‘langan. Bu haqda Financial Times gazetasi juma, 21 noyabr kuni Buyuk Britaniyaning Milliy jinoyatlarga qarshi kurash agentligi (NCA)ga tayanib xabar berdi.

NCA yangi hisoboti Smart va TGR kompaniyalariga doir yillar davomida olib borilgan tergovga bag‘ishlangan. Ushbu kompaniyalar kriptovalutalardan foydalanib, pullarni jinoyatchilarga va sanksiyalar ostidagi shaxslarga o‘tkazib bergan. Bu tarmoqdan, jumladan, Rossiya oligarxlari va giyohvand moddalar savdogarlari foydalangan.

Smart kompaniyasiga rossiyalik Yekaterina Jdanova rahbarlik qilgan. AQSh unga nisbatan sanksiya joriy etgan, hozirda u Fransiyada hibsda saqlanmoqda. TGR boshida esa Ukraina fuqarosi Jorj Rossi turgan, u ham AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan.

TGR Group AQSh sanksiyalari ostidagi «Keremet» qirg‘iz bankining nazorat paketini sotib olish bilan bog‘langan. NCA ta’kidlashicha, ushbu bankni sotib olishdan maqsad Rossiyaga qaratilgan g‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishni yengillashtirish va shu orqali, xususan, RFning mudofaa va aerokosmik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan.

Financial Times’ning yozishicha, Rossiya maxsus xizmatlari aynan shu tarmoqdan Buyuk Britaniyadagi, tarkibi bolgar fuqarolaridan iborat josuslik tashkilotini moliyalashtirish uchun ham foydalangan. Londondagi manbalarga ko‘ra, bu tuzilmaga Yan Marsalek rahbarlik qilgan.

Marsalek 2020 yil iyun oyida Wirecard kompaniyasi hisoblaridan 1,9 mlrd yevro yo‘qolishiga oid mojaro avjida Germaniyadan Rossiyaga qochib ketgan. O‘sha oyning o‘zida kompaniya «haddan tashqari qarzdorlik»ni bahona qilib, bankrotlik haqida ariza bergan.

«Dose» markazi va Süddeutsche Zeitung gazetasining 2021 yilgi jurnalistik surishtiruvi natijasiga ko‘ra, Yan Marsalek Rossiya pasportini soxta ism — German Bajyenov nomiga olgan. Der Spiegel’ning eslashicha, Marsalekka nisbatan Buyuk Britaniya va Avstriyada ham Rossiya razvedkasi foydasiga josuslik qilish ishi bo‘yicha tergovlar olib borilmoqda.

Britan tergovchilari ma’lumotlariga ko‘ra, Marsalek Moskva va bolgar fuqarolaridan iborat guruh o‘rtasida vositachi sifatida markaziy rol o‘ynagan; bu guruh Rossiya maxsus xizmatlari topshirig‘iga binoan, jumladan, Xristian Grozev kabi jurnalistlar ortidan kuzatuv o‘rnatgan. Avstriya tergovi materiallariga ko‘ra, Marsalek «Venadagi razvedka yacheykasi» tarkibiga kirgan, uning imkoniyatlari va salohiyati Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan foydalanilgan, deb yozgan edi Der Standard gazetasi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid