Yakunlangan yil AQSh Eronni bombaladi, Tel-Aviv va Tehron so‘nggi 50 yildagi eng jiddiy urushni o‘tkazdi. Suriyada Asad xukmronligi tugab, hokimiyat tepasiga G‘arbga intiluvchi kuchlar kelishi ortidan Rossiya va Eron ta’siri keskin qisqardi. Isroilning "jabrdiyda" maqomi global miqyosda o‘zgarishga yuz tutdi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Yaqin Sharq mintaqasidagi o‘zgarishlar va yaqin kelajakdagi kutilmalar xususida so‘z yuritishdi.

Yaqin Sharq mintaqasi o‘tgan 2025 yilda qanchalik o‘zgardi?

Farhod Karimov: Yaqin Sharq mintaqasida 2025 yilga kelib asosiy, fundamental muammolar o‘zgargani yo‘q. Falastin masalasiga yangi muammo qo‘shilmadi. Biroq mintaqadagi kuchlar muvozanatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, 2024 yil oxirida Suriyada hukumat almashinuvi, Rossiya va Eronning mintaqadagi ta’sirini sezilarli darajada chekladi. Bu holat proksi kuchlar faoliyatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Kuchlar balansidagi bu siljish Isroilga muayyan davr va sharoitda siyosiy hamda harbiy amaliyotlar qilish imkonini berdi. 2025 yilning eng muhim jihatlaridan biri aynan shu omil bilan bog‘liq.

Ikkinchi muhim masala — Amerika Qo‘shma Shtatlarining mintaqaga ochiq va faol tarzda qaytishidir. AQSh avval ham mintaqada mavjud edi, biroq Tramp davrida bu ishtirok ancha ochiq va tizimli tus oldi. Uning Yaqin Sharqqa oid o‘ziga xos yondashuvi mintaqadagi geosiyosiy muhitni sezilarli darajada o‘zgartirdi. Isroil–G‘azo mojarosiga kelganda, Trampning yondashuvi Bayden siyosatidan tubdan farq qildi. Tramp bu muammoni faqat Isroil va Falastin doirasida emas, balki arab davlatlari kapitali va siyosiy ishtiroki orqali hal qilish tarafdori bo‘ldi. Natijada Sharm ash-Shayx shahrida muayyan kelishuvlarga erishildi. Bu kelishuvlar Isroilga nisbatan tashqi bosim va xavflarni ma’lum darajada kamaytirdi.

Shu bilan birga, AQSh prezidentining Ko‘rfaz arab davlatlariga tashriflari hamda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning AQShga safari Amerika Qo‘shma Shtatlarining mintaqadagi ta’sir doirasi va yo‘nalishlarini yanada mustahkamladi. Natijada qator umumiy kelishuvlar yuzaga keldi. Bu kelishuvlar Falastin–G‘azo muammosini siyosiy kun tartibida ikkinchi planga surdi. So‘nggi ikki oy ichida media makonida G‘azo masalasining keskin kamayib ketishi aynan shu bilan izohlanadi. Biroq real vaziyat o‘zgargani yo‘q. G‘azoda harbiy harakatlar davom etmoqda, qurbonlar bor, urush to‘xtagani yo‘q. Sharm ash-Shayx kelishuvining asosiy yutug‘i — G‘azoga gumanitar yordam kirib kelishi va ochlikning nisbatan jilovlangani bo‘ldi. Umuman olganda esa, Yaqin Sharqdagi siyosiy manzara o‘zgarmadi, faqat kuchlar balansi qayta shakllandi.