Jahon | 13:10 / 11.12.2025
659
3 daqiqa o‘qiladi

YeI Lukashenko rejimiga qarshi yangi sanksiyalar joriy etmoqchi

Litvaga nisbatan muntazam tus olgan gibrid hujumlar sababli Yevroittifoqqa a’zo davlatlar elchilari Belarusni YeI sanksiya rejimiga qo‘shish uchun qonuniy asosni ma’qulladi. Bunga sabab sifatida Belarusdan Litva tomon uchib o‘tayotgan, kontrabanda ortilgan havo sharlari bilan bog‘liq hodisalar ko‘rsatilmoqda.

Foto: AP

Yevroittifoqqa a’zo davlatlar elchilari Belarusga nisbatan u amalga oshirayotgan gibrid faoliyat uchun YeI sanksiya rejimiga qo‘shishga oid qonuniy asosni ma’qulladi. DW muxbiriga 10 dekabr, chorshanba kuni Bryusseldagi ikki manba shu haqda ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko rejimiga nisbatan sanksiyalarni joriy etish uchun yangi mezonlar kelishib olingan. Ushbu mezonlar Yevroittifoqqa gibrid hujumlarda ishtirok etgan shaxslarni sanksiya ro‘yxatlariga kiritish imkonini beradi. Kutilishicha, qarorni 15 dekabr kuni YeI Tashqi ishlar kengashi majlisida Yevroittifoqqa a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ma’qullaydi.

Bundan oldin Litva Belarusdan azot o‘g‘itlari, moyni import qilishni taqiqlash va banklar bilan operatsiyalarni cheklash takliflari bilan chiqqan edi.

Belarus tomonidan Litvaga qarshi amalga oshirilayotgan gibrid hujumlarga javob tariqasida yangi sanksiyalar joriy etish niyati borligi haqida Yevrokomissiya (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen 1 dekabr kuni Litva prezidenti Gitanas Nauseda bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilgan edi.

YeK rahbari mamlakat hokimiyati va uning rahbari Lukashenkoning xatti-harakatlarini «butunlay qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atagan va kontrabandali sigaretalar ortilgan havo sharlari kirib kelishi sharoitida Litva bir necha bor Belarus bilan chegarani yopganini eslatib, Litva bilan «to‘liq birdamlik» izhor etgan.

Litva Davlat chegarasini qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil boshidan buyon Belarus tomonidan Litva havo hududiga kirib kelayotgan, kontrabandachilar tomonidan sigaretlarni chegaradan olib o‘tish uchun qo‘llanadigan havo sharlari — «meteozondlar» bilan bog‘liq yuzlab holatlar qayd etilgan. Kuz oylarida meteozondlar Vilnyus va Kaunas xalqaro aeroportlariga bevosita yaqinlashadigan bo‘ldi, shu bois bu aeroportlarda bir necha bor parvozlarga cheklovlar joriy etildi.

Ushbu holatlar fonida Litva hokimiyati oktyabr oyi oxirida Belarus bilan chegarani vaqtincha yopib qo‘ydi. Shundan so‘ng Belarus Litva raqamiga ega yuk mashinalarining Yevropaga chiqib ketishini to‘xtatib qo‘ydi. Noyabr oyida chegara yana ochildi.

Belarusdan kontrabanda ortilgan havo sharlarining ommaviy uchib kelishi davom etayotgani munosabati bilan Litva favqulodda holat rejimi joriy etdi. Vilnyusdagi hukumat majlisida seshanba, 9 dekabr kuni ushbu qarorning amal qilish hududini butun mamlakatga kengaytirish haqida qaror qabul qilindi.

Mavzuga oid