Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning yetakchi universitetlari rahbarlari bilan uchrashdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida Yaponiya ta’lim vaziri, Fanni ilgari surish jamiyati prezidenti hamda bir qator nufuzli universitetlar rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida oliy ta’limda hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo bitim va bir qator memorandumlar imzolandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri Matsumoto Yoxey, Yaponiya fanni ilgari surish jamiyati prezidenti Sugino Tsuyosi, shuningdek, Yaponiyaning Tsukuba, Nagoya, Tottori universitetlari, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti, Nagoya iqtisodiyot universiteti kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Davlat rahbari Yaponiyaning “iqtisodiy mo‘jizasi” asosida ta’lim, fan va inson kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiyalar turganini qayd etib, mazkur yo‘nalish O‘zbekiston–Yaponiya hamkorligining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Yaponiyaning fanga sarflanadigan xarajatlar va ilmiy patentlar bo‘yicha yetakchilar qatorida ekani, shuningdek, fizika, kimyo va tibbiyot sohalarida Nobel mukofoti sovrindorlari yetishib chiqqanini alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda Yaponiya maktab ta’limi modeli tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha kuchli baza, ta’lim sifati, mehnatsevarlik, jamoada ishlash va intizom madaniyati bilan ajralib turishi qayd etildi. Shu bilan birga, ta’lim va fanning sanoat hamda biznes bilan yaqin bog‘langani yapon ta’lim tizimining muhim ustunliklaridan ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda 2,8 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba Yaponiyaning yetakchi ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. JDS stipendiya dasturi doirasida esa 440 dan ziyod davlat xizmatchilari Yaponiyada o‘qitilgan.
Tomonlar ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotganini ta’kidladi. Xususan, Rektorlar forumi o‘zaro muloqot uchun samarali maydonga aylangani, oktabr oyida Samarqandda ikki mamlakatning qariyb 50 ta universiteti rahbarlari ishtirokida beshinchi forum muvaffaqiyatli o‘tgani qayd etildi.
Prezident O‘zbekistonda ta’lim va fanni rivojlantirish mamlakatni jadal modernizatsiya qilish, raqobatbardoshlik va global intellektual-texnologik makonga integratsiyalashuvning asosiy omillaridan ekanini ta’kidlab, so‘nggi 7–8 yilda katta ishlar qilingani, biroq hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham ko‘pligini bildirdi.
Uchrashuvda qo‘shma hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, qishloq va suv xo‘jaligi, “yashil” energiya va barqaror rivojlanish, seysmologiya, “aqlli shahar” texnologiyalari kabi sohalar ko‘rsatildi. Mazkur yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazilgani va yangi kelishuvlarga erishilgani aytildi.
Hamkorlikni yanada tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida ta’lim va fan bo‘yicha qo‘shma komissiya tuzish, innovatsiyalar bo‘yicha konsorsium tashkil etish, flagman loyihalarni, jumladan o‘quv jarayoniga sun’iy intellektni joriy etish tashabbuslarini amalga oshirish, muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturini ishga tushirish takliflari ilgari surildi.
Tadbir doirasida oliy ta’lim sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim, Tsukuba universiteti bilan birgalikda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, ilmiy hamkorlik va kadrlar tayyorlashga doir qator hujjatlar imzolandi.
Erishilgan kelishuvlarni tizimli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
14:25
O‘zbekistonga kelgan yaponiyaliklar soni 30 mingga yaqinlashdi
12:19
Shavkat Mirziyoyev Nara shahri merini qabul qildi
10:06
“Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti doirasida ko‘p tomonlama biznes forumi o‘tkazildi
08:35