Jahon | 17:21
1102
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya–Ukraina urushida front chizig‘i: tashabbus kim tomonda?

Rossiya armiyasi Donbascda pozitsion hujumlar bilan sekin bo‘lsa-da ayrim yo‘nalishlarda oldga siljiyapti. Ukraina esa front chizig‘ini ushlab, Qrim va boshqa hududlardagi strategik obektlarni nishonga olishga zo‘r bermoqda. So‘nggi paytlarda Qrim yarimoroli atrofidagi vaziyat jiddiylashdi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar harbiy harakatlarning borishini sharhladi.

— Rossiya–Ukraina frontida vaziyat qanday?

Abduvali Soyibnazarov: Donbasc yo‘nalishida, xususan Chasiv Yar, Pokrovsk va Kupyansk atrofida shiddatli pozitsion janglar davom etmoqda. Rossiya qo‘shinlari son jihatdan ustunlikka ega va aynan shu omil hisobiga ayrim uchastkalarda sekin, ammo izchil oldinga siljishga erishmoqda.

Donbascdagi strategik ahamiyatga ega shaharlardan biri bo‘lgan Konstantinovka atrofidagi vaziyat ayniqsa keskin. Hozirda shaharning o‘zida janglar davom etmoqda, ayrim hududlarda har bir ko‘cha va ko‘p qavatli bino uchun kurash ketayotgani ta’kidlanmoqda. Turli manbalarga ko‘ra, shahar uch tomondan Rossiya qo‘shinlari bosimi ostida qolgan va ta’minot yo‘llarining katta qismi xavf ostida. Xususan, Khimki aholi punkti egallangach, Konstantinovka mudofaasining tashqi tayanch nuqtalari yanada zaiflashgani qayd etilmoqda.

Shu sababli ayrim harbiy tahlilchilar yaqin haftalarda aynan Konstantinovka uchun hal qiluvchi janglar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq shaharning qachon va qanday taqdirga duch kelishi haqida aniq xulosa chiqarish hozircha qiyin.

Dobropillia yo‘nalishida ham Rossiya qo‘shinlari bosimni kuchaytirmoqda. Xabarlarga ko‘ra, bu hududda og‘ir termobarik qurollar, jumladan TOS-1A «Solnsepyok» tizimlaridan foydalanilmoqda. Agar Rossiya qo‘shinlari Dobropillia yo‘nalishida muvaffaqiyat qozonsa, Konstantinovkaning logistika va ta’minot imkoniyatlari yanada murakkablashishi mumkin. Bu esa zaxira kuchlarini yetkazish, rotatsiya o‘tkazish hamda o‘q-dori va oziq-ovqat ta’minotini saqlab qolishni qiyinlashtiradi.

Sumi yo‘nalishida ham vaziyat e’tibordan chetda emas. Ayrim ommaviy axborot vositalari Rossiya kuchlari Xarkiv va Sumi viloyatlarini bog‘lovchi muhim yo‘llarga yaqinlashayotganini xabar qilmoqda. Shu bilan birga, Xarkiv, Dnipropetrovsk, Zaporijjya va Xerson yo‘nalishlarida ham janglar davom etmoqda.

Umuman olganda, frontning ko‘plab uchastkalarida pozitsion urush saqlanib qolmoqda. Rossiya armiyasi aviatsiya, raketa va dronlar yordamida Ukraina harbiy infratuzilmasi, omborlari hamda energetika obektlariga zarbalar berishda davom etayotgan bo‘lsa, Ukraina tomoni ham javob hujumlari orqali Rossiya kuchlarining oldinga siljishini sekinlashtirishga urinmoqda. Natijada frontdagi umumiy vaziyat keskin va o‘zgaruvchanligicha qolmoqda.

Shuhrat Rasul: Endi urushni muntazam tahlil qilib boruvchi nufuzli tadqiqot markazlari xulosalariga e’tibor qarataylik. Jumladan, Stokholmda joylashgan harbiy mojarolarni o‘rganish markazi hamda AQShdagi urush va tinchlik masalalariga ixtisoslashgan tadqiqot institutlari aprel–may oylaridagi jangovar harakatlar yuzasidan o‘z baholarini e’lon qildi.

Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi ikki oy davomida Ukraina qayta nazoratiga olgan hududlar va Rossiya egallagan yangi hududlar o‘zaro solishtirilganda, umumiy balans Ukraina foydasiga shakllangan. Hisobotlarda taxminan 100 kvadrat kilometr hudud bo‘yicha ustunlik Ukraina tomonida ekani qayd etiladi. Mazkur baholar strategik tashabbus hozircha Ukraina qo‘lida qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, Qrim yarimorolida ham vaziyat tobora murakkablashib bormoqda. So‘nggi haftalarda xalqaro tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalari Qrimning logistika ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni alohida e’tirof etmoqda. Qrimning asosiy ta’minot yo‘nalishlaridan biri Melitopol orqali o‘tuvchi transport koridori hisoblanadi. Xabarlarga ko‘ra, Ukraina uzoq masofali zarba beruvchi vositalari ushbu yo‘nalishdagi harakatni muntazam nishonga olmoqda. Natijada yarimorolning logistika tizimi bosim ostida qolib, yuk tashish va ta’minot jarayonlari murakkablashmoqda. Mahalliy manbalarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari hamda yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq qiyinchiliklar kuzatilayotgani haqida ham ma’lumotlar uchramoqda.

Ayrim hududlarda benzin tanqisligi va narxlarning oshishi qayd etilmoqda. Bundan tashqari, xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar kuchaygani sababli turizm sohasida pasayish kuzatilayotgani, ko‘chmas mulk bozori faolligi ham susaygani aytilmoqda.

Biroq urush sharoitida tarqalayotgan ma’lumotlarning barchasini mustaqil ravishda tasdiqlash har doim ham imkoni bo‘lmagani uchun, ayrim xabarlarni ehtiyotkorlik bilan qabul qilish lozim. Shunga qaramay, Qrimning logistika va ta’minot tizimiga bosim kuchayib borayotgani bugungi mojaroning muhim tendensiyalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid