Jahon | 13:20
1920
4 daqiqa o‘qiladi

UXX dronlari Qora dengizda RFning «yashirin floti» tankerini nishonga oldi

Rossiyaning «yashirin floti»ga kiruvchi Dashan tankeri Qora dengizda Sea Baby dronlari hujumi natijasida jiddiy darajada shikast oldi, deb xabar berdi DW nashrining Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbasi. Operatsiya Ukraina Dengiz kuchlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Foto: ukrinform.ua

Ukraina Xavfsizlik xizmatining Sea Baby turdagi dengiz dronlari Qora dengizda Rossiyaning «yashirin floti» tarkibiga kiradigan yana bir neft tankerini nishonga oldi. Chorshanba, 10 dekabr kuni maxsus xizmatdagi DW manbasi ma’lum qilishicha, Komor orollari bayrog‘i ostida harakatlangan Dashan kemasi hujum natijasida jiddiy darajada shikast olgan va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, foydalanishdan chiqarilgan.

DW suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, transponderi o‘chirilgan tanker Ukraina iqtisodiy zonasida Rossiyaning Novorossiysk port terminali tomon maksimal tezlikda harakatlanayotgan bo‘lgan. Ukraina maxsus xizmatida ta’kidlanishicha, ushbu operatsiya UXXning harbiy kontrrazvedka bo‘yicha 13-Bosh boshqarmasi va Ukraina Dengiz kuchlari hamkorligida amalga oshirilgan. Neft tankeriga hujum qilingani haqida rossiyalik blogerlar, jumladan RF Mudofaa vazirligiga yaqin Rybar Telegram-kanali ham xabar bergan.

UXXda zarar ko‘rgan tankerning taxminiy qiymati 30 million dollarga baholanmoqda, u bir reysda taxminan 60 million dollarlik neft mahsulotlarini tashir edi.

Bundan avval Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Shveytsariya Dashan kemasiga Rossiya xomashyosini tashishi va identifikatsiya tizimi o‘chirilgan holda yuqori xavf darajasi bilan suv yo‘llaridan foydalangani uchun sanksiyalar joriy etgan edi.

«UXX Rossiya Federatsiyasi budjetiga tushayotgan neft-dollarlar tushumlarini kamaytirish bo‘yicha faol chora-tadbirlarni davom ettirmoqda», — deyilgan maxsus xizmat bayonotida. Uning vakilining so‘zlariga ko‘ra, Dashan so‘nggi ikki hafta ichida hujum qilingan Rossiyaning «yashirin floti» tankerlaridan beshinchisiga aylangan. Kreml aynan shu flotdan xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun foydalanmoqda. Ilgari, 28 noyabr kuni Sea Baby dronlari Qora dengizda Gambiya bayrog‘i ostida yurgan sanksiya ostidagi ikki tanker — Kairos va Virat’ni nishonga olgan edi.

Keyinroq yana ikki hodisa ro‘y berdi. 1 dekabr kuni Senegal poytaxti Dakar yaqinida Rossiya neftini tashib ketayotgan Mersin tankeri bortida to‘rtta tashqi portlash qayd etildi. Ertasi kuni esa Qora dengizda, Turkiya qirg‘og‘idan taxminan 80 milya (qariyb 120 km) uzoqlikda Rossiyadan Gurjistonga moy tashib ketayotgan Midvolga 2 tankeri hujumga uchradi.

Shuningdek, 10 dekabr kuni UXX Odessada RFning «yashirin floti»ga mansub, Afrika mamlakatlaridan birining bayrog‘i ostida yurgan kema qo‘lga olingani haqida ham xabar qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur yuk kemasi 2020 yildan buyon kamida yetti marta Qrimdagi Sevastopol portiga kirib, RF manfaatlarida agrar mahsulotlarni noqonuniy eksport qilish uchun foydalanilgan.

Odessadagi «Dumskaya» nashri ma’lumotlariga qaraganda, gap Gvineya-Bisau bayrog‘i ostida yurgan Gladius kemasi haqida ketmoqda. U 2020 yildan beri kamida besh marta ham o‘z nomini, ham bayrog‘ini o‘zgartirgan.

Mavzuga oid