Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Suv sepish bilan ish bitmaydi” – Farg‘ona havosi hamon o‘ta zararli bo‘lib qolmoqda
30 noyabr kuni Farg‘ona shahrida havo ifloslanish darajasi rekord darajaga yetib, 1093 ko‘rsatkichni tashkil etdi. Bu raqam 1 dekabr kuni ham, 2 dekabr kuni ham hayot uchun o‘ta xavfli darajada qolmoqda. Kun.uz muxbiri shaharliklar orasida so‘rov o‘tkazdi.
Iqair.com sayti ma’lumotiga ko‘ra, 30 noyabr soat 20:00 holatiga Farg‘ona shahrida havo ifloslanish darajasi rekord darajaga yetgan va 1093 ko‘rsatkichni tashkil etgan. 1 dekabr kuni bu ko‘rsatkich 686, 2 dekabrda esa 231 ni tashkil etmoqda. Kun.uz muxbiri holat bo‘yicha Farg‘ona shahrida so‘rovnoma o‘tkazdi. Zararli havo ta’sirini kamaytirish borasida qilinayotgan ishlar bo‘yicha mas’ullardan izoh so‘radi.

“Farg‘ona shahri atrofida havo yomon. Hatto nevaralarimiz yo‘talib chiqyapti. Bu havo “davleniyamni” oshiryapti, burun, dimog‘larimni achishtiryapti. Nafas olish qiyinlashyapti. Hamma yoqni chang bosib ketdi. Ekologiya buzilgan deyishyapti. Hammadan ham go‘daklarga, qariyalarga qiyin bo‘lyapti.
Mening fikrim namgarchilikni kuchaytirish kerak-da. Endi Ollohdan so‘rayapmiz. Ollohim o‘zi mehribon. Go‘daklarning rahmini yesin, qariyalarga rahm qilsin. Duo qilib o‘tiribmiz endi. Boshqa qo‘limizdan nima ham kelardi”, deydi fuqarolardan biri.
“Hamma tozalikka, ozodalikka rioya qilishi kerak. O‘shanda tozalanib ketadi havolar. Mashinalarimiz, zararli chiqindilar ko‘payib ketdi. Ilgari ariqlar, suvlar toza bo‘lardi. Yoshligimizda ariqdagi suvni hovuchlab ichar edik. Chiqindilarni yashirincha yoqishadi, o‘shalarni yoqmaslik kerak. Ko‘proq daraxt ekish kerak, yashillik ko‘p bo‘lishi kerak. Daraxtlar kesilmasligi kerak. Ilgari bizning Farg‘onamizni hamma havas qilar edi. Vodiyni qanaqa havas qilishardi, havosi musaffo edi”, deydi yana bir fuqaro.
Zararli havo ertalab sezilyapti, keyin o‘rganib qolyapmiz...
“Ekologiya buzilgan, biz buni bilganimizga ancha bo‘ldi. Maska taqsam nafasim qaytadi. Hozir ko‘ryapsiz, qancha odam maska taqib yuribdi. Havo sifati yomonlashgani bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqqanimizni ham eshitdik. Endi nima qilish kerak? Texnika ham ko‘payib ketdi, gazda yuradigan mashinalar ko‘payib ketdi. Nima deymiz endi? Hammaning ham fikri shunaqa bo‘lsa kerak. Zararli havo ertalab sezilyapti, undan keyin o‘rganib qolyapmiz. Bilmayman, keyin sezilmayapti”.
Suv sepish yechim emas...
“Birinchidan, kuzda yomg‘ir deyarli yog‘madi. Keyin mashinalar ham ko‘p. O‘zbekiston hududida issiqxonalarda mazut bilan ko‘mir yoqishadi. Havo juda rasvo. Nafas olish qiyin bo‘lyapti. “Cherepnoy davleniyam” bor, darrov bilintirdi. Shuning uchun maska taqib yuraman. Ikki haftadan beri boshim og‘riydi.
Asosan avtomobillardan chiqayotgan gaz, issiqxonalarni isitish va zavod-fabrikalardan chiqayotgan zaharli tutunlar havoni ifloslantiryapti. Suv sepish bilan ish bitmasa kerak lekin...”
Farg‘ona viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Anvarjon Ashurov ifloslangan havoni yaxshilash borasida qilinayotgan amaliy ishlarga to‘xtaldi:

“Hozirgi kunda barcha hududlar kabi Farg‘ona viloyatida ham PM2 miqdori ortganini kuzatyapmiz. Kuz mavsumining quruq kelishi ham havo sifati buzilishiga, atmosferada iflos zarrachalar ko‘payishiga olib keldi.
Hozirgi kunda aholiga ekologik qulay sharoitni yaratish, atmosferada chang miqdorini kamaytirish maqsadida viloyat hokimligi, Ekologiya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, Milliy gvardiya, ichki ishlar va barcha hamkor tashkilotlar ishtirokida maxsus shtab tashkil etilgan. Ishchi guruh har kunlik ekologik nazorat tadbirlarini olib boryapti.
Ekologik nazorat tadbirlari davomida Farg‘ona shahar hududidagi sanoat korxonalari, issiqxonalar faoliyati o‘rganib chiqilyapti. O‘rganish natijasida mana shu ekologik talablarga javob bermagan korxonalarga nisbatan tegishli ko‘rsatmalar, tegishli choralar ko‘rib borilyapti.

Xususan, tadbir boshidan beri shu 58 ta sanoat korxonalar faoliyati o‘rganildi. Chang bosilishini ta’minlash maqsadida viloyatimiz hududidagi shahar-tumanlarning barcha markaziy ko‘chalariga, aholi yashash punktlari atroflarida daraxtlarga, ko‘chalarga suv sepish ishlari amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, shahar hududida qurilish ishlari olib borilayotgan barcha maskanlar doimiy nazoratga olingan. Qurilish maydonlarida suv sepish, changlarni bostirish ishlari amalga oshirilyapti”.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Mavzuga oid
08:22
Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
10:06 / 04.12.2025
Toshkentda havo ifloslanishi: 4 dekabr kuni ham RM2,5 me’yordan oshdi
10:21 / 03.12.2025
Toshkentda havo ifloslanishi: RM2,5 miqdori me’yordan 1,2 marta oshdi
10:14 / 02.12.2025