Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda xorijiy valutaga talab va taklif qanday o‘zgaryapti?
2025 yilning 10 oyida ichki valuta bozorida xorijiy valutaga bo‘lgan taklif hajmining o‘sishi talab hajmi o‘sishidan yuqori bo‘ldi. Xususan, hisobot davrida aholi banklarga sotib olganidan 7,8 mlrd dollar ko‘proq valuta sotdi. Bunda xorijdan pul o‘tkazmalari miqdorining sezilarli darajada oshgani asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Foto: Shutterstock
2025 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston ichki valuta bozorida xorijiy valutaga bo‘lgan talab va taklifning birdek o‘sishi kuzatilgan. Bu haqda Markaziy bankning ichki valuta bozori sharhida ma’lum qilindi.
Hisobot davrida xorijiy valutaga bo‘lgan talab 48,4 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga ko‘p. Valuta taklifi esa (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda) 41,2 mlrd dollarga yetgan. Bu 2024 yilga nisbatan 26 foizga yuqori.

Valuta bozoridagi taklifning yana bir manbai Markaziy bank tomonidan sotib olingan monetar oltin doirasidagi sterilizatsiya operatsiyalari (xalqaro zaxiralarning neytrallik tamoyili asosida) orqali valuta mablag‘larining sotilishi hisobiga ta’minlangan.
Yuridik shaxslarning valuta operatsiyalari
Yuridik shaxslar tomonidan chet el valutasiga bo‘lgan talab 2025 yilning dastlabki 10 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga o‘sgan bo‘lsa, ular tomonidan valuta taklifi hajmi 38 foizga oshgan. Xususan, eksport tushumlari hisobiga shakllanadigan valuta taklifi hajmi ushbu davrda 18 foizga oshib, 14,5 mlrd dollarga yetgan. Ushbu eksport tushumlarning 8,1 mlrd dollari yoki 56 foizi ichki valuta bozorida sotilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23 foizga yoki 6,6 mlrd dollarga ko‘p).
Shuningdek, ushbu davrda ichki valuta bozoriga 7,3 mlrd dollarlik valuta mablag‘lari banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan sotilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 63 foizga ko‘p).

Sotib olingan xorijiy valutaning asosiy qismi – 51 foizi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi, 27 foizi – xorijiy valutadagi kreditlarni so‘ndirish, 17 foizi – xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi, 2 foizi – xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi va qolgan 3 foizi – boshqa maqsadlar uchun xarid qilingan.
Jismoniy shaxslarning banklar bilan operatsiyalari
Jismoniy shaxslar banklarga 17,4 milliard dollar sotdi — bu o‘tgan yilga (13,2 milliard) nisbatan 1,3 baravar ko‘p. Aholi tomonidan valuta sotib olish 24 foizga oshib, 9,6 milliard dollarga yetdi.
Hisobot davrida jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valuta taklifi hajmi unga bo‘lgan talab hajmidan 7,8 mlrd dollarga ortiq bo‘ldi (2024 yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobar ko‘p).

Mazkur davrda aholining banklarga valuta sotuvining asosiy manbai bo‘lgan xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga 15,8 mlrd dollar miqdorida valuta mablag‘lari kelib tushdi (2024 yilning mos davriga nisbatan 25 foiz yoki 3,2 mlrd dollarga ko‘p). Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan 2,2 mlrd dollar miqdorida valuta mablag‘lari chiqib ketgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 147 mln dollarga kam.
Valuta ayirboshlash kursi dinamikasi
Milliy valuta ayirboshlash kursida mustahkamlanish tendensiyasi davom etib, yanvar-oktyabr oylari davomida uning qadri 7 foizga oshgan.

“Mamlakatimizda eksport, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari kanallari orqali valuta oqimlarining sezilarli darajada oshishi, shuningdek, xorijiy investitsiyalar hajmining o‘suvchi dinamikasi hamda importning nisbatan barqarorlashishi ichki valuta bozorida valuta kursi mustahkamlanishiga ta’sir etgan omillardan bo‘ldi”, deyiladi MB izohida.
Mavzuga oid
19:19 / 04.12.2025
O‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
16:32 / 28.11.2025
Fuqarolarga o‘z maoshini oladigan bankni tanlash huquqi beriladi
16:13 / 28.11.2025
Markaziy bank qoshida venchur fond va innovatsion hab tashkil etiladi
11:26 / 28.11.2025