Jahon | 14:17 / 10.12.2025
2956
9 daqiqa o‘qiladi

Saylovlarga tayyor Zelenskiy, Rossiyaning g‘alabasi haqida gapirgan Tramp va jurnalistlar uchun eng xavfli joy – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil — jurnalistlar uchun eng xavfli joy

Jurnalistlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot «Reporters Without Borders» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida dunyo bo‘ylab o‘ldirilgan jurnalistlar soni keskin o‘sdi. Tashkilot hisobotida qayd etilishicha, bir yil ichida 67 nafar OAV xodimi halok bo‘lgan. Ularning kamida 53 nafari «harbiy guruhlar va uyushgan jinoyatchilik tomonidan sodir etilgan amaliyotlar» qurboni bo‘lgan.

«Chegarasiz muxbirlar» seshanba kuni e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2025 yilda dunyo bo‘ylab halok bo‘lgan jurnalistlarning deyarli yarmi Isroil armiyasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

«Oxirgi 12 oy ichida o‘ldirilgan jurnalistlarning 43 foizi G‘azoda Isroil qurolli kuchlari tomonidan o‘ldirilgan», - deyiladi hisobotda.

Umumiy hisobda 2023 yil oktyabridan buyon genotsid ko‘rinishidagi urushda Isroil armiyasi taxminan 220 nafar jurnalistni o‘ldirgan. Ulardan 65 nafari kasbi sababli yoki jurnalistik faoliyati davomida nishonga olingan.

Hisobotda aytilishicha, Isroil xorijiy jurnalistlarni hibsga olish bo‘yicha ham antireytingning «yuqorisida». 2025 yilda 20 nafar falastinlik jurnalist qamoqqa olingan.

Hisobotda Meksika «dunyodagi jurnalistlar uchun ikkinchi eng xavfli davlat» deb e’lon qilindi: bu mamlakatda to‘qqiz nafar jurnalist o‘ldirilgan. Xitoy esa «jurnalistlar uchun dunyodagi eng katta qamoqxona» sifatida qayd etilgan — u yerda 121 nafar jurnalist qamoqda saqlanmoqda.

Sudandagi mojaro davomida joriy yil ichida 4 nafar jurnalist qotillik qurboni bo‘lgan, 2 nafari esa o‘g‘irlab ketilgan.

Hisobotga ko‘ra, Suriya bo‘yicha bedarak yo‘qolgan jami 135 nafar jurnalistdan 37 nafari hozirgacha topilmagan. Ular Moskvaga qochib ketgan diktator Bashar Asad davrida qamoqqa olingan yoki IShID tomonidan garovga olinganidan so‘ng yo‘qolgan.

Tramp Rossiyaning g‘alabasi haqida gapirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Politico nashriga bergan intervyusida Yevropani «zaif» deb atadi va Rossiyaning g‘alabasi muqarrar bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Trampning aytishicha, AQSh taklif etgan o‘t ochishni to‘xtatish rejasining ayrim bandlarini rad etgan Ukraina prezidenti «harakatga o‘tishi» va «ba’zi narsalarni qabul qilishni boshlashi» kerak. Trampning ta’kidlashicha, Zelenskiy armiyasi urushda mag‘lubiyatga uchrayapti va bu sulh muzokaralarida murosa qilish vaqti yetib kelganini anglatadi.

Trampning intervyusi yevropalik yetakchilar bir kun avval Londonda Zelenskiy bilan uchrashganidan keyin e’lon qilindi. O‘sha uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy Ukraina Rossiyaga hudud topshirishga doir o‘zining qat’iy qarshiligidan chekinmasligini yana bir bor ta’kidlagan edi. Hududlar masalasi esa Tramp taklif etgan tinchlik rejasining asosiy talablaridan biridir.

Intervyuda Tramp Rossiyaning g‘alabasi muqarrar bo‘lishi mumkinligini ham bildirdi. Bunga sabab sifatida Rossiyaning Ukrainadan ancha katta ekanini ko‘rsatdi.

«Rossiya ustunlikka ega. Ular har doim ham shunday bo‘lgan. Ular ancha katta. Ular shu ma’noda ancha kuchli. Men Ukraina xalqiga va Ukraina armiyasining jasorati, jang qilganiga hurmat bildiraman. Lekin bilasizmi, ma’lum bir pallada baribir «kattalik» g‘alaba qiladi. Bu esa juda ulkan kattalik, aql bovar qilmas darajada», - dedi Tramp.

Bundan tashqari, Tramp Ukrainada saylovlar o‘tkazilishini talab qilgan hamda mamlakat rahbariyatini «urushdan saylov o‘tkazmaslik uchun foydalanmoqda» deya aybladi.

