Jahon | 14:03
438
3 daqiqa o‘qiladi

RFda 2025 yilda 95 ta tashkilot “nomaqbul” deb e’lon qilindi

RFda “nomaqbul” deb topilgan yangi tashkilotlar soni reyestr mavjud bo‘lgan butun davr ichida eng yuqori darajaga yetdi. “Qora ro‘yxat” siyosiy, madaniy hamda ma’rifat (ta’lim-tarbiya) faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalar bilan to‘ldirildi.

Foto: Konstantin Kokoshkin

2025 yil davomida RF Adliya vazirligi “nomaqbul” tashkilotlar reyestriga 95 ta tashkilotni kiritdi. Bu — reyestr 2015 yilda tashkil etilganidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich, deb xabar berdi “Verstka” nashri 25 dekabr, payshanba kuni.

Taqqoslash uchun: Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlangan birinchi yilda ro‘yxatga 22 ta tashkilot kiritilgan. 2023 yilda ular soni 50 tagacha, 2024 yilda esa 65 tagacha oshgan. Dublikat yuridik shaxslar va filiallarni hisobga olmagan holda, reyestrdagi tashkilotlarning umumiy soni endi 281 taga yetgan.

Eng katta guruh — siyosiy faoliyat va demokratik institutlarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalar: bunday tashkilotlar 77 ta. Yana 60 tasi madaniyat va ma’rifat (ta’lim-ma’rifat) sohasida ishlaydi, 46 tasi humanitar va huquq himoyasi yordami bilan shug‘ullanadi.

32 ta tashkilot faoliyati OAV bilan bog‘liq — bunda nafaqat ommaviy axborot vositalarining o‘zi, balki ularni qo‘llab-quvvatlaydigan loyihalar ham nazarda tutilgan. Diniy harakatlarga 22 ta tashkilot, urushga qarshi toifaga 17 ta tashkilot kiritilgan. 10 ta tashkilot ukrainlar manfaatlarini himoya qiladi, 7 tasi ekologiya sohasida ishlaydi. 4 tadan tuzilma kasbiy birlashmalar va IT sohasidagi kompaniyalar sifatida ko‘rsatilgan. Yana 2 ta tashkilot korrupsiyaga qarshi kurash bilan shug‘ullanadi.

Rossiyada “nomaqbul” deb topilgan eng so‘nggi tashkilotlar qatoriga Germaniyaning jamoat-huquqiy mediakompaniyasi Deutsche Welle hamda 100 dan ortiq fuqarolik jamiyati tashkilotlarini birlashtiradigan xalqaro notijorat B4Ukraine assotsiatsiyasi ham kirgan. U neft va gazning Rossiyadan eksportini monitoring qilish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga erishish maqsadida faoliyat yuritadi.

“Nomaqbul tashkilot” maqomini berish haqidagi qarorni RF Bosh prokuraturasi qabul qiladi. Reyestrni yuritish bilan Adliya vazirligi shug‘ullanadi. Ro‘yxatga Bosh prokuratura bahosiga ko‘ra, Rossiyaning konstitutsion tuzumi asoslari, mudofaa qobiliyati va xavfsizligiga tahdid soladigan xorijiy va xalqaro nodavlat tashkilotlar kiritiladi.

2024 yilda RF prezidenti Vladimir Putin qonunni imzolagan edi: unga ko‘ra, agar qandaydir xorijiy yoki xalqaro tashkilotning muassisi yoki ishtirokchisi boshqa davlatning davlat organlari bo‘lsa, u tashkilotni “nomaqbul” deb topish mumkin.

“Nomaqbul tashkilot” maqomining berilishi Rossiyada uning faoliyati taqiqlanishini anglatadi. Bunday tuzilmalar bilan hamkorlik qilish va ular materiallarini tarqatish ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka olib keladi. Ishtirok etganlik uchun 500 ming rublgacha jarima yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Faoliyatni tashkil etganlik uchun esa 6 yilgacha ozodlikdan mahrum etish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid