Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Narkotiklar aylanmasiga mansabdorlar homiylik qilayotgan holatlar juda ko‘p - Ravshan Mamatov
Uchastkavoy xizmat uyida narkolaboratoriya tashkil qilgani kabi holatlar, ishoninglar, juda ko‘p, dedi Narkotiklarni nazorat qilish markazi direktori. Uning aytishicha, narkotiklar aylanmasiga mansabdorlar homiylik qilayotgan va bu bilan ularning farzandlari shug‘ullanayotgan ko‘plab holatlar qayd etilgan. Mamatov, shuningdek, musodara qilingan sintetik narkotiklar 5 yil ichida 80 baravarga oshganini aytdi.
Foto: Oliy Majlis Senati
O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Tegishli qonun loyihasi 17 dekabr kuni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi yuzasidan deputatlarga Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov ma’ruza qildi. Hujjat o‘tgan oydagi prezident farmoni asosida ishlab chiqilgan.
“Ko‘zyosh qiladigan masala”
Ravshan Mamatov nutqini hazil bilan boshladi, shu bilan birga, ma’ruzasi hazillashadigan mavzuda emasligini qo‘shimcha qildi.
“Bu ulug‘ dargohda ma’ruza qilish men uchun juda katta sharaf va mas’uliyat. Shu bilan birga, birinchi marta bo‘lgani uchun ozgina hayajondaman, afv etasizlar. O‘zimni imtihonga kelgan talabadek his qilyapman. Bitta umidim bor: oxirida “ikki” qo‘yib chiqarib yubormasalaring bo‘ldi.
Hurmatli spiker, nutq madaniyati bo‘yicha ustozlar doim aytishgan: ma’ruzangni hazildan boshlasang yaxshi bo‘ladi deb. Lekin afsuski, bugungi masala, sizlarning hukmlaringizga olib chiqilayotgan hujjat hazilni ko‘taradigan darajada emas. Hazil uyoqda tursin, ko‘zyosh qiladigan darajadagi masala”, – dedi u.
Rivojlangan davlatlar harbiy kuch ishlatishga majbur bo‘lmoqda
Milliy markaz direktori qonun loyihasining tafsilotlariga o‘tishdan oldin, AQSh, Yevropa va Braziliyadagi narkojinoyatlar bilan bog‘liq joriy vaziyatga e’tibor qaratdi.
“AQSh – dunyoning geosiyosiy, geoiqtisodiy va harbiy jihatdan dunyoning eng qudratli mamlakatlaridan biri – narkotiklarning noqonuniy muomalasidan aziyat chekayotgan eng katta davlat. Ko‘z oldilaringga keltiringlar: har yili AQShda 100 ming odam sintetik narkotiklardan zaharlanish (“peredoz”) bilan o‘ladi. Har yili. Keyingi yillarda koalitsiya tuzib, siyosatini kuchaytirishdi, bu yil 70 minggacha tushirishdi. 70 ming – bitta shaharchaning aholisi bir yilda o‘lib ketyapti.
Donald Tramp hukumatga kelganidan keyin narkoterrorizm degan iborani kiritdi. Kuni kecha, ko‘rgan bo‘lsalaringiz, yangi farmonga qo‘l qo‘ydi: fentanilni – AQShda eng keng tarqalgan sintetik narkotik – ommaviy qirg‘in quroli sifatida tan oldi. AQShga narkotik asosan Lotin Amerikasidan: Meksika, Venesueladan keladi, [Tramp] ularga qarshi harbiy amaliyotni yo‘lga qo‘ydi. Inson huquqlari bo‘yicha ko‘p gap-so‘zlar ko‘tarilyapti, shunga qaramay, harbiy kuchlar bilan motorli qayiqlarni ichidagi odami bilan yo‘qotib yuboryapti. Hech qanaqa sudsiz, tekshiruvsiz. Demak, tahdid shunaqa darajada. Amerika shunchalik aziyat chekayotgan bo‘lsa, qolgan kichkina mamlakatlarni ko‘z oldingizga keltiringlar.
