Jahon | 09:12 / 12.12.2025
2397
5 daqiqa o‘qiladi

Mers: Ukrainaning imtiyozlar bo‘yicha takliflari Trampga yetkazildi

Germaniya kansleriga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Trampga Ukrainaning «hududiy imtiyozlari» haqidagi takliflar o‘tgan kuni u va boshqa yevropalik liderlar Tramp bilan telefon orqali suhbat o‘tkazganidan so‘ng taqdim etilgan.

Foto: REUTERS

Germaniya kansleri Fridrix Mers ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Donald Trampga Ukraina tomonidan «hududiy imtiyozlar» haqida tayyorlangan takliflar yetkazilgan. Uning aytishicha, bu ish o‘tgan kuni Mers va boshqa yevropalik yetakchilar Oq uy rahbari bilan telefon orqali suhbat o‘tkazganidan keyin amalga oshirilgan. Kansler bu haqda payshanba, 11 dekabr kuni Berlinda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan qo‘shma matbuot anjumanida gapirdi.

«Ko‘proq qismi shu savolga taalluqli: Ukraina qaysi hududiy imtiyozlarga borishga tayyor, — dedi Mers. — Lekin bu, eng avvalo, Ukraina prezidenti va ukrain xalqi javob berishi kerak bo‘lgan savol. To‘rt yillik azob-uqubatlar va qurbonlardan so‘ng xalqi qabul qilmaydigan tinchlikka ukrain prezidentinu majburlash — xato bo‘lar edi».

Fridrix Mersning so‘zlariga ko‘ra, unda Donald Tramp Ukrainada tinchlikka yevropaliklar bilan birgalikda erishmoqchi, degan taassurot hosil bo‘lgan. Shu bilan birga, kansler Tramp bilan suhbatni konstruktiv deb atadi, ammo «Yevropa o‘zini hech kim va hech narsa qismlarga bo‘lib tashlashiga yo‘l qo‘ymaydi», deb ta’kidladi.

U AQSh vakillari bilan keyingi muzokaralar yaqindagi dam olish kunlariga rejalashtirilganini, Ukraina bo‘yicha xalqaro uchrashuv esa «keyingi hafta boshida bo‘lib o‘tishi mumkinligini» qo‘shimcha qildi.

Mers ta’kidlashicha, Germaniya hukumati rahbari Tramp bilan telefon orqali suhbatni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan birgalikda o‘tkazgan. Shu muloqot chog‘ida Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yevropaliklar tomonidan ishlab chiqilgan yangi taklif taqdim etilgan.

Bundan oldin Tramp jurnalistlarga Ukraina bo‘yicha yevropalik ittifoqchilari bilan telefon orqali suhbat vaqtida og‘zaki tortishuv bo‘lganini aytgan edi.

«Biz Ukrainani ancha keskin so‘zlar bilan muhokama qildik, — degan edi u. — Menimcha, ayrim shaxslar masalasida kichik kelishmovchiliklar bo‘ldi. Va biz: “Uchrashishdan oldin, bu nimalarga olib kelishini kutaylik”, dedik». Tramp «keskin so‘zlar» deganda aniq nima nazarda tutganini ochiqlamagan.

Fridrix Mers AQSh 2026 yilda rejaga muvofiq Germaniya hududiga uzoq masofaga uchadigan qurollar joylashtirishni boshlashini kutmoqda.

«Hozircha menda NATO doirasida Qo‘shma Shtatlar bilan erishilgan kelishuvlardan shubhalanishga asos yo‘q, — dedi kansler Berlindagi matbuot anjumanida. — Xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha biz bir-birimizga bergan o‘zaro kafolatlarni bekor qilishga qaratilgan hech qanday bayonotlar yoki qadamlar yo‘q».

Shu tariqa Mers AQSh yangi xavfsizlik strategiyasi e’lon qilinganidan so‘ng, bu mamlakat hukumati Germaniyada Tomahawk qanotli raketalarini qayta joylashtirish bo‘yicha majburiyatlaridan chekinishidan qo‘rqmaydimi, degan savolga javob berdi.

O‘z navbatida NATO bosh kotibi Mark Ryutte Berlinda Vashington o‘z majburiyatlarini bajarishini tasdiqladi. Amaldagi kelishuvga ko‘ra, 2026 yildan boshlab AQSh Germaniya hududiga qaytadan o‘rta masofali raketalarni joylashtirishni rejalashtirgan. Ular orasida 2500 kmgacha masofaga uchadigan Tomahawk qanotli raketalari, SM-6 turidagi raketalar va yaqinda ishlab chiqilgan gipertovushli qurollar ham bor.

Donald Tramp hukumati buni rejaga muvofiq ado etish niyati bor-yo‘qligi haqida hozircha omma oldida fikr bildirmagan. AQShning o‘tgan hafta e’lon qilingan yangi xavfsizlik strategiyasida kelgusida yevropaliklar o‘z himoyasi uchun asosiy mas’uliyatni zimmasiga olishi kerakligi ta’kidlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid