Jahon | 09:08
1545
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina futbol assotsiatsiyasi sobiq rahbari qidiruvga berildi

Ukraina IIV Ukraina futbol assotsiatsiyasi (UFA)ning sobiq prezidenti Andrey Pavelkoni mablag‘larni talon-toroj qilganlikda gumon qilinib qidiruvga berdi. Bu haqdagi ma’lumot idoraning rasmiy saytida joylashtirilgan.

Foto: AP

Ukraina futbol assotsiatsiyasi (UFA)ning sobiq rahbari Andrey Pavelko mamlakatdan chiqib ketganidan keyin rasman qidiruvga berildi. Kiyevdagi Ichki ishlar vazirligi uni 25 dekabr, payshanba kuni kechqurun tergovdan qochib yurgan shaxslar ro‘yxatiga kiritgan.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, Pavelko “yo‘qolgan sana” sifatida 2025 yil 5 noyabr ko‘rsatilgan. Unga Ukraina Jinoyat kodeksining 191-moddasi 5-qismi (vakolatlarni suiiste’mol qilgan holda mulkni o‘zlashtirish yoki isrof qilish), shuningdek 366-modda 1-qismi (xizmat hujjatlarini soxtalashtirish) bo‘yicha ayblov qo‘yilmoqda.

Pavelko 2015 yil mart oyidan 2024 yil yanvar oyigacha — avval Ukraina futbol federatsiyasi, keyin esa u qayta nomlangach Ukraina futbol assotsiatsiyasiga rahbarlik qilgan.

Ukrainada urush boshlanganidan keyin, 2022 yil noyabridan beri u futbol maydonlari uchun sun’iy qoplama ishlab chiqaradigan zavod qurilishi doirasida mablag‘lar talon-toroj qilingani haqidagi jinoyat ishida figurant sifatida o‘tib kelmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, UFA mansabdor shaxslari uskunalar xaridi jarayonida 26,5 million grivna (taxminan 600 ming yevro) mablag‘ni o‘zlashtirgan. Ayblovlar futbol assotsiatsiyasining sobiq bosh kotibi Yuriy Zapisotskiyga ham qo‘yilgan.

Pavelko 2023 yil iyun oyidan 2024 yil fevral oyigacha qamoqda saqlangan, ammo tergov izolyatoridan chiqqach, Ukraina hududini tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Uning qanday chiqib ketgani va hozir qayerda ekani haqida tafsilotlar keltirilmagan.

Mavzuga oid