Jahon | 16:35 / 18.12.2025
2431
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi: 2025 yilda Ukrainadagi urushga 11 trln rubl sarflanadi

Rossiya Mudofaa vazirligi ilk bor Ukrainadagi urush xarajatlari bilan bevosita bog‘liq sarf-xarajatlar miqdorini oshkor qildi. Bu yil u YaIMning 5,1 foiziga yetgan.

Foto: AP

Rossiya davlat budjeti hisobidan Ukrainaga qarshi urush olib borish bilan bevosita bog‘liq xarajatlar 2025 yilda YaIMning 5,1 foizini tashkil etadi. Bu haqda mustaqil jurnalist Farida Rustamova yuritadigan Faridaily Telegram-kanali RF mudofaa vaziri Andrey Belousov vazirlik kollegiyasidagi taqdimot chog‘ida oshkor qilingan ma’lumotlarga tayanib xabar qildi.

Shu ma’lumotlarga ko‘ra, RF Iqtisodiy rivojlanish vazirligi 2025 yilda mamlakat YaIM 217,3 trln rublga yetishini taxmin qilmoqda. Shu asosda, Faridaily yozishicha, Rossiyaning urushga ketadigan xarajatlarini 11,1 trln rubl deb baholash mumkin. Kanal ta’kidlashicha, Mudofaa vazirligi Kremlning Ukrainadagi urushga ketadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri sarf-xarajatlari miqdorini birinchi marta oshkor etgan.

Avvalroq faqat federal budjetdagi “Milliy mudofaa” bandi bo‘yicha umumiy xarajatlar ma’lum edi. 2025 yilda ular 13,5 trln rublni tashkil etdi va, jumladan, yangi qurol-yarog‘ ishlab chiqish, qurilish va boshqa yo‘nalishlarga sarflarni ham o‘z ichiga oladi. Faridaily qayd etishicha, bu summaning taxminan 82 foizi bevosita Ukraina bilan urushga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, 2025 yilda budjetning “Ijtimoiy siyosat” bandi bo‘yicha xarajatlari 6,88 trln rublni tashkil etgan.

2022 yilda Ukrainaga to‘liq ko‘lamli bostirib kirish boshlanganidan beri urush Rossiya soliq to‘lovchilariga jami 42,343 trln rubl yoki 542 mlrd dollarga tushgan, deb hisoblab chiqqan Berlindagi Fan va siyosat jamg‘armasi (SWP) ilmiy xodimi Yanis Kluge. Klugening hisob-kitoblariga ko‘ra (ular mudofaa vaziri taqdim etgan ma’lumotlardan farq qiladi), RF federal budjeti bo‘yicha harbiy bandlarga ketgan xarajatlar 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida rekord ko‘rsatkichga — 11,854 trln rublga yetgan. Nemis tadqiqotchisi fikricha, shu davrda Rossiyaning harbiy xarajatlari oyiga 1,32 trln rubl, ya’ni sutkasiga 43,4 mlrd rubl, yoki soatiga 1,9 mlrd rubl bo‘lgan.

Avvalroq Reuters agentligi manbalari hatto muvaffaqiyatli tinchlik kelishuvlari tuzilgan taqdirda ham Rossiya qurollanishga ketadigan xarajatlarni qisqartirishni rejalashtirmayotganini bildirgan edi. “Snaryadlar va uchuvchisiz apparatlarni baribir ishlab chiqarish kerak bo‘ladi, garchi biroz kamroq miqyosda bo‘lsa-da. Qarshilik saqlanib qoladi, armiya ham, qurollanish xarajatlari ham kattaroq bo‘ladi, chunki G‘arb ham ularni oshiryapti”, — dedi Reuters’ga manbalardan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy xarajatlarni kamaytirish 2027 yildan oldin ehtimoldan yiroq, ammo “2022 yilgacha bo‘lgan darajalarga” qaytishi ham qiyin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid