Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Venesuela tankerini musodara qilgan AQSh, Yevropaning Ukraina borasida xavotirlari va Marokashdagi fojia – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh Venesuelaning yirik neft tankerini musodara qildi
10 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela sohillari yaqinida neft tankeri musodara qilinganini ma’lum qildi.
«Biz Venesuela sohilida bir tankerni musodara qildik, katta tanker, juda katta. Aslida hech qachon bo‘lmagan darajada eng kattasi va yana boshqa narsalar ham bo‘lyapti», dedi Tramp. U Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning iste’foga chiqishi uchun bosim o‘tkazib kelmoqda.
Neftga nima bo‘lishi haqida so‘ralganda, Tramp: «uni o‘zimizda saqlaymiz, menimcha», deb javob berdi.
AQSh bosh prokurori Pam Bondiga ko‘ra, FQB va harbiylar ko‘magida Venesuela va Eronning sanksiyalangan neftini tashish uchun ishlatilgan xom neft tankeriga nisbatan musodara orderi ijro etilgan.
AQSh hukumati e’lon qilgan videoda ikki vertolyot kema tomon yaqinlashayotgani va qurollangan shaxslar undan tushayotgani aks etgan. Tramp ma’muriyati rasmiylari na kemaning nomini, na joylashuvini ochiqladi.
Britaniyaning dengiz xavfsizligi kompaniyasiga ko‘ra, bu yirik xom neft tashuvchisi Skipper bo‘lishi mumkin. AQSh bu tankerga Eron nefti savdosida qatnashgan deb sanksiya qo‘ygandi, o‘sha paytda u Adisa deb atalgan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Skipper 4–5 dekabr kunlari Venesuelaning asosiy porti — Josedan 1,8 million barrel og‘ir xom neftni yuklab chiqib ketgan. U musodara qilinishidan oldin taxminan 200 ming barrelni Kuba tomon yo‘l olgan boshqa kemaga ko‘chirgan.
Venesuela hukumati o‘zining javob bayonotida AQShni «oshkora o‘g‘irlik»da aybladi va musodarani «xalqaro qaroqchilik harakati» deb ta’rifladi. Hukumat bu hodisani xalqaro tashkilotlar oldida muhokama qilishini bildirdi.
G‘arbiy sohildagi reydlar
Isroil armiyasi chorshanba kuni G‘arbiy sohilning bir nechta shimoliy shaharlarida keng ko‘lamli reydlar o‘tkazib, qariyb 100 falastinlikni qo‘lga oldi.
Guvohlarning aytishicha, Isroil kuchlari Nablus, Salfit va Jyenin, Tulkarim hamda Qalqiliyaning bir nechta shaharlari va bosib olingan Sharqiy Quddusdagi ikki shaharchada reyd uyushtirgan.
Anadolu'ning ma’lum qilishicha, Isroil kuchlari Nablusda 50, Sharqiy Quddusda va boshqa hududlarda yana 48 falastinlikni hibsga olgan; ulardan ayrimlari so‘roqlardan keyin qo‘yib yuborilgan.
Jyenin shahrida qo‘lga olinganlar orasida Falastin Milliy ma’muriyati sobiq bosh vaziri o‘rinbosari Nosir ad-Din ham bor edi.
Isroil armiyasi 2023 yil oktyabr oyida G‘azo urushi boshlanganidan beri G‘arbiy sohildagi hujumlarini kuchaytirgan. Nashrga ko‘ra, bu ikki yil davomida G‘arbiy sohilda IDF va noqonuniy isroillik ko‘chmanchilar hujumlari oqibatida qariyb 1100 falastinlik halok bo‘lgan va 10 mingdan ortiq inson yaralangan. Bundan tashqari, 21 mingdan ortiq odam hibsga olingan.
O‘tgan yil iyul oyida Xalqaro jinoiy sud Isroilning Falastin hududini bosib olish harakatlarini noqonuniy deb e’lon qilgandi. Shuningdek, sud G‘arbiy sohil hamda Sharqiy Quddusdagi barcha posyolkalarni bo‘shatishni talab qilgan.
Ukrainadagi urushni tugatish yo‘lida harakatlar
Britaniya, Fransiya va Germaniya rahbarlari chorshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefonlashdi. Ular Ukraina urushini tugatishning «hal qiluvchi pallasi»da Vashingtonning tinchlik sa’y-harakatlarini muhokama qilgan.
Tramp jurnalistlarga Yevropa rahbarlari bilan qo‘ng‘iroq davomida «anchayin keskin so‘zlar» ishlatilganini ta’kidladi, lekin tafsilot bermadi. U Zelenskiy yillar davomida saylov o‘tkazmaganidan shikoyat qildi va Ukraina «kattagina korrupsiya holatiga» duch kelganini aytdi.
«Biz yig‘ilishga borishdan oldin ayrim narsalarni bilib olishni istaymiz. Ular bizning hafta oxirida Yevropada bo‘ladigan yig‘ilishga borishimizni istashadi. Vakillarimiz undan qaytib nima olib kelishiga qarab qaror qilamiz», dedi Tramp.
