Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi: Bundestagda Mers va Vaydel to‘qnashdi
Bundestagda budjet loyihasi muhokamasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish bo‘yicha AQSh prezidenti Tramp ma’qullagan reja haqidagi bahsga aylanib ketdi.
Fridrix Mers Foto: Tobias Schwarz/AFP/Getty Images
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga chek qo‘yish bo‘yicha bahsli AQSh rejasi muhokamasi Germaniya Bundestagiga ham yetib bordi. AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbuslari fonida Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam va Rossiya bilan munosabatlar chorshanba, 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan umumiy munozarada (Generaldebatte) asosiy mavzulardan biriga aylandi. Formal jihatdan muhokama Germaniyaning 2026 yil budjeti loyihasiga bag‘ishlangan edi, ammo geosiyosat bu jarayonga o‘z tuzatishlarini kiritdi.
Muhokamani eng yirik muxolif partiya – o‘ta o‘ng “Germaniya uchun muqobil” (GuM) hamraisi Alis Vaydel hamda kansler, Xristiyan-demokratik ittifoq (XDI) rahbari Fridrix Mersning chiqishi ochib berdi. Ikkalasi ham Trampga minnatdorlik izhor qildi, ammo mutlaqo turlicha tarzda.
“Shukrki, Donald Tramp tufayli bizda tinchlikka haqiqiy imkoniyat bor, siz esa bunga hech qanday aloqador emassiz”, – dedi Vaydel tribunadan hukumat lojasida o‘tirgan Mersga murojaat qilib. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy rahbari “GuM doim chaqirib kelgan” ishni qilyapti. Siyosatchi Ukrainaga yordamni 8,5 mlrd yevrodan 11,5 mlrd yevroga oshirishni ko‘zda tutuvchi budjet rejalarini ham tanqid qildi, so‘nggi paytlarda Ukraina rahbariyatini ham qamrab olgan korrupsiya mojarosini eslatib o‘tdi.
Keyinroq so‘zga chiqqan GuMning ikkinchi hamraisi Tino Xrupalla ham shu mavzuni chetlab o‘tmadi. “Sizlar korrupsiyaga botgan tizimni moliyalashtiryapsiz, – dedi Xrupalla konservatorlar va sotsial-demokratlar hukumatiga murojaat qilib. – Ukraina Germaniyaning o‘n yettinchi federal yeri emas”.
Germaniya iqtisodiyoti holatini apokaliptik manzara kabi tasvirlab, uni cho‘kib borayotgan “Titanik” bilan qiyoslagan Vaydel 12 banddan iborat o‘z rejasini taklif qildi. Bandlardan biri – Rossiyadan “arzon” gaz va neft xarid qilish. Bu GuMning ko‘p yillik talabi bo‘lib, so‘nggi vaqtlarda partiya rossiyaparast imijidan qutulishga urinib kelayotgani sababli kamroq tilga olinayotgan edi. Aftidan, Tramp rejasi bu argumentni yana kun tartibiga qaytarish uchun bahona berdi.
Hukumat koalitsiyasi deputatlari GuM siyosatchilarining yaqinda Sochidagi forumga qilgan safari uchun ularni tanqid qilgan edi. O‘zi bu safarning maqsadga muvofiqligi borasida ilgari shubhalangan bo‘lsa-da, Vaydel endi Bundestagda partiyaning ham AQSh, ham Rossiya bilan “ochiq muloqot kanallari”ni maqtab o‘tdi.
Kansler o‘zining yarim soatlik nutqida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga alohida, taxminan uch minutlik qismni bag‘ishladi va bu Yevropa siyosatidagi eng muhim yo‘nalishlardan biri – Yevropada tinchlik va erkinlikni saqlab qolish masalasi ekanini ta’kidladi. “Biz qabriston sukutini istamaymiz. Biz taslim bo‘lish hisobiga tinchlikni istamaymiz”, – dedi kansler. Uning Bundestagdan Trampga yo‘llagan javobi quyidagicha yangradi: “Ha, biz ham bu urushning iloji boricha tezroq tugashini istaymiz. Lekin yirik davlatlar o‘zaro kelishib olgan, Ukraina va yevropaliklar roziligisiz qilingan kelishuv Ukrainada haqiqiy barqaror tinchlikka asos bo‘lolmaydi”.
Mers AQSh ma’muriyatining harakatlarini maqtar ekan, “Yevropa va Ukraina uchun bunday paytda Yevropa masalalari faqat Yevropa bilan kelishilgan holda hal qilinishi mumkin”, deb qo‘shimcha qildi. Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, u buni “Tramp bilan telefon orqali suhbatda xuddi shunday qilib aytgan”.
Mers o‘zining avvalgi nutqlarida aytgan fikrini takrorlab, agar Rossiya janglarni to‘xtatib, qo‘shinlarini olib chiqsa, Ukrainadagi urush “ertagayoq” tugashi mumkinligini ta’kidladi. Kanslerning fikricha, “haqiqiy muzokaralar” uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z harbiy harakatlarining “mantiqsizligini” (hech qanday istiqbolsizligini) ko‘rishi lozim. U Kiyevni “qancha kerak bo‘lsa, shuncha” qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi, bu jarayonda YeIda muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish imkoniyatini ham tilga oldi.
Mersning chiqishi zalda “urush qo‘zg‘ovchi” va “agressor” degan baqir-chaqirlar bilan kuzatildi. Bu haqda kansler bilan bir partiyadan bo‘lgan parlament raisi Yuliya Klyokner keskin fikr bildirdi. Uning aytishicha, kim aniq haqorat qilganini aniqlash imkoni bo‘lmagan, aks holda “tartibga chaqirish” choralari ko‘rilgan bo‘lardi, dedi Klyokner GuM tomoniga qarab.
GFR federal kansleri Germaniya hukumatining Germaniyadagi ukrain qochqinlariga yordamni qisqartirish haqidagi qarorini ham chetlab o‘tmadi. Unga ko‘ra, Ukrainadan yangi kelganlarga to‘lanadigan to‘lovlar kelgusida boshpana so‘rayotganlar uchun mo‘ljallangan darajada belgilanadi. Kansler so‘zlariga ko‘ra, tegishli qonun loyihasi yil oxirigacha birinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi.
Umumiy munozara davomida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqida nafaqat eng uzoq, balki eng hissiyotli tarzda so‘z yuritgan siyosatchi – muxolif “Ittifoq-90/Yashillar” fraksiyasi hamraisi Britta Xasselman bo‘ldi. “Qanday qilib nutqni Ukrainada aziyat chekayotgan odamlar haqida o‘ylamasdan boshlash mumkin?!” – dedi Bundestag deputati yozma matnga qaramasdan, Vaydelga murojaat qilar ekan. “Agressor – Putin”, – deya ta’kidladi Xasselman GuM hamraisining Moskva bilan “aloqa kanallari” haqidagi so‘zlarini tanqid qilib, u bu partiyani Germaniya va Yevropa uchun “xavfli” deb atadi.
AQSh ma’muriyati tomonidan Rossiya bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan takliflarni Xasselman “Ukrainani bo‘ysundirish rejasi” deb atadi. U Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya vakillari tomonidan Jyenevada kelishib olingan, yevropaliklar kiritgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatladi. Xasselman Mersning Rossiya aktivlarini Ukraina ehtiyojlari uchun ishlatishga erishish haqidagi va’dasini nazorat qilishini bildirdi. Bu masala hozircha mazkur mablag‘larning katta qismi saqlanayotgan Belgiya qarshiligi tufayli hal etilmagan. Qaror dekabr oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida qabul qilinishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40