Rossiya va Xitoy harbiy mashg‘ulotlari

Kecha Rossiya va Xitoy harbiy-havo kuchlari qo‘shma patrul parvozlarini amalga oshirdi. Yaponiya Mudofaa vazirligi seshanba kuni ushbu qo‘shma parvozlarini kuzatish uchun qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targanini ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, Rossiyaning yadroviy qurol tashishga qodir ikki dona Tu-95 strategik bombardimonchisi Yaponiya dengizidan Sharqiy Xitoy dengizi tomonga uchgan. U yerda Xitoyning ikki dona H-6 bombardimonchisi bilan uchrashgan va Tinch okeani ustida «uzoq masofali qo‘shma parvozni» amalga oshirgan.

Shuningdek, bombardimonchilarga Miyako bo‘g‘ozi ustidagi parvozlar paytida Xitoyning to‘rtta J-16 qiruvchisi ham hamrohlik qilgan.

Yaponiya shuningdek, Rossiya harbiy-havo kuchlarining A-50 erta ogohlantirish samolyoti va ikkita Su-30 qiruvchi samolyoti ishtirokidagi mashqlarni ham payqagan.

Yaponiya mudofaa vaziri Rossiya va Xitoyning qo‘shma harakatlari «kuch namoyishi qilish maqsadini ko‘zlaganini, bu esa milliy xavfsizlik uchun jiddiy xavotir uyg‘otishini» aytdi.

Janubiy Koreya harbiylari ham seshanba kuni Rossiyaning yettita samolyoti va Xitoyning ikki samolyoti ularning havo mudofaasi hududiga kirganini bildirdi.

Xitoyning Yaponiya yaqinidagi harbiy faolligi o‘tgan oydan boshlab kuchaydi. O‘shanda Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Tayvan masalasida — zarurat bo‘lsa, harbiy kuch bilan javob ishlatishi mumkinligini aytgandi.

Zelenskiy saylovlarga tayyorligini aytdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy agar AQSh va Yevropa Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etsa, uning mamlakati 60 kun ichida saylovlarga tayyor bo‘lishini aytdi.

Zelenskiy avval bir necha bor faqat urush tugagach saylovlar o‘tkazilishini aytgandi. Chunki Ukrainada — harbiy holat davrida ovoz berish qonunan taqiqlangan. Zelenskiyning bu boradagi yondashuvi o‘zgarishi prezident Donald Trampning bayonotlariga javoban muzokara usuli sifatida talqin qilinmoqda.

«Men hozir ochiq so‘rayman va buni oshkora aytaman: Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ehtimol yevropalik hamkorlarimiz bilan birga saylovlar o‘tkazish uchun xavfsizlikni ta’minlashga yordam berishni so‘rayman», - dedi Zelenskiy. «Shundan so‘ng keyingi 60–90 kun ichida Ukraina saylovlarga tayyor bo‘ladi».

Zelenskiyning aytishicha, bu kafolatlar zarurat bo‘lsa qurol-yarog‘, havo hujumidan mudofaa tizimlari va sanksiyalarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

Zelenskiy Ukraina hozircha tinchlik rejasini qayta ko‘rib chiqayotganini, ehtimol u chorshanba kuni AQShga yuborilishini aytdi. Ukraina yetakchisining aytishicha, hozirda uchta hujjat ustida ish olib borilmoqda: 20 banddan iborat tinchlik rejasi, shuningdek, xavfsizlik kafolatlari va qayta qurish bo‘yicha ikki alohida hujjat.

Zelenskiy 2019 yildan beri hokimiyat tepasida. U o‘sha yili bo‘lib o‘tgan saylovlarda katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan edi. Uning birinchi besh yillik prezidentlik muddati rasman o‘tgan yili yakunlangan.

Avstraliyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga taqiq kuchga kirdi

Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshga to‘lmagan shaxslarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan mamlakatga aylandi. Mamlakat parlamenti tomonidan 2024 yil noyabrida qabul qilingan qonun 10 dekabrdan kuchga kirdi.

Yoshlarni – internetdagi ta’qib, dezinformatsiya va noqonuniy kontentdan himoya qilishga qaratilgan ushbu taqiq ko‘pchilik yirik platformalarga taalluqli bo‘ladi. Jumladan, TikTok, YouTube, Instagram, Snapchat, Facebook, Reddit va X kabilarga. U messenjerlar, pochta dasturlari, onlayn-o‘yinlarga va o‘quv loyihalariga tatbiq etilmaydi.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze ushbu qonun – bolalarga normal bolalik o‘tkazishga yordam berishi, ota-onalarga ruhiy xotirjamlik baxsh etishi va boshqa mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishini aytdi.

Taqiq talablariga bo‘ysunmaslik holatida platformalar 33 million dollargacha jarimaga tortilishi mumkin.

Ayrim tanqidchilar bunday chorani mutanosib emas deb hisoblamoqda va mamlakat Oliy sudiga da’vo arizasi kiritilgan. Ularning fikricha, o‘smirlar shunchaki nazorati yanada qiyinroq bo‘lgan boshqa servislarga o‘tib ketadi.

Bir qator mamlakatlar, jumladan, Malayziya, Daniya va Norvegiya shunday taqiqlar joriy qilish niyati borligini bildirgan. Xuddi shunday cheklovlar g‘oyasini Yevropa parlamenti ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mavzuga oid