Jahon | 22:30 / 04.01.2026
9160
3 daqiqa o‘qiladi

“Dunyodagi eng yirik neft zaxiralari AQSh raqiblari nazoratida bo‘lmasligi kerak” – Marko Rubio

AQSh davlat kotibi Amerikaga Venesuela nefti kerak emasligi, AQShning o‘zida ham nefti yetarli ekani, lekin gap boshqa qit’adagi mamlakatlarda ekanini aytib o‘tgan.

Foto: Getty images

“Agar Venesuelaning hozirgi yetakchilari to‘g‘ri qaror qabul qilishsa, AQSh ular bilan hamkorlik qiladi”, - dedi AQSh davlat kotibi Marko Rubio NBC News telekanaliga bergan intervyusida.

U shuningdek, AQSh narkosavdogarlarning kemalariga zarba berishda va sanksiyalar ostidagi kemalarni ushlashda davom etishini bildirdi.

Venesuelada saylovlar qachon o‘tkazilishi haqidagi savolga Rubio bunga hali erta ekanligini aytdi.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Venesuelaga qarshi emas, balki giyohvandlik moddalari sotayotgan tashkilotlarga qarshi urush qilmoqda.

“Gap mamlakatni boshqarish haqida bormayapti. Gap siyosat haqida. Biz Venesuela ma’lum bir yo‘nalishda harakatlanishini istaymiz”, - dedi u Venesuelani kim boshqarishi haqidagi savolga javoban.

U Venesuelaning ayni paytdagi yetakchisiga ham murojaat qildi.

“Siz Venesuelani Eron, Rossiya, Hizbulloh, Xitoy yoki Kuba razvedkasi agentlari uchun amaliyot markaziga aylantira olmaysiz. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Siz dunyodagi eng yirik neft zaxiralari AQSh raqiblari nazorati ostida bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaysiz”, - dedi AQSh davlat kotibi.

“Bizga Venesuela nefti kerakmas. AQShning nefti yetarli. Bir narsani tushunishingiz kerak: Xitoyga Venesuela nefti nima uchun kerak? Rossiyaga-chi? Eronga nega kerak? Ular hatto bu qit’ada joylashmagan”, - deya qo‘shimcha qildi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Kuba hukumati – ulkan muammo”.

“Biz Kuba rejimining muxlislari emasligimiz sir deb o‘ylamayman. Venesuelani qaysidir ma’noda mustamlakaga aylantirganlar – kubaliklardir. Maduroni aynan kubaliklar qo‘riqlardi. Uni venesuelalik tansoqchilar qo‘riqlamagan. Ularning ichki razvedkachilari ham kubaliklar edi”, - dedi Marko Rubio.

U Maduroning olib chiqib ketilishini kongress ma’qullashini talab qiladigan holat emas deb atadi.

“Bu bostirib kirish yoki davomli harbiy operatsiya emasdi. Kongress ma’qullashini talab qiladigan harakatlar uchun kongressdan rozilik olamiz. Bayden m’muriyati Maduroni tutish uchun 25 mln dollar mukofot berilishini e’lon qilgandi. Uni tutganimiz uchun mukofot naqd, lekin biz bu mukofotni so‘ramaymiz. Prezident Tramp va boshqalar orasidagi farq aynan mana shunda”, - dedi AQSh davlat kotibi.

2 yanvardan 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh maxsus kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasini o‘tkazdi. Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olinib AQShga olib kelindi. Ular narkoterrorizmda ayblanmoqda.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров

Mavzuga oid