Jahon | 20:57 / 06.01.2026
3131
3 daqiqa o‘qiladi

Nestle xavfli toksin tufayli ko‘plab mamlakatlarda bolalar ozuqasini qaytarib olmoqda

Bu mahsulotlar tarkibida tsereulid toksini mavjudligi ehtimoliy xavfi aniqlangani sababli ehtiyot chorasi sifatida amalga oshirilmoqda.

Foto: AFP

Shveytsariyaning Nestle kompaniyasi tez eriydigan quruq sut va sut-qatiq aralashmalari va shifobaxsh parhez ovqatlanish aminokislotalari asosidagi quruq aralashmaning bir qismini Rossiyada savdodan ixtiyoriy ravishda olib tashlamoqda.

Bu «tashqi ta’minotchidan xomashyo (araxidon kislotasi) tarkibida tsereulid toksini mavjudligi ehtimoliy xavfi aniqlangani» sababli ehtiyot chorasi sifatida amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi «Nestle Russia».

Araxidon kislotasi (ARA) - bu ona sutida tabiiy ravishda mavjud bo‘lgan Omega-6 ko‘p to‘yinmagan yog‘ kislotasi. U bolalarning normal o‘sishi va rivojlanishi uchun, ayniqsa, miya, asab tizimi va suyak-mushak tizimining shakllanishi uchun zarur. Kompaniya aralashmalar tarkibini ona sutiga maksimal darajada yaqinlashtirish va chaqaloqlarni to‘laqonli oziqlantirish uchun aralashmalarga ARA qo‘shadi. Tsereulid Bacillus cereus bakteriyasining ba’zi shtammlari tomonidan ishlab chiqariladigan toksin. U issiqqa chidamli bo‘lib, ko‘ngil aynishi va qusishga olib kelishi mumkin.

Kompaniya «ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan bolalar oziq-ovqat mahsulotlarining cheklangan partiyalari» qaytarib olinayotganini ta’kidladi. «Qaytarib olish boshqa partiyalarning mahsulotlariga va Rossiyada Nestle kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan boshqa har qanday bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga ta’sir qilmaydi», deb tushuntirdi kompaniya.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Nestle Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Avstriya, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Norvegiya, Shveytsariya va Buyuk Britaniyada SMA, BEBA va NAN bolalar aralashmalari partiyalarini qaytarib olmoqda. Avvalroq, Qozog‘istonda ham shunday chora ko‘rilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Avstriya Sog‘liqni saqlash vazirligi qaytarib olish jarayoni 10 dan ortiq Nestle zavodlarining 800 dan ortiq mahsulotlariga ta’sir qilganini va bu kompaniya tarixidagi eng yirik qaytarib olish jarayoni ekanini e’lon qildi.

O‘z navbatida, Nestle vakilining agentlikka ma’lum qilishicha, bunday aralashmalarning iste’mol qilinishi oqibatida hech qanday kasallik yoki alomatlar aniqlanmagan.

Mavzuga oid