Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
RFda Putin figuralari sabab nemis haykaltaroshi ustidan sud keyinga qoldirildi
Rossiya adliya tizimi Vladimir Putin tasviri tushirilgan karnaval figuralari haqidagi ish bo‘yicha birinchi sud majlisini 2026 yil 28 fevralga qoldirdi. Nemis haykaltaroshi Jak Tilli RF armiyasini “diskreditatsiya qilish”da ayblanmoqda.
Foto: AP
Rossiya adliya organlari Vladimir Putin tasviri tushirilgan karnaval figuralari sabab nemis haykaltaroshi Jak Tilliga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha ilk sud majlisini keyinga surdi. Ishni mohiyatan ko‘rib chiqish 30 dekabr, seshanba kuni boshlanishi kerak edi, ammo ochiq eshituv 2026 yil 28 fevralga ko‘chirildi. Bu haqda 30 dekabr kuni WDR telekanali xabar berdi.
Ayblov versiyasiga ko‘ra, haykaltarosh Putin tasviri tushirilgan karnaval figuralarini yaratish orqali Rossiya armiyasi haqida “feyklar” tarqatgan. Platformalardan birida Rossiya prezidenti Ukraina bayrog‘i ranglariga bo‘yalgan qon to‘la vannada cho‘milayotgan qilib tasvirlangan. Boshqasida esa Putin tomoshabinlar oldida qamoqxona kiyimida namoyon bo‘lgan.
Tergov da’vo qilishicha, Tillining harakatlari siyosiy nafrat bilan rag‘batlantirilgan. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, unga yirik jarima yoki 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tahdid solishi mumkin.
Ish 15 dekabr kuni sudga yuborilgan, dastlabki yopiq majlis esa 24 dekabr tongida o‘tgan. Sud tafsilotlarni oshkor qilmayapti.
Germaniya hukumati Tilliga Rossiya bilan yaqin munosabatda bo‘lgan va, masalan, RF bilan ekstraditsiya kelishuvlari tuzgan davlatlarga safar qilmaslikni tavsiya etgan. Bunday mamlakatlar qatoriga ayrim Afrika davlatlari, jumladan Misr ham kiradi. Shu bilan birga, federal hukumat ehtiyot chorasi sifatida satirik karnaval figuralari muallifiga hozircha Turkiyaga ham bormaslikni maslahat bergan.
Tilli avvalroq sud jarayonida qatnashmasligini va advokat ham tayinlamasligini aytgan, chunki o‘z so‘zlariga ko‘ra, bu orqali u mazkur sudga ahamiyat berib qo‘yishni istamaydi.
DW'ga bergan intervyusida u shunday degan: “Men hayron qoldim va avval ishona olmadim. Bu hazil deb o‘yladim, ammo bu haqiqat. Rossiyada satira, ehtimol, juda jiddiy qabul qilinadi”. Haykaltarosh ta’kidlashicha, u hech qachon Rossiya armiyasini tasvirlamagan, balki faqat Putinni masxara qilgan. Shu bilan birga, uning aytishicha, hukmni intiqlik bilan kutyapti.
Jak Tilli — nemis haykaltaroshi va Dyusseldorfdagi “pushti dushanba” deb ataladigan karnaval yurishlari uchun satirik figuralar muallifi. Uning ishlari muntazam ravishda xalqaro e’tiborni tortadi, Putinga bag‘ishlangan figuralar esa bir necha bor Germaniya va jahon OAVning birinchi sahifalarida chiqqan.