Ikkinchi misolim – Belgiya. Bu ultra-liberal mamlakat hisoblanadi. Yevropaning poytaxti. Kecha Euronews'da ko‘rgan bo‘lsalaringiz, Belgiyaning narkotiklar bo‘yicha komissari intervyusida aytyapti: biz Bryussel shahriga (Yevropaning poytaxtiga!) harbiy kuchlarni kiritishga majbur bo‘lyapmiz, chunki narkotiklar bilan bog‘liq zo‘ravonlik bosib ketyapti. O‘ldirishlar, narkotik bilan bog‘liq uyushgan jinoiy guruhlar demokratik, liberal mamlakatni shunaqa ahvolga keltirib qo‘ydiki, harbiy kuchlarni qo‘llashga majbur bo‘lishyapti.
Uchinchi misol – BRIKS a’zosi, katta yigirmatalikka kiradigan Braziliya. Xabarlaringiz bor, bir oy ham bo‘lgani yo‘q, Rio-de-Janeyro shahrida narkokartellarga qarshi yana harbiylarini ishga soldi. Boshqa iloji yo‘qligidan”, – dedi mas’ul.
Sintetik narkotiklar musodarasi 5 yil ichida 80 baravarga oshdi
Ravshan Mamatov so‘zining davomida Markaziy Osiyo va O‘zbekistondagi narkovaziyatga to‘xtaldi.
“Endi, Markaziy Osiyoni tahlil qilganimizda ham, ahvol ancha og‘ir. Birinchi navbatda, albatta, geografik joylashuvimiz, qo‘shnilarimiz... Tranzit yo‘llaridan bittasi Markaziy Osiyodan o‘tishi... Har yili foizlarda emas, kerak bo‘lsa baravarlarda oshyapti.
O‘zbekistonga kelaylik. 5 yil ichida respublikamizda aniqlangan narkojinoyatlar soni 2 baravarga oshgan. Jinoiy ishlar doirasida musodara qilingan yoki noqonuniy muomaladan olib qolingan giyohvand vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar 67 foizga oshgan.
Eng achinarli raqam – sintetik narkotiklar bilan bog‘liq. An’anaviy narkotiklar – gashish, geroin, marixuana, opiy kabilar. Lekin hozir sintetik narkotik vositalari butun dunyoda bozorlarni shunaqangi egallab olyapti, jumladan O‘zbekistonda ham. 5 yil ichida O‘zbekistonda sintetik narkotiklar musodarasi 80 baravarga oshdi. Bu – qo‘lga olingani xolos. Asl holat qanaqaligini... faqat prognoz qilish mumkin xolos.
Hozir kuchishlatar tuzilmalarimiz yaxshi ishlayotgani uchun narkotik vositalarni kontrabanda qilishdan ko‘ra, prekursorlarini olib kelib, O‘zbekistonda ishlab chiqarish kuchayyapti. Ya’ni u kimyoviy modda – qonuniy tarzda olib keladi... Yaqinda sizlarga keyingi qonunimizni kiritamiz: shu prekursorlarni ham nazoratga olishga yordam bermasalaring, boshqa iloji yo‘q, bo‘lmasa pandemiya bo‘lamiz.
O‘tgan yili 5 ta narkolaboratoriya aniqlangan bo‘lsa, bu yilning o‘zida 13 ta bo‘ldi. Vahima qilyapti demanglar. Bir devor qo‘shnilarimiz bilan solishtirganda ahvol hali ayanchli emas. Masalan, Qozog‘istonda o‘tgan yilning o‘zida 70 ga yaqin narkolaboratoriya aniqlandi – ularda ahvol biznikidan ancha og‘ir”, – dedi u.
Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar
Qonun loyihasida narkojinoyatlarning yangicha usul va shakllari hamda uyushganlik darajasidan kelib chiqib, yangi javobgarlik normalari ko‘zda tutilgan.
“Uchta yangi normani kiritmoqchimiz. Jumladan, narkojinoiy uyushma tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash. Bu bandimiz bahslarga sabab bo‘ldi. O‘ylaymanki, hurmatli deputatlar, sizlar bilan buning oxiriga yetamiz.
Keyingi taklifimiz: narkotiklarning noqonuniy muomalasiga hokimiyat, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik yoki rahnamolik qilish yoki bunday jinoyatlar fosh bo‘lishining oldini olish maqsadida xabar berish. Sanksiyasida 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish taklif etilyapti.
