Avvalo, vazn tashlashga ko‘maklashuvchi preparatlar sog‘lom odamlar uchun emas, aniq tibbiy ko‘rsatmaga ega bo‘lgan bemorlar uchun ishlab chiqilganini tushunish muhim. Ozdiruvchi ukol va dorilar organizmga kuchli ta’sir qiladi: ular ishtahani boshqaradigan miya markazlari, moddalar almashinuvi, gormonlar muvozanati va ichki a’zolar faoliyatiga aralashadi. Shu sabab, bunday preparatlarni oddiy parhez qo‘shimchasi yoki “tez ozish” uchun mo‘ljallangan mahsulot sifatida qabul qilish noto‘g‘ri.

Shifokorlar mazkur turdagi dorilarni semizlik tashxisi qo‘yilgan, ya’ni ortiqcha vazn inson sog‘lig‘i uchun real xavf tug‘dirayotgan holatlarda tavsiya etadi. Masalan, vazn tufayli qon bosimi ko‘tarilgan, qandli diabet xavfi oshgan, yurak-qon tomir kasalliklari, jigar yog‘lanishi yuzaga kelgan yoki bo‘g‘imlarga ortiqcha yuk tushayotgan bo‘lsa, vaznni kamaytirish davolashning bir qismiga aylanadi. Ana shunday vaziyatda ozdiruvchi dori foyda va xavf nisbatida o‘zini oqlashi mumkin.

Ammo vazn ortishi asosan hayot tarzi bilan bog‘liq bo‘lsa, ya’ni noto‘g‘ri ovqatlanish, kamharakatlik, kechki payt ko‘p ovqat yeyish, uyqusizlik, doimiy stress natijasida yuzaga kelsa, doriga murojaat qilish muammoning ildizini kesmaydi. Mazkur holatda dori faqat oqibatni vaqtincha yashiradi: ishtaha pasayadi, vazn kamayadi, ammo sabab o‘zgarmagani uchun dorini to‘xtatgach, semizlik yana qaytishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Eng xavfli tomoni shundaki, inson asta-sekin sog‘lom ovqatlanish va harakatni emas, dorini asosiy yechim deb qabul qila boshlaydi. Oqibatda organizm dori ta’sirisiz ishlashga qiynaladi, moddalar almashinuvi sekinlashadi va “tez ozish – tez qaytish” holati yuzaga keladi. Bu esa nafaqat vazn muammosini, balki sog‘liq bilan bog‘liq boshqa xavflarni ham kuchaytiradi.

Kimlarga mumkin emas?

Birinchi navbatda, qandli diabetning ayrim turlarida ehtiyot chorasi zarur. Ba’zi ozdiruvchi dorilar insulin ajralishi va glyukoza almashinuviga ta’sir qiladi. 1-tur diabet, shuningdek, nazoratsiz kechayotgan 2-tur diabetda yoki tez-tez qon shakari tushib ketadigan bemorlarda bunday dorilar holatni og‘irlashtirishi mumkin. Ushbu guruhdagi bemorlar uchun ozdiruvchi dorilarni shifokor nazoratisiz, mustaqil qabul qilish umuman mumkin emas.