Jahon | 14:14 / 07.01.2026
2837
3 daqiqa o‘qiladi

Deklaratsiya loyihasi: AQSh Ukraina xavfsizligini kafolatlaydi

AFP yozishicha, Parijdagi dastlabki kelishuvga ko‘ra, AQSh Yevropa davlatlari ishtirokida otashkesimga rioya etilishini monitoring qilishga boshchilik qilmoqchi, shuningdek “hujum bo‘lgan taqdirda” Ukrainada Yevropa mamlakatlari rahbarligidagi ko‘p millatli kuchlar tuzilishini qo‘llab-quvvatlash niyati bor.

Foto: Yoan Valat/AP

Ukrainada tinchlik kelishuvi tuzilgan taqdirda, dastlabki kelishuvga ko‘ra, AQSh Yevropa davlatlari ishtirokida otashkesim shartlariga rioya etilishini nazorat qilishga boshchilik qilish niyatida. Bundan tashqari, AQSh “hujum bo‘lgan taqdirda” Ukrainada Yevropa davlatlari rahbarligida rejalashtirilayotgan ko‘p millatli kuchlarni tuzishni qo‘llab-quvvatlash majburiyatini olgan. Bu haqda seshanba, 6 yanvar kuni Parijda “ko‘ngillilar koalitsiyasi” uchrashuvi yakuniy bayonoti loyihasida aytilgan, hujjat nusxasi AFP agentligi ixtiyorida ekani bildiriladi.

Hujjatga ko‘ra, Vashington Yevropa davlatlari rahbarligidagi ko‘p millatli qurolli kuchlarga razvedka va logistika sohalarida ham yordam berishni rejalashtirmoqda. Loyihada “havoda, dengizda va quruqlikda xavfsizlik choralarini tayyorlash, shuningdek Ukraina qurolli kuchlarini tiklash” bo‘yicha harbiy rejalar mavjud ekani aytilgan. AFP ta’kidlashicha, ushbu hujjat davlat rahbarlari uchrashuvida ma’qullanishi kerak edi. Loyihaga ko‘ra, ko‘p millatli qo‘shinlar “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ga a’zo davlatlar harbiy xizmatchilaridan tashkil topadi.

“Biz kelgusida Rossiya tomonidan qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda Ukrainaga ko‘maklashish hamda tinchlik va xavfsizlikni tiklash bo‘yicha yondashuvimizni belgilaydigan majburiy majburiyatlarni yakuniylashtirishga kelishib oldik”, — deyiladi deklaratsiya loyihasida.

Bayonot loyihasiga ko‘ra, koalitsiya vakillari “AQShning Ukraina xavfsizligini ta’minlashda koalitsiyani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi”ni olqishlagan. O‘z navbatda, ular harbiy harakatlarni to‘xtatish rejimi amal qila boshlashi bilan kuchga kiradigan “siyosiy va yuridik jihatdan majburiy kafolatlar”ni o‘z zimmasiga olishga tayyor. Bundan tashqari, Parijdagi mavjud shtab negizida Yevropa koalitsiyasi davlatlari, AQSh va Ukraina o‘rtasida muvofiqlashtiruvchi markaz tashkil etilishi rejalashtirilgan.

6 yanvar kuni kunning ikkinchi yarmida Parijdagi prezident saroyida “ko‘ngillilar koalitsiyasi”ga kiruvchi 20 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tgan: maqsad — Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarining yanada aniq rejalarini taqdim etish. Ishtirokchilar orasida GFR kansleri Fridrix Mers, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, prezident Donald Trampning maslahatchisi va maxsus vakili Stiven Uitkoff, shuningdek Trampning kuyovi Jared Kushner ham bor. Zelenskiy allaqachon Parijda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan yakkama-yakka uchrashgan.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, “ko‘ngillilar koalitsiyasi” rahbarlari va AQSh vakillari uchrashuvidagi asosiy mavzu — Rossiya va Ukraina qo‘shinlari o‘rtasidagi 1400 kilometrlik to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab otashkesim rejimiga rioya etilishini nazorat qilish masalasi bo‘ladi. Buning uchun sun’iy yo‘ldoshlar va dronlardan foydalanish taklif etilmoqda.

Mavzuga oid