Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronda 12 kunlik namoyishlar: kamida 45 kishi halok bo‘ldi, internet deyarli o‘chirildi
Eronda giperinflatsiya fonida boshlangan namoyishlar 12 kundan beri davom etmoqda. Namoyishchilar Tehron va boshqa yirik shaharlar ko‘chalariga chiqmoqda. Kamida 45 nafar namoyishchi halok bo‘lgan, ular orasida sakkiz nafar voyaga yetmagan ham bor.
Foto: Kamran/Middle East Images/picture alliance
Eronda rial kursi keskin qulagani va inflatsiya keskin kuchaygani ortidan boshlangan ko‘cha namoyishlari ketma-ket 12-kun davom etmoqda. Payshanba kuni, 8 yanvarda namoyishchilar Tehrondagi asosiy magistral yo‘llardan biri — Oyatulloh Koshoni bulvarini to‘sib qo‘ydi. Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan kadrlarda namoyishchilar va signal chalayotgan avtomobillar ko‘rinadi.
Dpa agentligi guvohlar so‘ziga tayanib xabar berishicha, xavfsizlik kuchlari niqob taqqan namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamoqda. Faollar tarqatgan videoyozuvlarda Tehronda yongan politsiya avtomobillari ko‘rinadi. Shuningdek, Mashhad, Kermanshoh va boshqa yirik shaharlarda ham ommaviy namoyishlar bo‘layotgani haqida xabar qilinmoqda.
Shu orada Eron hukumati aholi uchun internetga kirishni to‘liq chekladi. Britaniyadagi NetBlocks tashkiloti bayonotiga ko‘ra, mamlakat “deyarli to‘liq umummilliy internet blekauti” holatida. Cloudflare IT-kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 8 yanvar kuni Eronda internet-trafik taxminan 90 foizga kamaygan. Dpa’ning qayd etishicha, ehtimol, internetga erkin kirish imkoniyati faqat amaldorlar va kuch tuzilmalarida saqlanib qolgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp Salem News Channel telekanaliga bergan intervyusida Tehron rahbariyatiga nisbatan avval aytgan tahdidlarini takrorladi. “Men ularga aniq tushuntirib qo‘ydim: agar ular odamlarni o‘ldira boshlasa, biz qattiq chora ko‘ramiz — ular buni ko‘pincha o‘zlaridagi betartibliklar paytida qiladi, ularda esa betartibliklar ko‘p”, — dedi Oq uy rahbari va eronliklarni esa “jasur odamlar” deb atadi. Tramp so‘zlariga ko‘ra, uning ma’muriyati vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
Norvegiyadagi Iran Human Righs (IHR) tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar boshlanganidan beri kamida 45 nafar namoyishchi o‘ldirilgan, ular orasida sakkiz nafar voyaga yetmagan ham bor. Eron hukumati va OAV esa avvalroq 21 kishi halok bo‘lgani, ular orasida jumladan xavfsizlik kuchlari xodimlari ham borligini xabar qilgan edi.
Ommaviy ko‘cha namoyishlari Eronda 28 dekabrdan beri davom etmoqda. Ularning boshlanishi Tehronning bosh shahar bozorida kuzatilgan: ko‘plab do‘kon egalari giperinflatsiya va narxlarning keskin tebranishiga qarshi norozilik sifatida savdo nuqtalarini yopib qo‘ygan.
29 dekabr kuni rial — Eron milliy valutasi yangi rekord darajada qulagan (bir rial taxminan 0,00002 yevroga teng bo‘lgan). Oktyabrda esa Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda oziq-ovqat inflatsiyasi 64,2 foizni tashkil etgan — bu ko‘rsatkich bo‘yicha “antireyting”da mamlakatni faqat Janubiy Sudan ortda qoldirgan.
Mavzuga oid
17:47 / 09.01.2026
Eron rahbari Ali Xominaiy norozilik namoyishlari fonida xalqqa murojaat qildi
16:04 / 09.01.2026
Eron qiyin ahvolda: Xominaiy rejimining qulash vaqti yaqinmi?
22:55 / 08.01.2026
Eronda ommaviy noroziliklar fonida internet ishlamay qoldi
15:11 / 08.01.2026