Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
Eronda namoyishlar bir necha kun ichida butun mamlakatni qamrab oldi. Namoyishchilar politsiyachilar bilan to‘qnashmoqda va «Diktatorga o‘lim!» deya hayqirmoqda. Tramp ularni qo‘llashga tayyorligini ma’lum qildi.
Foto: EPA / Scanpix / LETA
Eronda namoyishlar 28 dekabr kuni boshlandi. Sababi – iqtisodiy inqiroz: milliy valuta kursi qulagan va inflatsiya kuchaygan. Ammo sof iqtisodiy shiorlar juda tezlik bilan siyosiy shiorlarga aylandi: namoyishchilar oyatulloh Ali Xominaiyni taxtdan ag‘darish va islom respublikasining butun siyosatini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda. Tartibsizliklar va xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar natijasida kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi. AQSh prezidenti Donald Tramp allaqachon namoyishchilarga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. «Meduza» namoyishlar qanday rivojlanayotgani va bu nimaga olib kelishi mumkinligi haqida yozdi.
Namoyishlar nimadan boshlandi?
2025 yil sentabrida BMT 2006 yilda yadroviy dasturi tufayli Eronga qarshi qo‘llangan va 2015 yilda «Eron yadro kelishuvi» doirasida bekor qilingan sanksiyalarni qaytadan tikladi. Sanksiyalar qaytishi Eron milliy valutasi kursi keskin qulashiga olib keldi: 2025 yilda bir dollar bir million riyol atrofida baholangan bo‘lsa, dekabrga kelib kurs qariyb bir yarim millionga yetdi (uch yil oldin kurs bir dollar uchun 430 ming riyol atrofida edi). Riyol kursi qulashidan eng ko‘p zarar ko‘rganlar orasida uyali telefon sotuvchilari ham bor edi: ular narxlarni oshirishga majbur bo‘lishdi va ko‘pchilik xaridorlarini yo‘qotishdi. 28 dekabrda ular ish tashladi va ko‘p o‘tmay boshqa guruhlar ham sotuvchilarga qo‘shildi.
Eronda inflatsiya besh yildan beri yiliga 30-40 foiz darajasida saqlanib qolmoqda. 2025 yilda oziq-ovqat mahsulotlari 70 foizdan ortiq, dori-darmonlar 50 foizga qimmatlashdi. Kuzda esa bunga so‘nggi yarim asrdagi eng kuchli qurg‘oqchilik qo‘shildi. Bu muammoning asosiy sababi yog‘ingarchilik yo‘qligi edi, hokimiyatning ko‘p yillik ehtiyotsiz siyosati – cheklangan suv resurslaridan nazoratsiz foydalanish vaziyatni sezilarli darajada yomonlashtirdi.
Shunday fonda Eron 2025 yil iyunida 12 kunlik urushni boshdan kechirdi. Isroil bu urushning dastlabki kunlaridayoq Eronning havo hujumidan mudofaa tizimini butkul yakson qildi, harbiy rahbariyatning deyarli barcha vakillarini, shuningdek, yadro dasturi bilan shug‘ullanuvchi yetakchi olim va muhandislarni o‘ldirdi. Nafaqat yadroviy obektlar, balki neft korxonalari ham zarbaga uchradi. Urushning yakuniy bosqichida AQSh ham Isroilga qo‘shildi: amerikalik harbiylar Fordo yadroviy obektiga bunkerga qarshi o‘ta kuchli bombalarni tashladi.
Urushdan keyin Eron hukumati, bir tomondan, ba’zi yengilliklarni joriy qildi – xususan, ko‘chaga hijobsiz chiqqan ayollarni jazolashni amalda to‘xtatdi (bu 2022–2023 yillarda Eronda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik norozilik to‘lqiniga sabab bo‘lgandi). Shu bilan birga, siyosiy dissidentlarga qarshi qatag‘onlar kuchaydi. 2025 yilda qariyb ikki ming kishi qatl etilgan, oldingi yillarda qatllar soni ko‘pi bilan bir necha yuzni tashkil etgan.
Namoyishlar qanday kechmoqda?
Mobil telefon sotuvchilarining Tehron markazidagi «Alovuddin» savdo markazida 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ish tashlashi tezda ko‘cha namoyishiga aylanib ketdi. Keyingi kuniyoq norozilik namoyishlari Eron poytaxtining nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy hayoti markazi bo‘lgan Katta bozorga ko‘chdi, shuningdek, boshqa yirik shaharlarga ham tarqala boshladi. Aksiyaga talabalar ham qo‘shildi.
