Jahon | 14:23 / 09.12.2025
3253
6 daqiqa o‘qiladi

Asaddan keyingi bir yil: ichki nizolar va diplomatik yutuqlar

Suriyada hokimiyat almashganiga bir yil bo‘larkan, mamlakatda qanday real o‘zgarishlar ro‘y bergani va kelajakdan nimalar kutilayotgani muhokamalar markazida bo‘lishi tabiiy. Damashq diplomatik faollikni davom ettiryapti, boshqa tomondan esa ichki barqarorlik hamon zaif holatda. Mavzu yuzasidan Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Bektosh Berdiyev va Hamza Boltayev so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Suriyada hokimiyat o‘zgarganiga bir yil bo‘ldi. Nimalar o‘zgardi va qanday kutilmalar bor?

Bektosh Berdiyev: Bir yil ichida tub iqtisodiy burilishlar qilish deyarli imkonsiz. Shunga qaramay, Suriyada ijobiy o‘zgarishlarning dastlabki belgilari ko‘rina boshladi. Xususan, mamlakatni tiklashga sarmoya kiritish bo‘yicha donor davlatlarning faolligi ortmoqda. Qatar, Saudiya Arabistoni kabi Yaqin Sharq mamlakatlari, shuningdek AQSh va Yevropa davlatlari Suriyani qayta tiklashda ishtirok etishga tayyorligini bildirmoqda.

Eng muhim yutuqlardan biri – sanksiyalarning bosqichma-bosqich bekor qilinayotganidir. Ilgari Bashar Asad hokimiyatiga nisbatan joriy etilgan iqtisodiy, siyosiy va moliyaviy cheklovlar Ahmad ash-Shar’a davrining bir yilida sezilarli darajada yumshatildi. Bu esa Suriyaning tiklanishi uchun real imkoniyatlar yaratmoqda.

Tashqi siyosatda ham muhim siljishlar bor. Suriya mintaqaviy maydonda yana jozibadorlik kasb eta boshladi. Prezident ash-Shar’a Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi, Qatar amiri, Turkiya prezidenti va boshqa mintaqaviy yetakchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti va Arab davlatlari ligasi doirasida diplomatik faollik kuchaydi. Eng e’tiborli voqealardan biri – ash-Shar’aning AQShga tashrifi va Donald Tramp bilan uchrashuvidir. Bu voqea Suriya masalasiga nisbatan xalqaro munosabatlar yumshayotganini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, Damashqning Yevropa bilan ikki tomonlama aloqalari ham tiklanyapti. Biroq Isroil bilan munosabatlar hozircha keskinligicha qolmoqda. Isroil Suriyaning ichki hududlariga zarbalar berishda davom etmoqda. Jo‘lan tepaliklaridagi strategik hududlar Isroil nazorati ostiga o‘tgani Damashq uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. G‘arb davlatlarining bu boradagi reaksiyasi esa hozircha sust.

Ichki siyosatda ham vaziyat murakkab. Suriya tarixan boshqaruvi qiyin bo‘lgan ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat hisoblanadi. Arablar, kurdlar, alaviylar, druzlar, shialar, sunniylar, armanlar, xristianlar va boshqa guruhlar o‘rtasidagi ziddiyatlar hali ham saqlanib qolmoqda. Shunga qaramay, ash-Shar’a parlament va hukumatni shakllantirishga erisha oldi. Hukumat tarkibiga turli millat va konfessiya vakillari, shuningdek ayollar ham jalb qilindi. Bu ichki muvozanatni saqlashga qaratilgan muhim siyosiy qadam bo‘ldi.

Yana bir jiddiy muammo – dunyoning turli mintaqalari, xususan Markaziy Osiyodan kelgan jangarilar masalasi. Hukumat oldida ularni zararsizlantirish va radikal guruhlar qoldiqlariga qarshi kurashni kuchaytirish vazifasi turibdi. Ayni paytda Suriyaning sharqiy hududlarida ayrim terror guruhlarining yacheykalari hamon mavjud. Shu bilan birga, Turkiyaning Suriyadagi ta’siri kuchayib borayotgani ham kuzatilmoqda. Isroil OAV bu holatni o‘z xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida talqin qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Suriyada hali ham ko‘plab murakkab muammolar mavjud. Biroq hukumatning faolligi, dunyoviy rivojlanish yo‘lini tanlagani, mintaqaviy va global kuchlar bilan ochiq muloqot olib borayotgani muayyan ijobiy umidlarni shakllantirmoqda. Hatto bir paytlar keskin qarama-qarshilik bo‘lgan Rossiya bilan ham aloqalar qayta tiklanib, Moskva bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bu esa Suriyada haqiqiy siyosiy harakatlar boshlanganidan dalolat beradi.

Hamza Boltayev: Isroil atrofidagi barcha davlatlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarshi, degan fikrga to‘liq qo‘shilmayman. Aksincha, Isroil bilan parallel ravishda Yaqin Sharqning ko‘plab mamlakatlari – Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt, Bahrayn kabi davlatlar iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanmoqda. Isroil bu davlatlarga nisbatan ochiq qarshilik bildirmayapti. Biroq Suriyaga nisbatan vaziyat ancha murakkab. Bu yerda muammo Isroil manfaatlarida emas, asosan, ichki barqarorlik masalasidadir. Eng dolzarb muammo – turli konfessiya va millat vakillarini yagona siyosiy boshqaruv ostida birlashtira olish masalasidir.

Hozircha mamlakat siyosiy kelajagi qanday shakllanishi aniq emas. Shu sababli, hokimiyatga kelganiga endigina bir yil bo‘lgan rahbariyat haqida “Suriya ravnaq topadi” yoki “uning kelajagi xavf ostida” degan keskin xulosalar chiqarishga erta. Ayni paytda ko‘plab fuqarolarning ash-Shar’a siyosatini qo‘llab-quvvatlashi siyosiy islohlarning aniq yo‘nalishidan ko‘ra, urushdan charchagan jamiyatning tinchlikka bo‘lgan tabiiy intilishi bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli katta.

Bugungi diplomatik faollik – xorijiy safarlar, munosabatlarni tiklashga urinishlar – ijobiy signal, ammo hozircha chuqur tizimli islohotlar yoki uzoq muddatli strategiya shakllandi deb aytish qiyin. Demak, Suriyaning siyosiy va iqtisodiy kelajagi hamon noaniq, kutilmalar esa ehtiyotkorlik bilan baholanmoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid