O‘zbekiston | 17:59 / 14.12.2025
3490
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda bojxona xodimi, Namanganda kadastr bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi

Namangandagi tumanlardan birining kadastr bo‘limi boshlig‘i oziq-ovqat do‘koni bostirmasi uchun hujjat rasmiylashtirib berish evaziga uning egasidan 5 mln so‘m talab qilgan. U kelishilgan puldan 3 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi. Surxondaryo bojxona xodimi esa 20 ming dollarni deklaratsiyasiz “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali Tojikistonga o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan.

Foto: DXX

Hududlarda korrupsiya va firibgarlik holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi katta tezkor xodimi noqonuniy tarzda fuqarodan 400 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Ushbu tezkor vakil xizmat mavqeyidan foydalanib, Termiz tumanida yashovchi fuqaroning 20 ming dollarini deklaratsiya hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, tanishlari yordamida “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali Tojikistonga o‘tkazib berishni va’da qilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 25,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa viloyatdagi tumanlardan birining kadastr bo‘limi boshlig‘i qo‘lga olingan. U fuqaroga tegishli oziq-ovqat do‘konining tashqi tomoniga qurilgan bostirma uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 5 mln so‘m talab qilgan. Kelishilgan puldan 3 mln so‘m olganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Namangan bo‘linmasi Kosonsoy tumani yuriskonsulti mahalliy fuqarodan 2 ming dollari olganda qo‘lga olingan. U o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida fuqaro o‘zining yashash xonadonida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganligi holati aniqlangani bo‘yicha tuzilgan dalolatnomaga asosan chiqarilgan 28,6 mln so‘m jarimani elektron tizimga kiritmasdan bartaraf etishni va’da qilgan.

Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Avvalroq Toshkentda soliq inspektorlari 10 million so‘m pora olgan paytida ushlangandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid