Jahon | 16:05 / 26.11.2025
1358
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada birinchi marta ekofaollardan yuz minglab yevro miqdorida zarar to‘lovi talab qilinmoqda

Germaniya sudi ekologik faollarga Hamburg aeroporti ishini izdan chiqargani uchun 403 ming yevro miqdorida jarima to‘lash majburiyatini yukladi. Agar ular bu summani to‘lay olmasa, ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Da’vogar sifatida Lufthansa aviakompaniyasi chiqdi.

Foto: Bodo Marks/dpa/picture alliance

Hamburg sudi «Oxirgi avlod» deb nomlanuvchi radikal ekologik harakatning 10 nafar faolidan iborat guruhni 2023 yil iyul oyida Hamburg aeroportini bloklagani uchun Lufthansa aviakompaniyasi foydasiga 403 137 yevro miqdorida kompensatsiya to‘lashga hukm qildi. Sud qarori haqida seshanba, 25 noyabr kuni Bild gazetasi xabar berdi.

Zarar summasi tarkibiga kompaniya mijozlariga to‘langan to‘lovlar (207 ming yevrodan ortiq), yonilg‘i xarajatlari, qo‘shimcha kechikishlar, shuningdek qariyb 191 ming yevro miqdoridagi yo‘qotilgan foyda kiritilgan. Bundan tashqari, javobgarlar sud xarajatlarini ham qoplashi shart. Agar ular kompensatsiyani to‘lamasa, ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi va mulki musodara qilinishi mumkin. Lufthansa da’voda 740 ming yevro kompensatsiya talab qilgan edi.

Radikal ekofaollar guruhi 2023 yil 13 iyul kuni Hamburg aeroportini bloklagan. Ular aeroport hududiga kirib, uchish-qo‘nish yo‘laklarini to‘sib qo‘ygan va o‘zlarini asfaltga yopishtirib olgan. Faollar havo bandargohining ishini to‘liq to‘xtatib qo‘ygan. Jami 57 ta reys bekor qilingan, 8500 nafar yo‘lovchi jabr ko‘rgan.

Bild nashri qayd etishicha, bu Germaniyada ekofaollar bir necha yuz ming yevro to‘lashga majbur qilinayotgan ilk sud qarori. Avvalgi holatlarda jazo kichik jarimalar va qisqa muddatli ozodlikdan mahrum etish bilan cheklanar edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid