O‘zbekiston | 22:41 / 07.01.2026
25978
3 daqiqa o‘qiladi

«Metan zapravkalar» faoliyatiga 8 yanvardan yana cheklovlar joriy qilindi

Energetika vazirligi Avtomobillarga metan gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari («metan zapravkalar») yana soat 10:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yurita boshlashini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

8 yanvardan boshlab Avtomobillarga metan gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari («metan zapravkalar») soat 10:00 dan 16:00 ga qadar faoliyat yurita boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

«Magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilayotganligi sababli bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda. Xususan, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bosh vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Shu bois, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz barqaror ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan «metan zapravkalar» faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilmoqda», deyiladi xabarda.

Qayd qilinishicha, Farg‘ona vodiysida «metan zapravka»larning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, «gaz bosimidan kelib chiqib amalga oshiriladi».

«Buning asosiy sababi — gaz bosimi pasaygan vaqtlarda vazirlik va hokimliklar tomonidan birinchi navbatda aholi, jamoat transportlari hamda ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz (yoqilg‘i) bilan uzluksiz ta’minlash. Ya’ni, jamoat transportining barqaror ishlashi, ijtimoiy ahamiyatga ega obektlar hamda aholi ehtiyojlarini qondirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu bois, gaz ta’minotidagi umumiy holat, bosim darajasi va iste’mol hajmidan kelib chiqqan holda «metan zapravkalar»ning ish rejimi mahalliy hokimliklar bilan kelishiladi. Bu chora gaz resurslaridan oqilona foydalanish va barqaror ta’minotni ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu zarur choralar vaqtincha bo‘lib, gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

«Metan zapravkalar» faoliyatiga vaqtincha cheklov 12 dekabrdan boshlab kiritilgan edi. Energetika vazirligi buni «qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani» bilan izohladi. Shundan so‘ng, 30 dekabrdan barcha «metan zapravka»lar 24 soatlik ish rejimiga qaytarilgan edi.

Mavzuga oid