Jahon | 15:25
1014
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kiyevni prezidentlik saylovlarini qayta o‘tkazishga chaqirdi

Ukrainada davom etayotgan urushga qaramay, yangi prezidentlik saylovlarini o‘tkazish vaqti keldi, deb hisoblaydi AQSh prezidenti Donald Tramp. Uning fikricha, saylovlarni o‘tkazmaslik demokratiya tamoyillariga zid.

Foto: REUTERS

Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukrainaga nisbatan harbiy tajovuz davom etayotganiga qaramasdan, Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazish vaqti keldi, deb hisoblaydi AQSh prezidenti Donald Tramp. «Ha, deb o‘ylayman, vaqti keldi. O‘ylashimcha, hozir saylovlar o‘tkazish uchun muhim davrdir. Ular urushdan saylov o‘tkazmaslik uchun foydalanyapti, lekin menimcha, ukrain xalqi bunday tanlov imkoniga ega bo‘lishi kerak», — dedi u seshanba, 9 dekabr kuni chop etilgan Politico nashriga bergan intervyusida.

Trampning fikricha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qaytadan g‘alaba qozonish imkoniga ega. «Kim g‘olib bo‘lishini bilaman, deb ayta olmayman. Ammo ular ancha vaqtdan beri saylovlar o‘tkazmadi. Bilasizmi, ular demokratiya haqida gapiradi, lekin ma’lum bir pallada bu endi demokratiya bo‘lmay qola boshlaydi», — deb qo‘shimcha qildi u Ukrainadagi urushni o‘zi taklif qilgan tinchlik rejasiga muvofiq tugatishga intilar ekan.

Ukraina prezidentining navbatdagi saylovlari taqvimga muvofiq 2024 yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq mamlakatda Rossiya Qurolli kuchlarining to‘liq ko‘lamli hujumi boshlanishi bilan joriy etilgan harbiy holat tufayli ularning o‘tkazilishi keyinga qoldirildi. Kreml bu holatdan Zelenskiyni «nolegitimlik»da ayblash uchun bir necha bor foydalangan.

Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri, jangovar harakatlar davom etayotganiga qaramasdan, saylovlar o‘tkazish masalasi bo‘yicha muhokamalar yana faollashdi. Trampning o‘zi ham bunga chaqirdi, ammo Kiyevda bunday qarorni amalga oshirish mumkin emasligi aytib kelindi. Jumladan, 2025 yil aprel oyida Oliy Rada Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Mavzuga oid