Jahon | 14:46
4771
5 daqiqa o‘qiladi

Moskva yana zarba ostida. Ukraina mingga yaqin dron uchirgan

Bu urush boshidan buyon amalga oshirilgan eng yirik hujum bo‘ldi. Yana Kapotnedagi neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqdi.

Videodan skrinshot / Reuters / Scanpix / LETA

Moskvaga ukrain dronlarining urush boshidan buyon eng yirik hujumi kuzatildi. Poytaxtga qariyb 200 ta dron hujum qilgan, Kapotneda  yana Moskva neftni qayta ishlash zavodi yonib ketgan.

Moskva shahri meri Sergey Sobyaninga ko‘ra, bir necha dron neftni qayta ishlash zavodiga «yetib borishga muvaffaq bo‘lgan», hujum oqibatlari bartaraf etilmoqda. Telegram-kanallar hujumdan keyin yong‘in chiqqani va shahar uzra quyuq tutun ko‘tarilgani aks etgan kadrlarni namoyish etgan. Roliklardan birida yoqilg‘i saqlash omboridagi yong‘in vaqtida tom parchalari har tarafga otilib ketayotgani aks etgan.

Ukraina qurolli kuchlari Kapotnedagi zavodga ikki kun oldin, 16 iyunga o‘tar kechasi ham hujum qilgandi, zavod undan oldinroq may oyi o‘rtalarida ham zarba ostida qolgandi. Reuters manbalariga ko‘ra, bu hujumlardan keyin xavfsizlik nuqtayi nazaridan zavod faoliyati to‘xtatilgan.

Ukraina qurolli kuchlarining 18 iyun kungi hujumi oqibatida Moskva shahri janubi-sharqidagi «Sadovod» savdo markazi hududiga ham dron parchalari tushgan. Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, «binolardan birida arzimas shikastlanish qayd etilgan».

Kotelnikov rayonidagi Volgograd prospektida va Novoryazansk shossesida transport harakati to‘xtatilgan. Sobyanin Moskva shahriga kirib kelishda jami 180 ta dron urib tushirilgani va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlashda davom etayotganini xabar qilgan. «Agenstvo» nashri qayd etishicha, bu urush boshidan buyon dronlarning eng yirik hujumi bo‘ldi. TASS esa bu hujum so‘nggi ikki yillikdagi eng yirik hujum bo‘lgani haqida yozgan.

Tungi hujum chog‘ida Moskvadagi to‘rtta aeroport ham yopilgan – bular Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy aeroportlari. Sheremetevodagilar aeroport xizmatchilari yo‘lovchilarni xavfsiz joyga ko‘chirishgani (jumladan, samolyotlar bortidan) haqida ma’lum qilgan. Tongda cheklovlar olib tashlangan, ammo keyin aeroportlar yana yopilgan. Transport vazirligidagilar cheklovlar parvozlar xavfsizligini ta’minlash uchun o‘ta zarur ekanini xabar qilgan. Rossiya markaziy qismida, jumladan shu kunlarda Vladimir Putin tashrif buyurgan Qozonda ham aeroportlar faoliyatiga cheklovlar joriy etilgan.

Moskva oblastidagi Jukovskiy rayonida dronlardan biri Gagarin ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyga urilgan. Oblasti gubernatori Andrey Vorobev hujum oqibatida 16 kishi jarohat olgani, shundan ikki nafari bolalar ekani haqida ma’lum qilgan.

Xususan, Elektrostal yaqinidagi Stepanovo qishlog‘ida xususiy uyga dron parchalari tushishi oqibatida bir ayol yelkasidan jarohat olgan.

Lyubersida dronlar parchalari bir necha joyga tushgan, fitnes-markaz binosi hamda sanoat zonasidagi obekt shikastlangan. Bundan tashqari, dronlar parchalari Kotelnikidagi «Belaya Dacha» savdo markaziga tushishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Chexov rayonining Masnovo-Jukovo qishlog‘i hamda Kryukovo posyolkasida, shuningdek, Pavlovskiy Posadda dronlar hujumi oqibatida shikastlanishlar qayd etilgan.

Ukraina dronlari Rostov oblastiga ham hujum qilgan, Gukovoda bir kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi gubernator Yuriy Slyusar. Yana ikki kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan – bular Gukovodagi vokzal yuk ortish stansiyasi xodimlaridir. Hujum oqibatida teplovoz shikastlangan va ikkita tijoriy obekt yonib ketgan.

Rossiya mudofaa vazirligi tunda va kun davomida havo hujumidan mudofaa kuchlari ukrainlarning 992 ta droni va to‘rtta qanotli raketasi hamda o‘nta aviabombasini qaytargani haqida hisobot berdi.

Volodimir Zelenskiy hujumni Rossiyaning Ukraina shaharlari bo‘ylab zarbalariga «adolatli javob» deb atadi. «Bu tunda bizning uzoq masofali sanksiyalarimiz yana bir bor Moskva regionigacha yetib bordi: hafta davomida ikkinchi marta Moskva neftni qayta ishlash zavodiga zarba berildi. Shuningdek, Rostov regionidagi va Ukrainaning vaqtincha ishg‘ol etilgan hududlaridagi nishonlarga hujum qilingan», – deya yozgan Zelenskiy. U «bu urushni yakunlash vaqti kelgani va Rossiya kerakli diplomatik qadamlarni tashlashi lozimligi»ni qo‘shimcha qilgan. 

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid