Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘z pozitsiyasi uchun «otuvga tayyorligi»ni aytgan. NYT Kremlning urushga qarshi bo‘lgan mulozimi haqida
G‘arb matbuotida bir necha yildan buyon Dmitriy Kozak – Putinning atrofidagi asosiy «liberal» ekani va u Kremlda urushga qarshi yagona mulozim ekani haqida maqolalar e’lon qilinmoqda. U haqda senzura ostidagi RBK ham yozib chiqdi – u prezident administratsiyasidan ketishdan oldin mamlakatda liberal islohotlar o‘tkazishni taklif qilgan.
Mixail Tereshchenko / TASS / Profimedia
2025 yil avgustida The New York Times gazetasida Vladimir Putinning eng yaqin safdoshlaridan biri bo‘lgan va Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan Dmitriy Kozakka bag‘ishlangan maqola chiqqandi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini yuzasidan biror marta oshkora bayonot bermagan Kozak ushbu maqolada Kremlda «urushga qat’iyan qarshi bo‘lgan yagona odam» sifatida ta’riflangan. Sentyabr oyida Kozak iste’foga chiqdi, uch oy o‘tib NYT yana bir material e’lon qildi. Unda nashr o‘z manbalariga tayanib, Kozak urushning ilk kunlaridayoq Putinning Ukrainani kapitulyatsiyaga majburlash haqidagi talabini bajarishdan bosh tortgani va «otuvga yoki hisbga tayyorligi»ni aytganini yozgan. Bir hafta o‘tib esa Rossiyadagi nashrda ham Kozak haqidagi maqola paydo bo‘ldi. 24 dekabr kuni RBK Kozak Kremlda ekanida taklif qilgan liberal islohotlar rejasini e’lon qildi. Bu materiallarning barchasi faqat manbalarga asoslangan. Bunga hech qanday dalillar yo‘q. «Meduza» 20 yildan ortiq vaqt davomida Putin bilan birga ishlagan Kozak haqida g‘arbdagi va Rossiya nashrlari nimalar yozayotganini jamladi.
Kozak kim o‘zi?
Dmitriy Kozak – Vladimir Putinning eng qadrdon va yaqin safdoshlaridan biridir. Ularning hamkorligi 1990-yillar boshida, Peterburg meriyasida boshlangan, Putin 1999 yilda bosh vazirga aylanganida, u Kozakni o‘z administratsiyasi rahbari etib tayinlagan. Keyinroq bir necha bor Kozakning lavozimi o‘zgargan, ammo u Rossiya prezidentining yaqin davrasida qolgan va muhim loyihalar bilan shug‘ullangan, jumladan, 2014 yil Sochida o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish ishlariga rahbarlik qilgan.
2022 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasida katta urush boshlanguniga qadar Kozak Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi hududlaridagi (Donbass) masalalarga mas’ul bo‘lgan nazorat qilgan – jumladan, chegarada Rossiya qo‘shinlari to‘planishi fonida Ukraina vakillari bilan muzokaralar olib borgan. 2022 yil 21 fevralda Kremlda Xavfsizlik kengashining «DXR» va «LXR»ni tan olish bo‘yicha yig‘ilishida Putin Kozakdan «Minsk kelishuvlari bo‘yicha muzokaralar jarayoni qanday ketayotgani» haqida gapirib berishni so‘raydi, biroq Kozak «DXR» va «LXR»ni anneksiya qilish qanchalik to‘g‘ri bo‘lishini savol ostiga qo‘yganida, prezident uning gapini bo‘lib qo‘yadi. Oradan uch kun o‘tib, Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaydi.
Shundan keyingi qariyb to‘rt yil mobaynida Kozak prezident administratsiyasida ishlashda davom etdi va biror joyda Ukraina bilan urush haqidagi fikrini ochiq bayon etmadi.
G‘arbdagilar Kozak haqida nimalar yozishmoqda?
Kozakning Ukrainada tinchlik o‘rnatilishiga intilishlari haqidagi ilk materiallardan biri Reuters nashrida 2022 yil oktyabrida chiqqan maqola bo‘lgandi. Unda katta urushning boshida, bosqinning ilk kunlarida Kozak qanday qilib Putinni sulh tuzishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgani keltirilgan. Agentlik manbalari so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya prezidentiga Kiyev bilan harbiy harakatlarni butunlay yakunlashga olib kelishi mumkin bo‘lgan kelishuv tuzganini aytgan, ammo Putin bu taklifni rad etgan va urushni davom ettirishga qaror qilgan.
Kozak nomining g‘arb matbuotida keyingi paydo bo‘lishi faqat uch yil o‘tib – 2025 yil avgustida ro‘y berdi, o‘shanda The New York Times nashrida Kozak Putinning atrofidagilar orasida urushga qarshiligini ochiq bildirgan yagona yuqori martabali mulozim ekani aytilgan katta material chiqqandi. Jurnalistlar bir necha manbalarga tayanib xabar berishicha, Kozak 2025 yilda yana bir bor Putinga Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlash taklifini beradi, shuningdek, Rossiyada ichki islohotlar o‘tkazish, jumladan, mustaqil sud tizimini tashkil etishni o‘z ichiga oluvchi rejani ilgari suradi.
