Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda 11 oyda 184 kishi pora olgani uchun sudlandi
Sudlanganlarning 114 nafari sud hukmi bilan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan. Qolganiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Foto: Videodan kadr
Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida respublika bo‘yicha 184 nafar shaxs pora olish jinoyatini sodir qilgani uchun sudlangan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2024 yilda pora olish jinoyati bilan 196 nafar shaxs sudlangan. Ularning 135 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 61 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan (jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash va shartli hukm) jazolar tayinlangan.
Joriy yilning 11 oyi mobaynida esa ushbu turdagi jinoyatni sodir etgan 184 nafar shaxs sudlanib, ularning 114 nafari ozodlikdan mahrum qilingan. 70 nafari esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga tortilgan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 210-moddasiga ko‘ra, pora olish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi BHMning 50 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish takroran, xavfli retsidivist deb topilgan shaxs tomonidan, ko‘p miqdorda, tamagirlik yo‘li bilan yoki bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa 5 yildan 10 yilgacha, juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Avvalroq Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlangandi.
Mavzuga oid
11:12
Toshkentda soliq inspektorlari 10 million so‘m pora olgan paytida ushlandi
08:10 / 08.12.2025
Yer maydoni va kadastr hujjatlari uchun pora talab qilganlar qo‘lga olindi
08:30 / 06.12.2025
Farg‘onada kadastr inspektori va davlat muassasasi mas’ullari pora bilan ushlandi
08:22 / 05.12.2025