Jahon | 14:51 / 05.01.2026
2317
5 daqiqa o‘qiladi

BM: Germaniyadagi ayrim kompaniyalar mahsuloti Rossiyaga yetib borgan bo‘lishi mumkin

Berliner Morgenpost Rossiya importi bazasida Mahr, Spinner va Siemens mahsulotlarini topgan. Kompaniyalar YeI sanksiyalarini aylanib o‘tib yetkazib berishlar bo‘lganini inkor etmoqda.

Foto: Yelena Afonina/Tass

Berliner Morgenpost gazetasi YeI sanksiyalariga qaramay, Germaniyaning ikki kompaniyasi — Gyottingenda (Quyi Saksoniya) o‘lchov uskunalari ishlab chiqaruvchi Mahr va Zauerlaxdagi (Bavariya) mashinasozlik fabrikasi Spinner — Moskvada o‘tkazilgan “Metalloobrabotka 2025” ko‘rgazmasi katalogiga kiritilganini aniqlagan. Berliner Morgenpost (BM) nashrining bu haqdagi maqolasi nemis gazetasi saytida shanba, 3 yanvar kuni joylangan.

Mahr kompaniyasi ko‘rgazma katalogiga Rossiyadagi Mahr Service firmasi bilan bog‘liq holda kiritilgan: u o‘z saytida Mahr logotipidan foydalanadi va Mahr uskunalarini yetkazib berish hamda ta’mirlashini ma’lum qiladi. Mahr vakili nashrga Rossiyadagi bu kompaniya haqida hech narsa bilmasligini aytgan.

Bundan tashqari, katalogda stanoklar ishlab chiqaradigan va ko‘p yillardan beri Spinner bilan hamkorlik qilishini aytgan Xitoydagi Eumaspinner kompaniyasi ham tilga olinadi. BM taxminicha, ushbu firma Spinner savdo belgisini noqonuniy tarzda ishlatishi mumkin.

Ukraina Iqtisodiy xavfsizlik kengashi hisobotidan kelib chiqishicha, 2024 va 2025 yillarda Rossiya importi ma’lumotlar bazasida Mahr, Spinner va Germaniyaning sanoat giganti Siemens nomlarini ham uchratish mumkin bo‘lgan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ushbu uch kompaniya mahsulotlari RFga 8 mln yevrodan ortiq summada kirib kelgan bo‘lishi mumkin. Faqat Mahr bo‘yicha hisobotda 161 ta yozuv qayd etilgan: Rossiya 2,2 mln yevro qiymatda mikrometrlar va boshqa o‘lchov asboblarini olgan, bazada ishlab chiqaruvchi sifatida Mahr ko‘rsatilgan. Taxmin qilingan yetkazib berishlar Xitoy, Turkiya, BAA va boshqa davlatlar kompaniyalari orqali amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Mahr so‘rovga javoban ehtimoliy yetkazib berishlar haqida hech narsa bilmasligini bildirgan.

Spinner esa ma’lumotlar bazasida 16 marta tilga olingan. Taxmin qilingan yetkazib berishlar 2023 yilda ishlab chiqarilgan stanoklar, shuningdek ishlatilgan uskunalarni ham o‘z ichiga oladi. Ularning umumiy qiymati — taxminan 6,8 mln yevro. BM yozishicha, bunday yetkazib berishlar Xitoy, Turkiya va Hindiston kompaniyalari orqali amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, Spinner’ning o‘zi mahsulotini Rossiyaga na bevosita, na uchinchi shaxslar orqali yetkazib bermasligini aytgan. Kompaniya kontragentlarni sinchkovlik bilan tekshiradi va qayta sotishni taqiqlaydi. Spinner, shuningdek, GPS-kuzatuv tizimi orqali qurilmalari Rossiyaga tushib qolgan-qolmaganini aniqlash va shunday holatda ularni masofadan turib o‘chirib qo‘yish mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Mahr va Spinner Rossiyaga import haqidagi da’volarni “dezinformatsiya” deb atagan va “Metalloobrabotka” ko‘rgazmasida ishtirok etmaganini aytgan. Die Berliner Morgenpost’ning yozishicha, ehtimol, har ikki kompaniya ham o‘z mahsuloti RFga tushib qolgan bo‘lishi mumkinligidan bexabar.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 2024–2025 yillarda Xitoy va Turkiyadan Rossiyaga Siemens’ning Chexiyadagi shu’ba korxonasi Siemens Electric Machines S.R.O. ishlab chiqargan to‘rtta dvigatel yetkazib berilgan. Jurnalistlar so‘roviga Siemens tomonidan berilgan javobda uning mahsuloti RFga kirib kelmayotgani aytilgan.

BM yozishicha, taxmin qilingan yetkazib berishlar Xitoy, Turkiya, BAA va Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan boshqa davlatlar kompaniyalari orqali amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Ularga Rossiyaning Ukrainada boshlagan urushi munosabati bilan joriy etilgan YeI sanksiya cheklovlari tatbiq etilmaydi. Shu bilan birga, jurnalistlar ta’kidlashicha, nemis kompaniyalari o‘z mahsuloti shu yo‘l bilan Rossiyaga tushib qolganini bilishi shart emas.

Nashr aniqlashicha, ehtimoliy harbiy qo‘llanishi sabab o‘lchov asboblari va stanoklar YeI sanksiya ro‘yxatlariga ikki xil maqsadda qo‘llanadigan tovarlar (dual-use) sifatida kiritilgan.

Ukraina Iqtisodiy xavfsizlik kengashi vakili Sashko Adamlyukning aytishicha, Yevropa Ittifoqi o‘z qabul qilgan sanksiyalariga rioya etilishini ta’minlashda juda zaif. “Muammo ham shu yerda: Yevropada nazorat o‘rnatib, tekshiruv o‘tkaza oladigan kuchli tuzilma yo‘q”, — deya uning so‘zlarini keltiradi Die Berliner Morgenpost.

https://www.dw.com/ru/bm-produkcia-rada-kompanij-iz-frg-mogla-popadat-v-rf-v-obhod-sankcij/a-75384474

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid