Jahon | 19:45 / 03.01.2026
9840
10 daqiqa o‘qiladi

“Erondagi namoyishlar bilan bog‘liq uch ssenariy mavjud” - siyosatshunoslar

Erondagi namoyishlar ommaviy to‘qnashuvlarga aylanib boryapti. Donald Tramp esa namoyishchilarga yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi. 28 dekabr kuni ish tashlash bilan boshlangan harakatlar qisqa vaqtda mamlakatni qamrab olgan yirik namoyishlarga aylanib ketdi. Diktatorga o‘lim deya hayqirilgan aksiyaga talabalar ham qo‘shildi. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspertlar mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Bibi va Tramp uchrashuvining Erondagi voqealarga bog‘liqligi bo‘lishi mumkinmi?

Fazliddin Madiyev: 28 dekabrdagi namoyishlar asosan elektrotexnika mahsulotlari sotiladigan bozorlardan boshlandi. Bunga asosiy sabab inflatsiyaning keskin oshgani bo‘ldi. Valuta tebranishi narxlar barqarorligiga kuchli ta’sir ko‘rsatdi va norozilik kayfiyatini kuchaytirdi. Netanyahu va Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuv bu jarayonlarga ta’sir qildimi, degan savol tabiiy. Bu uchrashuvning siyosiy fonini inobatga olsak, ta’siri sezilarli bo‘lganini inkor etib bo‘lmaydi. Chunki Isroilning keyingi strategik harakatlari, mintaqaviy o‘rab olish siyosati va bosimni kuchaytirishi Eron hamda Turkiyaga qaratilganini Trampning bayonotlaridan ham anglash mumkin. Erondagi vaziyat esa avvalgi noroziliklardan ma’lum darajada farq qilmoqda. Rasmiy matbuot va internet nashrlari o‘rtasida yondashuvlar keskin farqlanmoqda: ijtimoiy tarmoqlarda yanada radikal va keskin chaqiriqlar tarqalmoqda. Ayrim namoyishchilarning “rejim ketishi kerak” yoki hatto monarxiya qaytishini talab qiluvchi shiorlar bilan chiqishi ham shundan dalolat beradi. Biroq bu safargi namoyishlarning muhim jihati shundaki, hukumat norozilikning asosiy sababini ochiq tan oldi. Prezident Pizishkiyon iqtisodiy inqiroz hukumat mas’uliyati ekanini e’tirof etib, vaziyatni imkon qadar to‘g‘rilashga va’da berdi. Bu bayonot avvalgi namoyishlardan tubdan farq qiladi. Ilgari barcha noroziliklar G‘arbning aralashuvi bilan izohlangan bo‘lsa, endi hukumat bunday tushuntirishlar jamoatchilikka ta’sir qilmayotganini anglagan ko‘rinadi. Shu jihatdan, bu holat Eron uchun muhim va ijobiy signal sifatida baholanishi mumkin.

Shavkat Ikromov: Katta ehtimol bilan Vashingtondagi uchrashuvlar namoyishlar bilan bevosita bog‘liq emas. Chunki Eron jamiyatining tuzilishi va siyosiy rejimi tashqi tomondan ko‘ringanidan ancha murakkab. Eronda ommaviy namoyishlarni yuzaga keltirish uchun tashqi kuchlarning ta’siri o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Jamiyat iyerarxiyasi shunchalik murakkabki, agar eronliklarning o‘zi ichkaridan bunga tayyor bo‘lmasa, ularni tashqi omillar orqali ko‘chaga olib chiqish deyarli imkonsiz. 2009, 2019 va 2022-yillardagi norozilik namoyishlarida ham Eron hukumati tashqi kuchlar aralashuvi haqida bayonotlar bergan, ayrim hollarda AQSh yoki Isroil namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlangan. Biroq Eron jamiyatini chuqur o‘rgangan mutaxassislar va mamlakatdagi davlat tizimini yaxshi biladiganlar bir narsani aniq aytadi: eronliklarni faqat tashqi ta’sir orqali ko‘chaga chiqarish oson emas. 2025 yil dekabr oyining oxirgi haftalarida boshlangan namoyishlar ham aynan ichki omillar bilan bog‘liq. Bu safar noroziliklar an’anaviy tarzda faollar yoki talabalar tomonidan emas, balki bozor savdogarlari va do‘kon egalari tomonidan boshlangan. Ular yuqori inflatsiya, aholining xarid qobiliyatining keskin pasayishi va buning oqibatida savdoning to‘xtab qolganidan norozi bo‘lishdi. Dastlab bozorlarda boshlangan noroziliklar keyinchalik boshqa hududlarga tarqaldi, kichik shaharlarga va ayrim qishloqlarga ham yetib bordi. Shunga qaramay, bu namoyishlar keng ko‘lamli yoki inqilobiy tus olgan deb aytish qiyin. Namoyishlar hanuz to‘liq bostirilmagan va hozir ham Eronning turli hududlarida davom etmoqda. Muhimi shundaki, dastlab iqtisodiy talablardan boshlangan noroziliklar vaqt o‘tishi bilan siyosiy mazmun kasb eta boshladi. Namoyishchilar tomonidan yangrayotgan “Na G‘azo, na Livan — jonimiz Eron uchun” degan shiorlar shuni ko‘rsatadiki, jamiyat ichki iqtisodiy muammolar fonida hukumatning tashqi siyosatidan, xususan Eron tashqarisidagi proksi kuchlarni moliyalashtirishidan tobora ko‘proq norozilik bildirmoqda.

Erondagi voqealar bo‘yicha qanday ssenariylarni taxmin qilish mumkin?

Fazliddin Madiyev: Bu jarayonlar ham salbiy, ham ijobiy tomondan yakunlanishi mumkin. Salbiy tomoni shundaki, Eronda keng ko‘lamli namoyishlar avj olib ketishi ehtimoli bor. Rejimning qulashini istaydigan guruhlar mavjud va bu jarayonda Isroil omilining ta’siri juda katta. Obrazli qilib aytganda, ayrim hollarda bu holatni “Eron ichidagi Katta Isroil” deb atash ham mumkin. Mamlakat ichida Isroilga aloqador razvedka tarmoqlari faoliyat yuritayotgani seziladi. Buni ayrim siyosiy bayonotlardan keyin faollashgan yashirin guruhlar faoliyatida ham ko‘rish mumkin. Ayniqsa, kurdlar yashaydigan hududlarda beqarorlik kuchayishiga urinilmoqda. Bu hududlarda tinch aholi orasida ham, davlat xizmatchilari va harbiylar orasida ham qurbonlar borligi qayd etilmoqda. Agar bunday jarayonlar davom etsa, Eronda vaziyatning izdan chiqish xavfi yuzaga kelishi mumkin. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy harakatlarni amalga oshirish juda murakkab masala bo‘lsa-da, ichki beqarorlikning o‘zi ham davlatni jiddiy darajada zaiflashtiradi. Tarix shuni ko‘rsatadiki, zaiflashgan davlatlarda bo‘linish va parchalanish xavfi kuchayadi. Biroq bu jarayonning ijobiy tomonlari ham bor. Jamiyatning muhim qismi strategik masalalarda ehtiyotkorlikni saqlab qola oldi. Xususan, Isroil bilan yuz bergan so‘nggi to‘qnashuvlar fonida keng ko‘lamli beqarorlik yuzaga kelmadi. Namoyishlar ham xalq tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanmadi. Norozilik bildirgan guruhlar o‘z talablarini hukumatga yetkazganini va shu bilan cheklanganini ochiq tan oldi. Muhimi shundaki, hukumat bu safar mas’uliyatni tashqi kuchlarga yuklash bilan cheklanib qolmadi. Iqtisodiy muammolar ichki boshqaruv bilan bog‘liq ekanini tan oldi va ularni hal qilish hukumat zimmasidagi vazifa ekanini e’tirof etdi. Bu yondashuv jamiyatda muayyan ijobiy kayfiyat shakllanishiga xizmat qilishi mumkin. Shu bois Eronda barqarorlik saqlanishi nihoyatda muhim. Bu nafaqat Eronning o‘zi, balki mintaqa davlatlari, jumladan biz uchun ham muhim, chunki bu hudud bizga geografik va siyosiy jihatdan juda yaqin.

Shavkat Ikromov: Eron bo‘yicha kamida uchta asosiy ssenariyni ko‘rib chiqish mumkin. Birinchi ssenariy — Eronga xos, an’anaviy yo‘l. Dekabr oyida boshlangan namoyishlar hukumat tomonidan qat’iy tarzda bostiriladi, minglab, balki o‘n minglab odamlar hibsga olinishi, ayrim guruhlar esa og‘ir jazolarga duchor bo‘lishi mumkin. Natijada nazorat mexanizmlari yanada kuchayadi. Bu hozirgi Eron siyosiy tizimiga xos va kutiladigan ssenariy hisoblanadi. Biroq bu yerda muhim farq bor: 2009, 2019 va 2022 yillardagi namoyishlar davrida mamlakat iqtisodiyoti hozirgiga nisbatan barqarorroq edi. Bugungi iqtisodiy inqiroz sharoitida bunday qat’iy choralar uzoq muddatli barqarorlikni kafolatlamasligi mumkin.

Ikkinchi ssenariy — hukumatning muayyan yon berishlarga borishi. Hozirgi siyosiy konfiguratsiyada islohotchi kuchlar, xususan prezident Mas’ud Pizishkiyon omili mavjud. U islohotchi lider sifatida katta umidlar bilan saylangan va jamiyat ham undan amaliy o‘zgarishlar kutmoqda. Bu ssenariy doirasida Eron G‘arb bilan, ayniqsa sanksiyalarni qo‘llab turgan davlatlar bilan muloqotga kirishi, ayrim kelishuvlarga borishi mumkin. Natijada sanksiyalar qisman yumshatilishi va iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirishga urinish ehtimoli mavjud. Biroq bu yo‘l Eron uchun og‘ir tanlovlarni talab qiladi: yadroviy dastur yoki raketa salohiyati bo‘yicha yon berish masalasi kun tartibiga chiqishi mumkin. Shu bilan birga, bunday yo‘nalish tanlansa, Rossiya va Xitoy tomonidan an’anaviy qo‘llab-quvvatlash susayishi ehtimoli ham yuqori.

Uchinchi ssenariy — eng keskin va ehtimoli eng past bo‘lgan variant. Bu hozirgi noroziliklarning kengayib, tizimli inqilobiy jarayonga aylanishidir. Agar namoyishlar ommaviy tus olsa, tashqi yordam real shaklga kirsa va namoyishchilar qurollanish darajasiga yetsa, hukumat kuchlari bilan qonli to‘qnashuvlar yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatda nafaqat hozirgi rejimning yashovchanligi, balki Eronning umumiy barqarorligi ham jiddiy xavf ostida qoladi. Ya’ni Eron oldida tanlovlar torayib bormoqda: kuch bilan nazoratni saqlab qolish, og‘riqli islohotlarga borish yoki xavfli beqarorlik ssenariysiga yaqinlashish. Qaysi yo‘l tanlanishi esa nafaqat ichki siyosiy iroda, balki tashqi omillar bilan ham chambarchas bog‘liq.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid