Foto: AQŞ harbiylari qurşovidagi Nikolas Maduro va uning rafiqasi / Foto: Getty Images

23 aprel kuni AQŞ Adliya vazirligi Nikolas Maduroni qölga oliş operatsiyasida iştirok etgan AQŞ armiyasi askariga ayblov e’lon qilinganini bildirdi. Ma’lum qilinişiça, serjant Venesuela yetakçisi hokimiyatdan çetlatilişiga pul tikib, 400 ming dollar işlaganlikda ayblanmoqda.

Maxsus kuçlar master-serjanti Gannon Van Dayk maxfiy ma’lumotlardan foydalangan holda Polymarket prognoz bozorida AQŞ kuçlarining Venesuelaga kirişi va Maduroning hokimiyatdan ketişi borasida garov öynagan. Reutersʼning yozişiça, holat Maduro 2026 yil 3 yanvarda hibsga olinişidan bir neça hafta oldin röy bergan.

Manxetten federal sudi hakamlar hay’ati 38 yoşli Van Daykka nisbatan:

  • hukumatning maxfiy ma’lumotlaridan şaxsiy manfaat yölida noqonuniy foydalaniş;
  • hukumatning ommaga oçiq bölmagan ma’lumotlarini öğirlaş;
  • tovarlar bilan boğliq firibgarlik;
  • elektron aloqa vositalari orqali firibgarlik;
  • noqonuniy pul operatsiyalarini amalga oşiriş kabi ayblovlar e’lon qildi.

Uşbu iş Adliya vazirligi tomonidan başoratlar bozori (prediction market) bilan boğliq insayderlik savdosi böyiça ayblov qöyilgan ilk holat böldi.

«Formadagi erkak va ayollarimizga missiyalarini iloji boriça xavfsiz va samarali bajarişlari uçun maxfiy ma’lumotlar işonib topşiriladi va ularga uşbu öta nozik ma’lumotlardan şaxsiy moliyaviy manfaat yölida foydalaniş taqiqlanadi», dedi AQŞ boş prokurori vazifasini bajaruvçi Todd Blanş öz bayonotida.

Ayblov xulosasiga köra, Van Dayk 2008 yildan beri AQŞ armiyasida haqiqiy harbiy xizmatçi bölib, oxirgi vaqtlarda Şimoliy Karolinadagi "Fort-Bragg" bazasida xizmat qilgan.

Prokurorlarning ta’kidlaşiça, Van Dayk Maduroni qölga oliş operatsiyasini «rejalaştiriş va ijro etişda» iştirok etgan. Ayblov xulosasida Van Dayk 3 yanvar kuni erta tongda — Maduro desant kemasiga olib kelinganidan bir neça soat ötgaç özining internetdagi hisobiga yuklagan fotosuratiga e’tibor qaratilgan.