Deyarli darhol siyosiy shiorlar, jumladan, «Marg bar diktator» («Diktatorga o‘lim!»), «Zan, zandegi, azadi» («Ayol, hayot, ozodlik!»), «Na Kazze, na Lebnan, janam fadayye Iran» («Mening hayotim G‘azo uchun emas, Livan uchun emas – Eron uchun fido!») va «Azadi» («ozodlik!») kabi so‘zlar yangray boshladi. Ayrim joylarda bunga 1979 yilgi islom inqilobi natijasida ag‘darilgan Pahlaviylar sulolasini va so‘nggi shohning rasmiy vorisi, Eron muxolifati yetakchisi bo‘lishga da’vogar shahzoda Rizo Pahlaviyni ulug‘lovchi shiorlar qo‘shildi (u AQShda yashaydi).
Rasmiylar namoyishchilarni tinchlantirishga harakat qilishdi. 29 dekabr kuni prezident Masud Pizishkiyon hukumatni «qonuniy talablarga quloq solish»ga chaqirdi, 30 dekabr kuni esa hukumat muloqot o‘rnatish uchun namoyishchilar vakillari bilan uchrashishni taklif qildi. 31 dekabr kuni Markaziy bank rahbari, inflatsiya uchun rasman javobgar bo‘lgan Muhammad Rizo Farzin iste’foga chiqdi. Ammo bular ish bermadi: hukumat faqat iqtisodiy da’volarni muhokama qilishga tayyor edi.
Rasmiylar namoyishlarni kuch bilan bostirishga kirishdi. Avvaliga Tehronda namoyishlarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llandi, 31 dekabrda ayrim shaharlarda jangovar patronlar bilan otishni boshlashdi. Eron g‘arbida asosan kurdlar yashovchi Ko‘hidashtda Amirhiso Xodayarifard boshiga o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘ldi. U 21 yoki 22 yoshda bo‘lgan. Rasmiylar u Islom inqilobi muhofizlari korpusining yoshlar qanoti hisoblangan «Basij» guruhi a’zosi bo‘lgani va namoyishchilar tomonidan o‘ldirilganini da’vo qildi. Namoyishchilar esa buni rad etib, Xodayarifard «Basij»ga mansubligi haqidagi da’voni hukumatning namoyishlarni kuch bilan bostirish maqsadidagi yolg‘oni deb atadi.
Fars News Agency / AFP / Scanpix / LETA
1–2 yanvar kunlariga kelib mamlakatning deyarli barcha yirik shaharlari namoyishlar va tartibsizliklar ichida qoldi. Namoyishchilar ma’muriy binolar va politsiya uchastkalariga bostirib kirgan holatlar ham uchragan. Ular muntazam ravishda politsiya bilan to‘qnashuvga kirishib, hibsga olingan namoyishchilarni qutqarib olishmoqda. Hozirgacha namoyishchilarning kamida sakkiz nafari halok bo‘lgan.
A video shared with Iran International showed one protester sitting in the middle of a street in Tehran and refusing to move as motorbike-riding security forces moved in on demonstrators. pic.twitter.com/uic3kBOoPv
— Iran International English (@IranIntl_En) December 29, 2025
Tehron markazidagi Islom respublikasi ko‘chasida yolg‘iz namoyishchi politsiya harakatiga to‘sqinlik qilmoqda. Ushbu videoni 1989 yilda Tyananmen maydonida tank qarshisiga turib olgan odamning mashhur surati bilan taqqoslashmoqda.
Amerika vaqti bilan 1 yanvar kuni kechqurun (Eronda bu vaqtda 2 yanvar tongi edi) AQSh prezidenti Donald Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘ida shunday post qoldirdi: «Agar Eron tinch namoyishchilarni o‘qqa tutsa va shafqatsizlarcha o‘ldirsa, bu ularning odatiy amaliyotidir, AQSh ularga yordamga boradi. Biz to‘liq qurollanganmiz va harakatga tayyormiz».
Ijtimoiy tarmoqlar / AFP / Scanpix / LETA
Bir necha kun muqaddam Trampning oldiga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu borgandi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u Amerika prezidenti bilan iyundagi urushdan keyin o‘z yadroviy va raketa dasturini tiklashga harakat qilayotgan Eronga qarshi yangi choralarni muhokama qilgan. Tramp «ularning ta’zirini berish» bilan tahdid qilgan.
Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiyning maslahatchisi Ali Larijoniy bunga javoban, Tramp «ehtiyot bo‘lishi» kerakligini aytib, agar AQSh haqiqatan ham aralashishga qaror qilsa, butun Yaqin Sharqda tartibsizlik va beqarorlik yuzaga kelishi bilan tahdid qildi.
Mavzuga oid
19:30 / 21.01.2026
FT: Eron hukumati namoyishlarni qo‘llagan kompaniyalar va tadbirkorlarning mulkini musodara qilmoqda
15:48 / 20.01.2026
Tramp nega Erondagi namoyishchilarga yordamga kelmadi?
21:49 / 19.01.2026
Eron prezidenti Oliy rahbarga suiqasd urush e’lon qilishga barobarligini aytdi
15:17 / 19.01.2026