Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Belarusdan yerosti tunneli orqali Polshaga 180 nafardan ortiq noqonuniy migrant kirib keldi
Polsha chegara xizmati xabar berishicha, Belarus hududidan yerosti tunneli orqali Polshaga 180 nafardan ortiq noqonuniy migrant o‘tgan. Bu - 2025 yilda polyak chegarachilari aniqlagan to‘rtinchi qazilma hisoblanadi.
Foto: Polsha chegara xizmati
Belarusdan Polshaga Podlyaskoye voyevodligidagi Narevka aholi punkti atrofida qazilgan va payshanba, 11 dekabr kuni aniqlangan yerosti tunneli orqali 180 nafardan ortiq noqonuniy migrant kirib kelganini Polsha chegara xizmati ma’lum qildi. Chegarachilar, harbiylar va politsiya xodimlari 130 nafardan ortiq noqonuniy migrantni ushlashga muvaffaq bo‘lgan, qolganlarini qidirish davom etmoqda.
Polsha chegara xizmati vakili, podpolkovnik Andjyey Yuzvyakning aytishicha, “uzunligi bir necha o‘n metr bo‘lgan, to‘siq va texnik yo‘l ostiga o‘tkazilgan tunnel”ning balandligi taxminan 1,5 metr bo‘lgan. Tunnelning o‘rmonda yashirilgan kirish qismi Belarus tomonidan chegaradan taxminan 50 metr masofada, chiqish qismi esa Polsha tomonidagi to‘siqdan taxminan 10 metr narida joylashgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qisqa vaqt ichida tunneldan 180 nafardan ortiq xorijlik foydalangani elektron nazorat tizimlari orqali aniqlangan. Ushlanganlarning katta qismi — Afg‘oniston va Pokiston fuqarolari. Shuningdek, Hindiston, Nepal va Bangladesh pasportiga ega shaxslar ham mamlakatga kirib kelgan.
Polsha hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida Podlyaskoye chegara boshqarmasi Belarus bilan chegara ostida qazilgan to‘rtta tunnelni aniqlagan. Bu safar mahalliy huquq-tartibot idoralari noqonuniy migrantlarning katta qismini ushlash bilan birga, ularni ehtimol G‘arbiy Yevropa davlatlariga olib ketishi kerak bo‘lgan ikki haydovchini ham qo‘lga olgan. Gap 69 yoshli polyak fuqarosi va 49 yoshli litvalik fuqaro haqida ketmoqda.
Polsha chegarachilari ma’lumotiga ko‘ra, har yili taxminan 30 ming kishi Belarus—Polsha chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga urinadi. Bu ko‘rsatkichlar 2021 yildan beri o‘zgarmay kelayotgani aytilmoqda — garchi bir necha metrlik po‘lat devorlar, dronlar va issiqlikni ko‘ruvchi kameralar o‘rnatilgan bo‘lsa ham.
Polsha bosh vaziri Donald Tusk hukumati hozirgi antimigratsiya siyosatiga amal qilishini bildirgan. Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen esa Polshaga tashqi chegaralarni himoya qilishda yordam to‘g‘risida va’da bergan. Xususan, u Rossiya va Belarus bilan chegaradosh YeI a’zo davlatlariga qo‘shimcha moliyalashtirish ajratilishini aytgan.
Mavzuga oid
15:31 / 11.12.2025
Polsha dron texnologiyalari evaziga Kiyevga MiG-29 samolyotlarini berish niyatida
13:53 / 11.12.2025
Polshadagi NATO havo himoyasi missiyasi Niderlandiyaga topshirildi
13:10 / 11.12.2025
YeI Lukashenko rejimiga qarshi yangi sanksiyalar joriy etmoqchi
13:03 / 08.12.2025