Jahon | 09:13
826
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya AQSh bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi

AQSh bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Vengriya energetika tizimiga har yili 400 mln kubometr suyultirilgan tabiiy gaz (STG) kelib tushadi. Vengriya tashqi ishlar vaziri ikki davlat o‘rtasidagi «energetik hamkorlikda muhim marra» haqida bayonot berdi.

Foto: X / FM_Szijjarto

Vengriya AQSh bilan har yili 400 mln kubometr hajmda suyultirilgan tabiiy gaz (STG) xarid qilish bo‘yicha besh yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda seshanba, 16 dekabr kuni Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi va kelishuvni «AQSh—Vengriya energetik hamkorligida muhim marra» deb atadi.

«Bu, keyingi besh yil davomida Vengriyaga 2 mlrd kubometr STG kelib tushadi, degani», — deb yozdi Siyyarto ijtimoiy tarmoqlarda. «Biz energiya resurslarini imkon qadar ko‘proq sotuvchilardan, imkon qadar ko‘proq yo‘nalishlar orqali va shunga mos ravishda imkon qadar maqbul narxda sotib olishdan manfaatdormiz».

Hozirda Vengriya, «Interfaks» ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyadan yiliga taxminan 8 mlrd kubometr gaz xarid qiladi — «Turk oqimi» gaz quvuri orqali.

Noyabr oyida Budapesht AQSh Vengriyaga Rossiya nefti va gazini sotib olishga qo‘yilgan sanksiyalardan cheklanmagan muddatga ozod qilish (imtiyoz) berganini bildirgan edi.

Dekabr boshida Yevroittifoq Kengashi va Yevroparlament REPowerEU rejasi doirasida 2027 yilgacha Rossiya tabiiy gazini import qilishdan bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha reglamentga oid dastlabki kelishuvga erishdi. 2025 yil 17 iyuniga qadar tuzilgan qisqa muddatli shartnomalar uchun YeIga Rossiyadan gaz import qilish taqiqi 2026 yil aprelidan — STG bo‘yicha, 2026 yil iyunidan esa — quvur orqali keladigan gaz bo‘yicha kuchga kiradi.

Mavzuga oid