Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Ukrainadan uchirilgan 140 tadan ortiq dron tutib olinganini ma’lum qildi
RF Mudofaa vazirligiga ko‘ra, 4 yanvar kuni Rossiyaning taxminan 10 ta hududi, jumladan Moskva ham, dronlar hujumiga uchragan. Bir qator aeroportlar vaqtincha yopilgan. Ukraina esa 40 ta Shahed droni qatnashgan hujum haqida xabar berdi.
Ukraina dronlari Moskva, Moskva viloyati va Rossiyaning yana to‘qqizta hududini nishonga olganini Rossiya Mudofaa vazirligi yakshanba, 4 yanvar kuni ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, “navbatchi HHM vositalari tomonidan samolyot turidagi jami 142 ta dron tutib olingan va yo‘q qilingan”, ularning eng katta qismi Bryansk va Kursk viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan — mos ravishda 37 va 28 ta. RF Mudofaa vazirligi Rossiyaga hujum qilgan dronlarning umumiy sonini aytmagan.
Shu orada, Rossiya OAV xabar berishicha, dronlar hujumi Rossiya poytaxti hamda viloyatidagi to‘rtta aeroport ishi vaqtincha to‘xtashiga sabab bo‘lgan. Vnukovoda parvozga chiqish va qo‘nish bo‘yicha taxminan 50 ga yaqin reys kechiktirilgan. Moskva meri Sergey Sobyaninning aytishicha, Rossiya HHM poytaxtga yaqinlashgan 19 ta dronni urib tushirgan. Amaldor vayrongarchiliklar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot bermagan, faqat parchalar tushgan joylarda favqulodda xizmatlar ishlayotganini qayd etgan.
4 yanvarga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina hududiga zarba berish uchun 52 ta uchuvchisiz qurilmani qo‘llagan, ularning 40 tasi Shahed bo‘lgani haqida Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari Telegram-kanalda xabar berdi. Ukraina harbiylari ma’lum qilishicha, dronlar Oryol, Bryansk, Kursk shaharlaridan hamda Rossiya bosib olgan Donetsk shahridan uchirilgan.
Xabarga ko‘ra, Ukraina HHM mamlakatning shimoli va sharqida 39 ta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. “9 ta lokatsiyada 13 ta hujumkor dronning urilgani qayd etildi, shuningdek bir joyga parchalar tushgan”, — deyiladi Ukraina armiyasi ma’lumotida.
Shunday hujumlardan biri — Xersondagi yonilg‘i quyish shoxobchasiga qilingan zarba haqida Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi. “Portlovchi xavfli buyum tashlab yuborilishi oqibatida AZS hududidagi gaz moduli va yengil avtomobil yonib ketdi”, — deyiladi xizmat xabarnomasida. Unda aniqlashtirilishicha, qurbonlar bo‘lmagan.