Bitta narsani aytib o‘tay. Joriy yilning yanvar oyida qo‘shni Qozog‘istonda mansabdor shaxslarning [narkotiklar aylanmasiga] homiylik qilishi umrbod qamoq jazosiga tortadigan qonunni qabul qilishdi. Biz umrbodgacha olib bormayapmiz, hech bo‘lmasa 20 yilgacha ruxsat bersalaringiz... Chunki amaliyotda ko‘p uchrayapti. Xabarlaringiz bo‘lsa ham kerak, yaqinda uchastka inspektori o‘zining xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgani haqida xabarlar ketdi OAVda. Hozir tergov davom etyapti.
Bunday holatlar, ishoninglar, juda ko‘p. Mansabdorlar homiylik qilayotgan, yordam berayotgan, farzandlari shug‘ullanayotgani haqida xabarlarimiz ko‘p. Bu [modda]ni menimcha kiritmasak bo‘lmaydi.
Keyingisi: g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash. Afsuski, Jinoyat kodeksimizda narkolaboratoriya degan terminning o‘zi yo‘q ekan. Shunga yarasha, javobgarlik ham yo‘q. Buni kiritmasak bo‘lmaydi, menimcha”, – dedi Ravshan Mamatov.
Retsidivistlar uchun javobgarlik og‘irlashadi
Jinoyatlar qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida, o‘ta og‘ir turdagi ayrim narkojinoyatlar uchun jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish tartibini qo‘llamaslik taklif etilyapti.
“Tahlil qilganimizda, shu paytgacha o‘rtacha 7 yillik jazo olishgan bo‘lsa, 3-4 yilda chiqishayotgandi. Qaytib chiqib, yana narkojinoyat sodir etganlarning soni oxirgi 4 yilda 125 foizga, ya’ni ikki baravardan ko‘proqqa oshdi”, – deya izohladi milliy markaz rahbari.
Shuningdek, narkotiklarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p miqdorda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek ularni noqonuniy ravishda har qanday usulda o‘tkazish uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilyapti. Amalda – 5 yildan 20 yilgacha belgilangan.
Yoshlar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar
Qonun loyihasi bilan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar (pregabalin, tropikamid, sibutramin kabilar)ni ko‘p miqdorda kontrabanda qilganlik uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanyapti. Amaldagi kodeksda buning uchun 5 yildan 10 yilgacha jazo ko‘zda tutilgan.
Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni ta’lim tashkilotlarida, ozodlikdan mahrum qilish joylarida, internet tarmog‘idan foydalanib, xavfli yoki o‘ta xavfli retsidivist tomonidan muomalaga kiritilgan holatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanyapti. Amalda – 3 yildan 5 yilgacha.
Bundan tashqari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlari va ta’lim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilmoqda. Amaldagi jazo – 3 yildan 5 yilgacha.
“Talabalar o‘rtasida, hatto maktab o‘quvchilari o‘rtasida ham qo‘lga tushayotganlar soni yildan yilga oshyapti. Son jihatdan vahima qiladigan darajada emasdir, lekin o‘sish foizlari – tendensiya chatoq. Shuning uchun yoshlar bilan bog‘liq obektlarda qilinayotgan jinoyatlarga javobgarlikni kuchaytirishimiz lozim”, – dedi Ravshan Mamatov.
Ma’muriy kodeksga o‘zgarishlar
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun javobgarlik kiritish ham taklif etilmoqda. Sanksiyasi – 15 sutkagacha ma’muriy qamoq.
“Spirtli ichimlik ichganiga, mashinani to‘xtatganida “GAI”dagilar tekshirib, ma’muriy jazoga tortishga haqli. Lekin narkotiklarga nisbatan, afsuski, yo‘q. Rulda qo‘lga tushayotgan kashandalarimiz ham amaliyotda yetarli bo‘lyapti”, – dedi ma’ruzachi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda qabul qilingan prezident farmoni bilan, hozirda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etilmoqda.
Mavzuga oid
14:58
Navoiy IIBda 13 nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi
10:34 / 16.12.2025
Bekobodda mashinada odam urib o‘ldirib, jasadni kanalga oqizib yuborgan “oper”ga xotini yordamlashgani ma’lum bo‘ldi
19:09 / 11.12.2025
“Qamayman deb tazyiq o‘tkazgan” – Samarqandda IIB xodimi o‘smirning o‘limiga sababchi bo‘ldi
13:55 / 11.12.2025