Jahon | 19:37 / 06.01.2026
6095
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Machado Trampga o‘zining Nobel mukofotini berishga tayyorligini aytdi

Avvalroq, Tramp Machado haqida Venesuelada «yetarlicha qo‘llab-quvvatlovga ega emas» degan edi.

Foto: Getty images

Venesuelalik muxolifatchi siyosatchi, 2025 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Mariya Korina Machado o‘z mukofotini AQSh prezidenti Donald Trampga topshirishga yoki u bilan bo‘lishishga tayyor. Bu haqda Machado Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olganimni bilganimda, uni Donald Trampga bag‘ishladim, chunki u bunga loyiq deb o‘yladim... Agar men oktyabr oyidayoq u bunga loyiq deb hisoblagan bo‘lsam, tasavvur qiling, hozir [Nikolas Maduro ag‘darilganidan keyin] qanchalik bu fikrda mustahkamlandim», dedi Machado.

Boshlovchining Trampga mukofotni berishni taklif qilganmisiz, degan savoliga siyosatchi shunday javob berdi: «Bu hali sodir bo‘lgani yo‘q. Ammo men unga shaxsan aytmoqchimanki, biz, Venesuela xalqi (chunki bu Venesuela xalqining mukofoti) uni [mukofotni] unga berishni va u bilan bo‘lishishni xohlaymiz».

Mariya Korino Machado Venesuela parlamenti deputati edi. 2012 yilda u prezidentlikka nomzodini qo‘ydi. 2023 yilda u navbatdagi prezidentlik saylovida ishtirok etish niyatini e’lon qilganida, davlat lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilindi. 2012 va 2024 yillarda Machado Nikolas Maduroga qarshi namoyishlarga boshchilik qilgan.

2025 yil oktyabr oyida Machado tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi. U buni «jabrdiyda Venesuela xalqiga» va Donald Trampga «ishimizni qat’iy qo‘llab-quvvatlagani uchun» bag‘ishladi.

3 yanvar kuni AQSh maxsus kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlab ketganidan so‘ng, Machado venesuelaliklar uchun «erkinlik vaqti kelganini» aytdi. Biroq Trampning ma’lum qilishicha, AQSh Venesuelani Maduroning eski safdoshi bo‘lgan vitse-prezident Delsi Rodriges bilan hamkorlikda boshqarmoqchi. Machado, Trampning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda «yetarlicha qo‘llab-quvvatlovga ega emas».

The Washington Post manbalarining xabar berishicha, Tramp Machadoni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan, chunki Machado unga o‘zi juda xohlagan Nobel mukofotini bermagan. Tramp Machado «g‘alaba qozonmasligi kerak edi» deb javob berdi, ammo unga mukofot berilishini o‘z qaroriga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganini aytdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid