Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Netanyahu: Avstraliya antisemitizmga qarshi kurashmayapti
Isroil bosh vaziri Netanyahuning aytishicha, u Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanezeni to‘rt oy oldin uning siyosati antisemitizmni rag‘batlantirayotgani haqida ogohlantirgan. Sidneyda yahudiylarga qilingan hujumdan so‘ng u Falastinni tan olish qarorini keskin tanqid qildi.
Foto: Mark Baker/AP Photo/picture alliance
Sidneyda yahudiy jamoasi a’zolariga qarshi o‘limga olib kelgan hujumdan keyin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Avstraliya hukumatini antisemitizmga qarshi yetarlicha kurashmayotganlikda aybladi. U yakshanba kuni, 14 dekabrda shunday dedi: “Avstraliya hukumatining siyosati Avstraliyada antisemitizmga xizmat qiladi va uni rag‘batlantiradi”. U bu haqda to‘rt oy avval Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanezega yo‘llagan maktubida ogohlantirganini bildirdi.
Isroil bosh vaziri Avstraliya boshqa davlatlar bilan birga Falastin davlatini tan olganini eslatib, bu bilan mazkur mamlakat bosh vaziri “antisemitik olovga moy sepayotgani”ni ta’kidladi. Netanyahuning aytishicha, bu qadam AQSh va Yevropa Ittifoqi hamda qator davlatlarda terrorchi deb tan olgan HAMAS guruhi jangchilarini rag‘batlantiradi. Shuningdek, bu qaror “avstraliyalik yahudiylarga tahdid qilayotgan va yahudiylarga nisbatan nafratni — hozir sizlarning ko‘chalaringizda tarqalayotgan nafratni qo‘llab-quvvatlayotganlarni” kuchaytiradi, deya qo‘shimcha qildi Netanyahu.
Isroil rahbari antisemitizmni saraton o‘smasiga qiyosladi. “Siz mamlakatingizda o‘sib borayotgan saraton hujayralarini tiyish uchun hech narsa qilmadingiz, biror chora ko‘rmadingiz, — deya Albanezeni aybladi u. — Siz kasallikning tarqalishiga yo‘l qo‘ydingiz va natijada bugun biz ko‘rgan yahudiylarga qarshi dahshatli hujumlar sodir bo‘ldi”.
Shu bilan birga, Netanyahu hujumchilardan birini qurolsizlantirgan tasodifiy yo‘lovchining harakatlarini olqishladi. Ma’lum bo‘lishicha, u “jasur musulmon” bo‘lgan, deya qo‘shimcha qildi u. Netanyahu Avstraliyani antisemitizmga qarshi qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi. Isroil buni G‘arbdagi har bir hukumatdan kutmoqda, “chunki bu kasallik tarqalyapti va sizlarga ham yuqishi mumkin”, dedi u.
Avvalroq Sidneydagi mashhur Bondi-bich plyajida Xanuka bayramini nishonlayotgan yahudiy jamoasi a’zolariga ikki shaxs hujum qilgani oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan, ular orasida ehtimoliy hujumchilardan biri ham bor. Ikkinchi shaxs yaralangan va og‘ir ahvolda — u qo‘lga olingan. Yana 40 kishi, ulardan ikki nafari politsiyachilar, yaralangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda, ehtimol, tasodifiy yo‘lovchi tomonidan tasvirga olingan video tarqalgan: unda erkak kishi hujumchilardan birini qurolsizlantirib, keyin qurolni unga qaratgani ko‘rinadi. Hujum yahudiy jamoasining “Dengiz bo‘yida Xanuka” tadbiri vaqtida sodir bo‘lgan, o‘sha paytda plyajda yuzlab odam, jumladan ko‘plab bolali oilalar to‘plangan edi.
Otushma “Xanukaning birinchi kunida Sidney yahudiy jamoasiga qarshi ataylab yo‘naltirilgan” bo‘lgan, dedi shtat bosh vaziri Kris Minns, bu hujumni terrorchilik akti deb atab.
Avstraliya Buyuk Britaniya va Kanada bilan birga sentabr oyi oxirida Falastin davlatini tan olgan. Avstraliya hukumati rahbari bu chorani “ikki davlat tamoyili asosida kelishuv jarayoniga yangi turtki berish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan xalqaro sa’y-harakatlarning bir qismi” deb atagan. “HAMAS Falastinda rol o‘ynamasligi kerak”, — degan Entoni Albaneze. Uning aytishicha, Falastin avtonomiyasi vakillari Avstraliyaga “Isroilning mavjud bo‘lish huquqini tan olishi”ni ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
11:29
Sidneyda o‘t ochganlardan birining qurolini olib qo‘ygan kishi qahramonga aylandi. Uni Tramp ham maqtadi
21:40 / 14.12.2025
Isroil razvedkasi Avstraliyani teraktlar sodir bo‘lishi haqida ogohlantirgan – OAV
15:10 / 14.12.2025
Sidneydagi plyajda odamlar o‘qqa tutildi. Qurbonlar bor
12:45 / 13.12.2025