Kiyev AQSh tomonidan tezroq tinchlikni ta’minlash uchun bosim ostida qolmoqda. Biroq o‘tgan oy taklif qilingan va ko‘pchilik tomonidan Moskva foydasiga deb baholangan AQShning rejasiga qarshilik ko‘rsatmoqda.
Kechaning o‘zida Ukraina tinchlik rejasining so‘nggi loyihasi bo‘yicha AQSh ma’muriyatiga batafsil javob yuborgani ma’lum bo‘ldi. Axios nashriga ko‘ra, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov rasmiy javobni — undagi izohlar va taklif etilgan tahrirlar bilan birga — Trampning kuyovi Jared Kushnerga yuborgan.
Tailand va Kambodja to‘qnashuvi
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi halokatli chegara to‘qnashuvlari fonida yarim milliondan ortiq odam xavfsiz hududlarga qochishga majbur bo‘ldi.
«400 mingdan ortiq odam xavfsiz boshpanalarga evakuatsiya qilindi», dedi Tailand Mudofaa vazirligi rasmiysi. Shuningdek, hududda 700 dan ortiq maktab yopilgan.
Kambodja ham o‘z hududida 127 mingdan ortiq odam ko‘chirilganini xabar qildi. Sabab to‘qnashuvda ikki tomon og‘ir qurollardan foydalangan.
Dushanbadan beri davom etayotgan so‘nggi to‘qnashuvlarda Kambodjada to‘qqiz nafar tinch aholi halok bo‘lgan, Tailand tomonda esa olti nafar askar o‘lgan. Rasmiy Bangkok janubdagi qo‘shnisini bombardimon qilish uchun F-16 samolyotlaridan foydalangani aytilmoqda.
Mahalliy OAVlarga ko‘ra, shiddatli janglar to‘rtinchi kun ham davom etmoqda. Tailandning BMTdagi doimiy vakili Kambodjaning «asossiz harbiy hujumlari» yuzasidan bosh kotib va Xavfsizlik kengashi raisiga rasmiy maktublar yuborganini ma’lum qildi.
Kambodja esa Tailand tomonidan «o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi qurolli tajovuzi» yuzasidan Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilish uchun «dalillar to‘plamoqda».
Bu to‘qnashuvlar AQSh prezidenti Donald Tramp va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim ishtirokida oktyabr oyida imzolangan tinchlik kelishuvini buzdi. Ikki tomon ham so‘nggi to‘qnashuvlarni kim boshlagani borasida bir-birini ayblamoqda.
Marokashdagi fojia
10 dekabr kuni Marokashning eng qadimgi shaharlaridan biri bo‘lgan Fezda ikki qo‘shni bino qulab tushishi oqibatida kamida 22 kishi halok bo‘ldi, yana 16 kishi jarohat oldi. Rasmiylarga ko‘ra, bir binoda hech kim yashamagan, ikkinchisida esa Aqiqa marosimi o‘tkazilayotgan bo‘lgan.
Prokuror qurbonlar soni dastlabki ma’lumot ekanini, hodisa bo‘yicha tergov boshlanganini bildirdi. Marosim o‘tayotgan binoda sakkiz oila istiqomat qilgan.
Davlat telekanali tasvirlarida qutqaruvchilar va mahalliy aholi vayronalar orasini kovlab, jasadlarni izlayotgani ko‘rinadi.
OAVlar zich aholi yashaydigan Al-Mustaqbal mahallasidagi binolarda anchadan buyon yoriqlar paydo bo‘lgani haqida guvohlarning so‘zlarini ham keltirdi. Mahalliy hokimiyat bayonotiga ko‘ra, binolarning nega qulaganini aniqlash uchun texnik va ma’muriy tekshiruv ham boshlangan.
Yanvar oyida uy-joy bo‘yicha davlat kotibi Adib Ben Ibrohim mamlakat bo‘ylab taxminan 38 800 ta bino qulash xavfi ostida ekanini ma’lum qilgan edi. Qadimiy Fez shahrida ham bunday binolar ko‘p bo‘lgan, mamlakatning eng kambag‘al mahallalari joylashgan.
Oktyabr oyida Marokashda yoshlar boshchiligidagi tartibsizliklar bo‘lib o‘tgandi. Unda hukumat 2030 yilgi JCh uchun stadionlar qurayotgan bir paytda — chuqur ildiz otgan qashshoqlik va jamoat xizmatlaridan norozilik aks etgan.
Mavzuga oid
15:36
G‘azoda yomonlashayotgan ahvol, Donbassda «erkin iqtisodiy zona» taklifi va Yaponiyaning Xitoyga «javobi» – kun dayjesti
14:17 / 10.12.2025
Saylovlarga tayyor Zelenskiy, Rossiyaning g‘alabasi haqida gapirgan Tramp va jurnalistlar uchun eng xavfli joy – kun dayjesti
15:01 / 09.12.2025
Ukrainani qo‘llayotgan Yevropa, BMT idorasiga bostirib kirgan Isroil va qayta boshlangan Tailand–Kambodja to‘qnashuvi – kun dayjesti
15:07 / 06.12.2025