Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Barcha islohotlarimiz uzoq muddatli, tez natija bergani bu - ekologiya" - Saida Mirziyoyeva
Ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud-huquq sohasiga oid loyihalar natija berishi uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Bu loyihalarni doim nazoratimda ushlayman. Qisqa fursatda ijobiy o‘zgarish qilolganimiz ekologiya masalasi bo‘ldi. Biznesga ekologiyaning muhim ekanligini tushuntira oldik. Ekologiya - bu madaniyat. Bunda faqat jarima yoki doimiy nazorat emas, tushuntirish va talabni to‘g‘ri yetkazish ham muhim.
Foto: Videodan kadr
Ekologiyani asrashga faqat korxonalar emas, oddiy fuqarolar ham o‘z hissasini qo‘shishi kerak — mas’uliyat har kimning o‘zidan boshlanadi. Bu yo‘nalishdagi choralar uzoq muddatda barqaror bo‘lishi uchun ekologiyani odat va kundalik madaniyatga aylantirish kerak, deydi Mirziyoyeva.
Saida Mirziyoyeva intervyuda boshlangan ko‘plab islohotlar uzoq muddatni ko‘zlaganini, ularda natijalar ko‘rina boshlashi uchun vaqt kerakligini aytdi. Oxirgi paytlarda eng tez va ko‘rinadigan natija bergan tashabbuslardan biri ekologiya yo‘nalishi bo‘lganini ta’kidladi. Toshkentda ekologik vaziyat yomonlashgach qisqa vaqt ichida keskin choralar ko‘rish uchun barcha resurslar safarbar qilingan va prezident tomonidan kerakli qarorlar uchun “yashil chiroq” berilgan. “O‘sha kechayoq bizga kerak bo‘lgan narsalarning barchasiga ruxsat bo‘ldi”, degan mazmunda fikr bildirdi u.
Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, shundan so‘ng atrof-muhit muhofazasiga bo‘lgan yondashuv darajasi oshirildi: mas’ul idoralar faolligi kuchaytirildi, nazorat “qattiq nazorat” shakliga o‘tkazildi. U reydlar va tekshiruvlar orqali ekologik talablarga rioya etilishini ta’minlashga harakat qilinganini, bu esa tez fursatda sezilarli o‘zgarish berganini aytdi. Uning fikricha, tizimli harakat va qat’iy ijro bo‘lsa, qisqa muddatda ham natija ko‘rish mumkin.
Saida Mirziyoyeva ekologik barqarorlikni ta’minlashda biznesning roliga alohida urg‘u berdi. Uning aytishicha, korxonalar filtr o‘rnatishi va me’yorlarga amal qilishi shart — bu davlatniki bo‘ladimi yoki xususiy sektorniki, farqi yo‘q. “Ekologiya — bu madaniyat”, dedi u, ya’ni ish yuritish madaniyati, mas’uliyat va jamoatchilik oldidagi burch sifatida qabul qilinishi kerak. Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bu jarayonda faqat jarima yoki nazorat emas, tushuntirish va talabni to‘g‘ri yetkazish ham muhim.
Intervyuda u transport masalasiga ham to‘xtalib, avtomobillar bilan bog‘liq ekologik choralar ham ko‘rib chiqilishini aytdi. Uning fikricha, faqat korxonalar emas, oddiy fuqarolar ham o‘z hissasini qo‘shishi kerak — mas’uliyat har kimning o‘zidan boshlanadi. “Kovid davrida havo tozalanib, tabiat "o‘zini tiklagani"ni ko‘rdik — demak, bu masala hal bo‘ladigan narsa”, degan mazmunda fikr bildirdi u.
Saida Mirziyoyeva shaxsiy hayotdan misol keltirib, ekologik yondashuvni uyida ham qo‘llashini aytdi. U uyini ko‘p isitmasligini, energiyani tejash va issiqlikka ortiqcha o‘rganib qolmaslik kerakligini ta’kidladi. Mirziyoyevaning aytishicha, 21–23 daraja — inson salomatligi uchun eng maqbul harorat, buni saqlash ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan to‘g‘ri. “Bolalar ham chiniqadi”, dedi u va Yevropa hamda Koreyada isitish madaniyati boshqacha ekanini misol qilib keltirdi: ayrim joylarda pod’yezdlar isitilmaydi, xonadonlarda ham tejamkorlikka qattiq amal qilinadi. Uning fikricha, bu tajribadan O‘zbekistonda ham muayyan xulosalar chiqarish mumkin.
Mirziyoyeva mazkur yo‘nalishdagi choralar uzoq muddatda barqaror bo‘lishi uchun ekologiyani odat va kundalik madaniyatga aylantirish kerakligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu jarayon bir kunda emas, bosqichma-bosqich shakllanadi, ammo bugun qilingan qat’iy qadamlar ertangi natijalar uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mavzuga oid
09:46 / 02.01.2026
“Maqsadimiz - xalq hayotini yaxshilash”: Saida Mirziyoyevadan ilk katta intervyu
11:28 / 31.12.2025
Ekologiya, mediamakon va diplomatiya. 2025 yilgi O‘zbekiston – faollar nigohida
15:03 / 20.12.2025
Saida Mirziyoyeva “Sehrlandiya” multfilmi haqida: “Bu – birinchi qadam”
20:18 / 19.12.2025