Jahon | 12:45 / 13.12.2025
1786
4 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu Misrga bormoqchi. Gaz bo‘yicha megakelishuv imzolanishi mumkin

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tez orada Misrga borishi kutilmoqda. Shunchaki emas, 35 milliard dollarlik shartnoma imzolash uchun. G‘azodagi urush kechagina tugab Netanyahu arab davlati bilan yirik kelishuv uchun borayotgani jiddiy voqea.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

15 yil deganda ilk marta

Isroil Misr bilan qo‘shni bo‘lsa-da, ikki yildan beri hech qanday diplomatik aloqa qilmayotgandi. G‘azoda urush boshlangach, Misr faqat asirlarni ozod qilish masalasida Isroil bilan muloqot qildi. Bu ikki davlat munosabatlarini sirli deb atash mumkin. Misr Isroilning Falastinga nisbatan harakatlari sabab u bilan sovuq munosabatda ekanini ko‘rsatishga intiladi, lekin baribir ikki davlatning umumiy to‘qnashadigan manfaatlari ko‘p.

Netanyahu Misrga 15 yil ichida ilk marta bormoqda. U Misrga Isroil lideri sifatida ikki marta borgan, u vaqtlar Misr prezidenti Husni Muborak edi. Netanyahu hozirgi Misr prezidenti Abdulfattoh as Sisi bilan neytral maydonlarda ko‘rishgan, lekin uning davrida Misrga borgani yo‘q.

OAV esa Netanyahuning 15 yil Misrga bormagani faqat qog‘ozda, maxfiy uchrashuvlar bo‘lgan deb yozadi. Bu uchrashuv tayyorlanishiga amerikalik yuqori martabali mulozimlar ham yordam berayotgan ekan. Netanyahu dekabr oxirida do‘sti Tramp bilan uning Floridadagi uyida ko‘rishadi. Balki o‘sha uchrashuvda ham bu masala muhokama qilinar.

35 milliard dollarlik kelishuv

Netanyahu qo‘shni Misrga katta diplomatik va iqtisodiy missiya bilan borishni rejalashtirmoqda. Tashrif davomida Isroil Misrga gaz yetkazib berishi bo‘yicha kelishuv imzolanishi mumkin. Bu uzoq yillik shartnoma ekani, uning qiymati 35 milliard dollar bo‘lishi aytilmoqda. Netanyahu tashrifdan siyosiy piar va odamlarni chalg‘ituvchi manyovr sifatida foydalanmoqchi ekan. Hozir Isroilda Netanyahudan norozilik kayfiyati yuqori, bosh vazir uni kechirishlarini so‘rab yuribdi. Bunday vaqtda «Mana, qo‘shnilar bilan savdo qilishni boshladik», deyishi ommani urushdan chalg‘ituvchi vosita bo‘lishi mumkin uning nazdida.

Isroilning AQShdagi elchisi Yyexiel Leyter Qohira sammitini tashkil etishga bosh-qosh bo‘layotgan ekan. O‘tgan oyda Isroil strategik ishlar vaziri Ron Dermer iste’foga chiqqanidan keyin aynan elchi Leyter bu ishlarga mas’ul etilibdi.

Lekin Isroil ichida bu megakelishuvga qarshilar ko‘p. Masalan, Isroil energetika vaziri Eli Koen bunday katta kelishuv Isroilning o‘zi uchun energetik inqiroz keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotirda. Vazir kelishuvga rozi bo‘lmasligini aytgan.

Ana shunaqa gaplar. Hali G‘azodagi urush sovimay turib Netanyahu arab davlatlari bilan biznes boshlashni o‘ylamoqda. HAMAS Isroilga hujum qilishidan avval Isroil aynan arablar bilan yaqinlashish ustida ishlayotgandi. Endi o‘sha bosqichga qaytish deyarli imkonsiz, lekin katta pul katta muvaffaqiyat olib kelishi mumkin. Isroilda gaz ko‘p, Misr ham gazni olisdan qidirib yurmaydi.

Netanyahu shuncha ish qilgandan keyin ham arab davlatiga borishi, u yerda tantanali kutib olinishi arab olamida qanday qarshilanishini ko‘rish qiziq bo‘ladi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid