Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maduro bilan birga rafiqasi ham qo‘lga olingan. Siliya Flores o‘zi kim va nimada ayblanmoqda?
Siliya Flores shunchaki Venesuelaning birinchi xonimi emas, balki mamlakatdagi eng nufuzli siyosiy figuralardan hisoblanadi. U Nikolas Maduro bilan parallel ravishda siyosiy karera qurgan, oldingi prezident Ugo Chaves davridayoq kattaroq lavozimlarda ishlagan. AQSh uning qarindoshlarini giyohvand moddalar savdosida ayblab qamagandi.
Siliya Flores 1956 yilda, Venesuela poytaxti Karakasdan 200 km g‘arbroqda joylashgan Tinakilio shahrida tug‘ilgan. U to‘rt yoshdaligida oila Karakasga ko‘chib kelgan. Ular shahar g‘arbida aholi zich joylashgan Katiya va Bokerone tumanlarida yashashgan.
Siliya 32 yoshida xususiy Santa-Mariya universitetini tamomlab, jinoiy va mehnat huquqlari sohasiga ixtisoslashgan huquqshunosga aylanadi. Uning hayoti 1992 yilda tubdan o‘zgarib ketadi. O‘shanda Venesuela armiyasi podpolkovnigi va Bolivar inqilobiy harakati (MBR-200) armiya bo‘linmasi rahbari Ugo Chaves prezident Karlos Andres Peresga qarshi muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi uyushtiradi. Flores esa 1992–1994 yillarda uni sudda himoya qilgan jamoa tarkibida ishlaydi.
Flores Chavesni ozod etish talab qilib o‘tkazilgan mitingida MBR-200 faoli Nikolas Maduro bilan tanishib qolgan. O‘shanda u oilali, uch nafar farzandi bor edi. Ko‘p o‘tmay u ajrashadi, sobiq turmush o‘rtog‘i Valter Ramon Gavidia bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qoladi va Maduro bilan uchrashishni boshlaydi.
Chaves va uning safdoshlari 1994 yilda amnistiya bilan ozod etiladi va ommaviy siyosiy harakat tuzishadi. Flores ham, Maduro bu harakatda yetakchi o‘rinlarda bo‘lishadi. 1998 yilda Chaves prezidentlikka saylanganidan keyin turli muhim lavozimlarda ishlashadi, 2000 yilgi saylovlardan keyin parlament deputatlariga aylanishadi. 2005 yilda Maduro spiker bo‘ladi. Bir yil o‘tib Chaves uni tashqi ishlar vaziri etib tayinlaydi, spiker lavozimini esa Flores egallaydi va mamlakat tarixida parlament rahbarligiga kelgan birinchi ayol bo‘ladi.
Chavesning jangovar safdoshining bu lavozimdagi faoliyati mojarolarsiz kechmagan. Masalan, u parlament yig‘ilishlari zaliga OAV vakillari kirishini taqiqlagan va bu taqiq 2016 yil yanvarigacha o‘z kuchida qoladi, faqat navbatdagi parlament saylovlaridan keyin Milliy assambleya ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan muxolifat tomonidan bekor qilinadi.
Flores nepotizmda ham ayblangan: mahalliy kasaba-uyushmalariga ko‘ra, u parlament apparatiga o‘ziga yaqin bo‘lgan 40 ga yaqin kishini ishga olgan, ular orasida to‘rt nafar aka-ukalari, ikki amakivachchasi va yana ikki qarindoshi, shuningdek, sobiq turmush o‘rtog‘i bo‘lgan. 2009 yilda Flores Venesuela Birlashgan sotsialistik partiyasi rahbari o‘rinbosari lavozimini egallaydi (partiya rahbari Chaves edi). 2012 yilda Maduro mamlakat vitse-prezidentiga aylanadi, Flores – bosh prokuror bo‘ladi.
2013 yilda Chaves vafot etadi. U amalda o‘limidan oldin Maduroni o‘z vorisi etib tanlagandi, ammo hokimiyatga boshqa da’vogarlar ham yo‘q emasdi. Floresning Venesuela siyosiy elitasidagi ta’siri o‘sha paytda Maduroning ta’siridan kam emasdi. Uning qo‘llovi Maduroga nafaqat prezident bo‘lishga, balki hokimiyatni chinakamiga o‘z qo‘liga olishga yordam berdi, deb qayd etadi CNN.
O‘sha yili Maduro va Flores turmush quradi (ular bunga qadar ham birga yashab kelishgan va oldingi turmushlaridan bo‘lgan farzandlarini birgalikda tarbiyalashgan).
U birinchi xonim unvonini «haddan tashqari burjuaga xos» deb voz kechadi – uni «birinchi kurashchi» deb atay boshlashadi. Shu bilan birga, an’anaga ko‘ra Flores davlat rahbarlari rafiqalariga xos bo‘lgan rolni bajaradi: asosan onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi. Xususan, davlat televideniyesida va radioda mualliflik ko‘rsatuvlarini olib boradi. Shu bilan birga, u turmush o‘rtog‘ining eng muhim maslahatchisi va Venesueladagi eng nufuzli siyosiy arboblardan biri bo‘lib qoladi.
Biroq so‘nggi yillarda OAVning e’tibori uning o‘ziga emas, balki oilasiga qaratilgandi.
2015 yilda Haitida politsiya Siliya Floresning qarindoshlari – Efrain Antonio Kampo Flores va Fransisko Flores de Freytasni qo‘lga oladi – ular AQSh hududiga 800 kilogramm miqdordagi kokainni olib o‘tishga urinishda ayblangan. Ular Haitiga Venesuela diplomatik pasportlari bilan kirishgan, holbuki ularda rasman diplomatik maqom va immunitet yo‘q edi. Ular AQShga topshiriladi – Flores o‘shanda buni «odam o‘g‘rilash» deb baholagandi. 2017 yil dekabrida Amerika sudi ularning ikkisini ham giyohvand moddalar savdosida aybdor deb topib, 18 yilga qamaydi.
Courtesy of U.S. Attorneyʼs Office Manhattan / Reuters / Scanpix / LETA
Tergov versiyasiga ko‘ra, ular o‘zaro til biriktirib, Karakasdagi Mayketiya aeroportidagi prezident angaridan foydalanib, u yerdan 800 kg kokainni Gondurasga olib borib, u yerdan Qo‘shma Shtatlarga olib o‘tishni rejalashtirgandi.
Ularning ikkisi ham 2022 yil oktyabr oyida, o‘sha paytdagi prezident Jo Bayden tomonidan Venesuelada qamoqda bo‘lgan yetti nafar amerikalikni ozod qilish bo‘yicha kelishuv doirasida afv etilgan va ozod qilingan.
Floresning boshqa bir qarindoshi, Karlos Erik Malpika Flores va bu oilaning yana bir qancha a’zolari (bu oila Siliyaning singlisi Eloiza orqali qarindoshlar hisoblangan) 2018 yilda Panama sanksiyalariga uchragan. Ular jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishda ayblangan 16 ta kompaniyadan iborat tarmoqni nazorat qilishgan.
Siliya Flores 2018 yildan AQSh sanksiyalari ostida bo‘lgan. 2025 yil dekabrida, Tramp ma’muriyati Karlos Erik Malpiki Flores, uning ota-onasi, rafiqasi, singillari va qizlariga ham sanksiyalar qo‘llagandi. Ammo hozirda eng jiddiy muammolar Siliya Floresning o‘zida yuzaga keldi.
Mavzuga oid
23:19 / 14.05.2026
Maduro qamoqda 18 kishilik umumiy kamerada o‘tirgani aytildi
19:07 / 25.04.2026
AQSh Venesuela hukumatiga Maduroning himoyasi uchun haq to‘lashga ruxsat berdi
09:49 / 24.04.2026
Maduroning ag‘darilishidan 400 ming dollar ishlab olgan AQSh Maxsus kuchlari harbiysi qo‘lga olindi
13:01 / 07.03.2026