The New York Times suhbatdoshlari ma’lumotlariga ko‘ra, Kozakning muzokaralarni boshlash haqidagi taklifi o‘tmagan bo‘lsa-da, u «Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanish imkoniyatini saqlab qolgan» – gazeta manbalari buni «prezidentning uzoq yillik hamkasblariga shaxsiy sadoqati» bilan izohlagan. Maqolada Kozakning o‘zidan olingan izohlar yo‘q edi. U bu material yuzasidan ham oshkora hech narsa demadi – bir oydan so‘ng esa u prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimidan iste’foga chiqdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kozak o‘z xohishiga ko‘ra ketishga qaror qilgan. 18 sentabr kuni Putin o‘z ma’muriyati rahbari o‘rinbosarini iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Oradan uch oy o‘tib, 18 dekabr kuni The New York Times gazetasi Kozak haqida yana bir material e’lon qildi. Unda uchta manba prezident administratsiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Putinning Ukrainadan taslim bo‘lishni talab qilish haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunishdan qanday bosh tortganini aytib bergan. NYT suhbatdoshlariga ko‘ra, 2022 yil 25 fevral kuni kechqurun Kozak yopiq aloqa liniyasi orqali Putinga Ukrainadagi vaziyat haqida hisobot bergan. Bu suhbat chog‘ida Rossiya prezidenti Kozakni hududlarning kimga tegishliligi masalasini muhokama qilishda vakolat doirasidan chetga chiqqani uchun tanqid qilgan va Kiyevga Rossiya faqat Ukraina to‘liq taslim bo‘lgan taqdirdagina muzokaralar olib borishini yetkazishni buyurgan. Kozak bosqinning asl maqsadlaridan bexabar holda muzokara olib bora olmasligini aytadi, ovozlar balandlashganida esa, buyruqni bajarishdan bosh tortgani uchun «otuvga yoki hibsga tayyorligi»ni aytadi.
Xuddi shu materialda Rossiyada investitsiya muhitini yaxshilash loyihasining bir qismi bo‘lgan islohotlar yana bir bor tilga olingan (Ukraina bilan muzokaralarni boshlash taklifi ham). Biroq, gazeta hech qanday tafsilotlarni keltirmagan, faqat Kozakning rejalari yozilgan xatni (zapiska) ko‘rgan bir necha ishonchli shaxslar uning mazmunidan «hayratda qolgani»ni ta’kidlagan, chunki unda urushni to‘xtatish, Ukraina bilan muzokaralar olib borish va liberal ichki islohotlar o‘tkazish taklif qilingan edi.
RBK Kozak haqida nimalar yozdi?
Kozakning liberallashtirish rejalari haqida ko‘p o‘tmay RBK hikoya qildi. 24 dekabr kuni nashr etilgan, ikki manba va hujjatga havola qilingan materialda Kozak iqtisodiy, sud va huquqni muhofaza qilish organlarida islohotlar o‘tkazish, shuningdek, zo‘ravonlik ishlatilmagan jinoyatlar hamda ehtiyotsizlik yoki zaruriy mudofaa chegarasidan chiqib ketish oqibatida sodir etilgangan jinoyatlar uchun qamalgan barcha mahkumlarni afv etishni taklif qilgani yozilgan.
RBK ma’lumotlariga ko‘ra, «Kozak rejasi»da Rossiya «bir qator global va ichki chaqiriqlar» qarshisida turgani, mamlakat rivojlanishining «sezilarli darajada yangilangan va jozibador» demokratik modeli bu chaqiriqlarga javob bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Kozak taklif qilgan islohotlar sud tizimining mustaqilligini oshirish (sudyalar ishiga aralashganlik uchun jiddiy javobgarlik bilan), maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qilish organlari ishini «siyosatdan xoli qilish» («depolitizatsiya») va iqtisodiy jinoyatlarni keng miqyosda dekriminallashtirishni nazarda tutadi.
Kremldagilar bunday islohotlar haqida bexabarligini ma’lum qilgan. «Bunday ma’lumotga ega emasman», – dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov RBK so‘roviga javoban.
Mustaqil nashrlar manbalari nima deydi?
