Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil va Suriya AQSh yordamida aloqa kanali yaratmoqda
Suriya va Isroil Vashington vositachiligida savdo, xavfsizlik va maxsus xizmatlar faoliyati sohalaridagi masalalarni muvofiqlashtirish uchun platforma (kanal) yaratishga kelishib oldi, deb xabar qildi AQSh Davlat departamenti.
Foto: Mahmoud Hasano / Reuters
Isroil va Suriya savdo, xavfsizlik hamda maxsus xizmatlar ishi sohalaridagi masalalarni muvofiqlashtirish uchun aloqa kanali yaratishga kelishib oldi. Dpa agentligi seshanba, 7 yanvar kuni AQSh Davlat departamenti bayonotiga tayanib shunday xabar tarqatdi.
Amerika tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil va Suriyaning yuqori lavozimli vakillari AQSh vositachiligida Parijda uchrashganidan so‘ng, kelishmovchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashadigan va tushunmovchiliklar paydo bo‘lishining oldini oladigan platforma yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Dpa’ning aniqlashtirishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu idorasi hozircha bunday mexanizm yaratilayotganini qat’iy tarzda tasdiqlamagan. Biroq ayrim bayonotlardan birida Isroil bilan Suriya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni “ikki mamlakat manfaati uchun” chuqurlashtirish zarurligi qayd etilgan.
2024 yil dekabrda Isroil quruqlik qo‘shinlari 1973 yildagi Qiyomat kuni urushi (Yom Kippur War)dan beri ilk bor ochiq tarzda Suriya hududiga kirdi — demilitarizatsiya qilingan chegarabo‘yi hududidan o‘tib. Bundan oldin Isroil armiyasi Suriya bilan chegaradagi bufer zonada “va zarurat tug‘ilgan yana bir qator joylarda” kuchlarni joylashtirganini ma’lum qilgan edi: bu “Jo‘lan tepaliklari aholisi va Isroil fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash” hamda kuchlarning o‘zini himoya qilish uchun qilingani aytilgan.
Suriya va Isroil rasman 1948 yildan beri urush holatida. Isroil Mudofaa kuchi (TSAHAL) Suriyadagi nishonlarga muntazam zarba beradi. Dpa eslatishicha, Isroil bu operatsiyalarning maqsadini qurol-yarog‘ omborlari yoki harbiy texnika zaxiralarini yo‘q qilish, deb izohlaydi.
AQSh Davlat departamenti bayonotiga ko‘ra, Parijdagi uchrashuvdan keyin Isroil va Suriya xavfsizlik sohasida uzoq muddatli kelishuvlar ustida ishlash istagini tasdiqlagan. AQSh buni olqishlagan.
O‘tgan yil sentabrida Isroil va Suriya xavfsizlik bo‘yicha kelishuv tuzish maqsadida muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan edi. Bunday kelishuv chegarabo‘yi hududda suriyalik va isroillik kuchlarning mavjudligi (joylashuvi)ni tartibga solishi kerak.
Mavzuga oid
08:08
AQSh 66 ta xalqaro tashkilotdan chiqmoqda
23:30 / 07.01.2026
AQSh Eron oliy rahbarini yo‘q qilishi mumkin – senator Grem
21:07 / 07.01.2026
Eng mashhur josuslardan biri Oldrich Eyms AQSh qamoqxonasida vafot etdi
20:38 / 07.01.2026