Iqtisodiyot | 22:35 / 07.01.2026
3924
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarga soliq hisobotini vaqtida topshirmaganlik uchun jarima miqdori kamaytirildi

Shuningdek, oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga ma’muriy jarima qo‘llanmagan holda soliq hisobotini 5 kungacha kechiktirib topshirishga ruxsat berildi.

Foto: Shutterstock

Soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun tadbirkorlarga belgilangan ma’muriy jarima miqdori kamaytirildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 2026 yil 1 yanvardan agar tadbirkor hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlarini taqdim etmagan bo‘lsa, barcha taqdim etilmagan hisobotlar bo‘yicha umumiy bitta jarima qo‘llaniladi. Avval har bir soliq hisobotini belgilangan muddatdan kechiktirib topshirish holati uchun alohida jarima qo‘llanilgan.

Shuningdek, soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun belgilangan ma’muriy jarima miqdori ham kamaytirildi: fuqarolar uchun — 3 BHM dan 1 BHM ga (412 ming so‘m). Kichik tadbirkorlik sub’yektlarining mansabdor shaxslari uchun — 10 BHM dan 3 BHM ga (1 236 000 so‘m). Amaldagi qonunchilikka muvofiq, kichik tadbirkorlik sub’yektlari toifasiga yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirma va kichik korxonalar kiradi.

Oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga ma’muriy jarima qo‘llanmagan holda soliq hisobotini 5 kungacha kechiktirib topshirishga ruxsat berildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid