Jahon | 15:54
1347
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml Vinate ishi bo‘yicha Parijga “taklif” qilinganini bildirdi

Kremlda Rossiyada hibsda saqlanayotgan fransuz Loran Vinate ishi yuzasidan Fransiyaga “taklif” qilingani aytildi. Bu Moskva va Parij oliy darajadagi muzokaralarga qiziqish bildirgani haqidagi bayonotlar fonida yangradi.

Foto: TASS

Rossiyada josuslikda ayblanayotgan, hozirda hibsda saqlanayotgan fransuz fuqarosi Loran Vinate ishida muayyan siljish kuzatilmoqda. “Haqiqatdan ham, Vinate masalasi bo‘yicha fransuzlarga taklif qilindi. Hozir to‘p Fransiya tomonida”, — dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 25 dekabr, payshanba kuni Moskvada.

Bu bayonot Parij ham, Moskva ham Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘rtasida oliy darajada muzokara o‘tkazishga qiziqish bildirganidan ko‘p o‘tmay yangradi.

Nodavlat tashkilot xodimi bo‘lgan Vinate 2024 yil iyun oyida Rossiyada qo‘lga olingan. Oktyabrda esa u koloniyada 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Sud uni Rossiya harbiylari haqida ma’lumot to‘plagani, biroq oldindan “chet el agenti” sifatida ro‘yxatdan o‘tmagani uchun aybdor deb topgan.

Ayni paytda Rossiya hokimiyati Vinatega nisbatan qo‘shimcha ayblovlar ham qo‘ymoqda. Ushbu ayblovlar bo‘yicha unga 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid qilishi mumkin.

Rossiya fuqarosiga uylangan Vinate sud jarayonida “chet el agenti” sifatida ro‘yxatdan o‘tish zarurligini bilmaganini aytgan. 49 yoshli Vinate Shveytsariyadagi “Gumanitar muloqot markazi” (Centre for Humanitarian Dialogue, HD) nomli nodavlat tashkilotda ishlaydi. Bu tashkilot mojarolarda vositachilik qilishga ixtisoslashgan bo‘lib, Rossiya va sobiq SSSR respublikalari bo‘yicha ekspert sifatida tanilgan.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi 25 dekabr, payshanba kuni Kreml bayonotiga izoh berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, Vinatening oilasi — uning advokati Frederik Belo so‘zlariga ko‘ra, “ehtiyotkor optimizm” kayfiyatida va yil oxirigacha ozodlikka chiqishiga umid qilmoqda, deb xabar berdi AFP agentligi. “Biz fransuz diplomatiyasiga to‘liq ishonamiz — u imkoni boricha hammasini qilyapti”, — dedi advokat.

Belo, shuningdek, agar Putin va Makron o‘rtasida ehtimoliy muzokaralar bo‘lsa, Vinate ishi ham ko‘tarilishiga umid bildirgan.

So‘nggi yillarda Rossiyada bir qator xorijiy fuqarolar qo‘lga olingan. G‘arb davlatlari Moskva ularni G‘arbda hibsda bo‘lgan rossiyaliklarga almashish uchun “garov” sifatida ishlatayotganlikda ayblaydi.

Mavzuga oid