«Meduza» manbalari 2022 yil aprel oyidayoq Donbassni nazorat qilish bo‘yicha funksiyalar Ukraina urushidagi muvaffaqiyatsizliklar tufayli Putinning qahriga yo‘liqqan Kozakdan Kremlning ichki siyosiy bloki rahbari Sergey Kiriyenkoga o‘tkazilganini xabar qilgandi. Ammo shundan keyin ham Kozak ancha vaqtgacha prezident administratsiyasida ishlashda davom etdi. 2024 yilda yana ikki region kuratorligi Kiriyenkoga o‘tdi, bular – Kozak «eplay olmayapti» deb topilgan Abxaziya va Janubiy Osetiya edi. Shundan keyin, «Meduza» suhbatdoshlari aytganidek, Kozak «so‘nggi moliyaviy dastaklarni yo‘qotib, „qo‘g‘irchoq general“ga aylandi». Shu bilan birga, ular Kozakning hozirgi siyosatga «umumiy noroziligi» borligini qayd etadi. «Katta ehtimol bilan, Kozak hokimiyatning hamma Putinga faqat u xohlagan gapni aytayotgan bunday konfiguratsiyasida unga o‘rin yo‘qligini tushunib yetgan», – deydi nashrning Kremlga yaqin suhbatdoshi.
Faridaily telegram-kanali manbalariga ko‘ra, o‘z iste’fosidan so‘ng Kozak tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil lavozimini egallashni xohlagan. U Putinga biznes-ombudsman institutini isloh qilishni va bu lavozimga «90-yillardan beri eng keng ko‘lamli mulkni qayta taqsimlash va nomaqbul ishbilarmonlarga qarshi repressiyalar sharoitida» biznesni samaraliroq himoya qilish uchun vakolatlar qo‘shishni taklif qilgan. Biroq prezident bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamagan.
The Bell manbalari aytishicha, RBK nashri yozgan «islohotlar loyihasi» aslida Kozakning biznes-ombudsman lavozimi uchun tayyorlagan dasturi edi. Nashr suhbatdoshi OAVda Kozak haqidagi chiqishlarni uning «o‘z obro‘si haqida qayg‘urishi va tarixda urushga qarshi odam sifatida qolishni xohlayotgani» bilan bog‘laydi.
Noyabr oyi oxirida «Agenstvo» nashri Kozak bilan tanish bo‘lgan manbalarning so‘zlariga asoslanib, u iste’foga chiqishdan oldin Putinga shaxsiy maktub yozgani, unda Ukraina bilan urush haqida tanqidiy fikrlar bildirgani haqida yozdi. Nashr suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Kozak Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqida «juda keskin iboralar ishlatgan» – ammo iqtibos keltirmagan.
Yozuvchi va jurnalist Mixail Zigar «NYT’da tasvirlangan qahramonlik hikoyalarini o‘z manbalaridan eshitmagani» haqida aytadi. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab suhbatdoshlari Kozakni «Putin oldida o‘zini erkin tuta oladigan» «dadil va mustaqil» odam deb atashgan va buning isboti sifatida Kozak o‘z sog‘ligi haqida qattiq qayg‘uradigan prezident oldida «chekishga jazm qilishi»ni aytishgan. Shu bilan birga, Zigar sigaret chekish va o‘zini otib tashlash yoki hibsga olishni taklif qilish o‘rtasida «ma’lum bir masofa borligi» va bu «Rossiya apparati an’analariga xos emasligi»ni qayd etgan.
Siyosatshunos Kirill Rogov esa Kozak «ko‘rsatishi kerak bo‘lganida», «o‘zining urushga qarshi pozitsiyasini hech qachon oshkora ko‘rsatmagani»ni qayd etgan. «Hamma aytadi: halol, ziyoli, yaxshilik va to‘g‘rilikni xohlagan. 2022 yil bahorigacha Putin bilan birga bo‘lgan. Ya’ni shunchaki – g‘irt ahmoqmi? Biz 2022 yil bahorigacha bo‘lgan Putin haqida ham ko‘p narsani bilamiz. 2022 yil bahorigacha Putin bilan birga bo‘lishni istagan halol, ziyoli. Menga ertak to‘qimang. Uchinchi reyxning knyaz Mishkini, aga», – deb yozadi Rogov.
Kozak haqida hozir nimalar ma’lum?
«Agenstvo» manbalariga ko‘ra, iste’foga chiqqanidan keyin Kozak tez-tez xorijga chiqadi – jumladan, Isroilga borib da’volanib keladi. Ammo, deya qayd etadi nashr suhbatdoshlari, Kozak har safar «yaqin vaqtlar ichida» Putin bilan ko‘rishishni mo‘ljallagan holda Rossiyaga qaytadi.
The New York Times manbalari aytishicha, Kozak iste’fodan keyin «ishini yo‘qotmagan» va hatto prezident administratsiyasidagi kabinetini ham saqlab qolgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Kozak bir necha marta da’volanish uchun Isroilda, shuningdek Turkiya va BAAda bo‘lgani ham «u Putinning ishonchida qolayotganidan darak beradi» – davlat rahbari urush davrida mulozimlarning xorijga chiqishini jiddiy cheklab qo‘ygandi.
Mavzuga oid
16:37
Rossiya uchun diversiya tayyorlaganlikda ayblanayotgan ukrainalik Germaniyaga topshirildi
15:32
Ukraina dronlari Tula viloyatidagi zavodga hujum qildi
11:48
RFning Zaporijjyaga zarbalari: turar joylar shikastlandi, yaralanganlar bor
10:55