Jahon | 15:21
871
5 daqiqa o‘qiladi

Yevropa yetakchilari Trampning Ukraina bo‘yicha rejasiga ishonmayapti - Der Spiegel

Der Spiegel Yevropa yetakchilari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan maxfiy telefon suhbatida Donald Trampning Ukraina bo‘yicha muzokarachilariga chuqur ishonchsizlik bildirib, Vashington tashabbuslari Kiyev manfaatlarini qurbon qilishi va Yevropani «sotishi» mumkinligi haqida ogohlantirgani to‘g‘risida xabar berdi.

Foto: REUTERS

Der Spiegel nemis haftalik nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya kansleri Fridrix Mers va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni AQSh tomonidan Yevropa va Ukrainani «sotish» xavfi haqida ogohlantirgan. Ukraina bo‘yicha Tramp topshirig‘iga binoan muzokaralar olib borayotgan Oq uy vakillariga nisbatan ular yashirin telefon muloqoti paytida, yana bir qator yevropalik siyosatchilar ishtirokida, chuqur ishonchsizlik bildirgan, deb yozadi nashr 4 dekabr, payshanba kuni, o‘z ixtiyorida bo‘lgan suhbat stenogrammasiga tayanib.

Nashr ta’kidlashicha, xususan Makron xavf Kiyevga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha aniqlik yo‘qligi, hududiy masalada bosim o‘tkazilishi mumkinligidan iborat ekaniga ishora qilgan. Fransiya prezidentining aytishicha, Zelenskiy «katta xavf» ostida qolmoqda, bu so‘zlar 1 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan suhbat davomida aytilgani qayd etilgan.

O‘z navbatida, Mers Zelenskiyni «yaqin kunlarda juda ehtiyotkor bo‘lish»ga chaqirgan. Der Spiegel uning «ular siz bilan ham, biz bilan ham o‘yin o‘ynayapti» degan so‘zlarini keltiradi va bu yerda siyosatchi AQShning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerni nazarda tutgan, degan xulosaga keladi. Uitkoff va Kushner 2 dekabr kuni Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda ishtirok etgan edi.

Finlandiya prezidenti Aleksandr Stubb ham amerikalik muzokarachilardan kelayotgan xavf haqida ogohlantirgan. «Biz Ukrainani va Volodimirni (Zelenskiyni — tahr.) bu yigitlar bilan yolg‘iz qoldirmasligimiz kerak», — deya uning so‘zlarini keltirdi nemis nashri. NATO bosh kotibi Mark Ryutte bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlab, Zelenskiyni himoya qilishga chaqirgan.

Der Spiegel’ning yozishicha, suhbatda Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Polsha, Daniya va Norvegiya bosh vazirlari — Donald Tusk, Mette Frederiksen va Yonas Gar Styore, shuningdek Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta ham ishtirok etgan.

Nashr qayd etishicha, ommaviy bayonotlarida yevropaliklar Trampning navbatdagi tinchlik tashabbusini ijobiy baholagandek ko‘rinadi, ammo suhbat stenogrammasidagi keskin bayonotlar Mers, Makron va boshqa yevropaliklarning Trampga yaqin ikki shaxsga — uning nomidan Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal etish shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan Uitkoff va Kushnerga chuqur ishonchsizligini ko‘rsatadi.

Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Amerika rejasi haqida 2024 yil noyabrida ma’lum bo‘lgan edi. 28 banddan iborat ushbu reja Ukraina Luxansk va Donetsk viloyatlarini de-fakto Rossiya hududi sifatida tan olishini, shu jumladan AQSh tomonidan ham shunday qilinishini ko‘zda tutgan. Xerson va Zaporijjya viloyatlari esa frontning amaldagi chizig‘i bo‘yicha bo‘linishi kerak edi.

Bundan tashqari, Tramp rejasiga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida qolgan Donetsk viloyatining bir qismidagi qo‘shinlarini ham olib chiqish lozim bo‘lgan. Keyinchalik AQSh va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng reja Kiyev va YeI manfaatlarini hisobga olgan holda o‘zgartirilgan.

Noyabr oyi oxirida Uitkoff va Kushner Floridada Ukraina muzokara guruhi rahbari Rustem Umerov bilan uchrashuv o‘tkazgan, 2 dekabr kuni esa Moskvada Putin bilan muzokarada qatnashgan. Kreml ma’lum qilishicha, bir necha soat davom etgan muhokamalar yakunlariga ko‘ra murosaga erishilmagan. Tramp esa muzokarachilarning Moskvadagi uchrashuvini «juda omadli» deb atagan.

Oq uy rahbari Uitkoff va Kushnerda Putin «bitim tuzishni», «urushga chek qo‘yishni» va «normal hayotga qaytishni» istayapti, degan «qat’iy tasavvur» hosil bo‘lgani haqida ma’lum qilgan.

Mavzuga oid