Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eronning nishonlari – dunyoda va Arab ko‘rfazi davlatlarida AQShning nechta harbiy bazasi bor?
2026 yil 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga raketa va aviatsiya zarbalari bera boshladi. Fors davlati bunga javoban Isroilga hamda AQShning Arab ko‘rfazi atrofida joylashgan davlatlardagi harbiy bazalarini nishonga oldi. Xo‘sh, AQShning xorijiy davlatlarda nechta harbiy bazasi bor? Arab ko‘rfazi davlatlarida ularning soni nechta?
Bugun AQSh dunyoning eng qudratli davlati sifatida ko‘plab mamlakatlarda harbiy bazalarga ega. Ularning ayrimlari quruqlikda aviabaza, boshqalari harbiy-dengiz bazasi sifatida faoliyat yuritadi.
Bu bazalarning asosiy qismi Yaponiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Yaqin Sharq hamda Arab ko‘rfazi davlatlarida joylashgan.
AQShning Yaqin Sharq va Arab ko‘rfazidagi davlatlarda joylashgan bazalari bir tomondan Eronni o‘rab turadi va ular Fors davlatiga juda yaqin joylashgan.
Bugun AQSh ana shu bazalardan ham foydalangan holda Eronga aviatsiya va raketa zarbalari bermoqda. Eron ham qarab turmayapti va AQSh harbiy bazalari hamda Arab ko‘rfazi atrofidagi davlatlarning infratuzilma obektlarini nishonga olmoqda.
Hozir AQShning xorijdagi, jumladan, Arab ko‘rfazi davlatlarida joylashgan va Eronning nishoniga aylanayotgan harbiy bazalari haqida gaplashamiz.
AQShning xorijdagi harbiy bazalari tarixi
Qo‘shma Shtatlarning xorijdagi birinchi harbiy bazasi AQSh va Ispaniya o‘rtasida 19-asr oxirida bo‘lib o‘tgan urushdan so‘ng, 1903 yilda Kubada ochilgan. O‘sha urushda keyin Kuba mustaqillikka erishgandi.
Guantanamo deb nomlangan bu harbiy baza joylashgan yerni amerikaliklar Kubadan muddatsiz davrga ijaraga oladi. Shu sababli Qo‘shma Shtatlar undan hanuzgacha foydalanib kelmoqda.
Qo‘shma Shtatlar keyingi harbiy bazalarni Filippin, Havay orollari, Puerto-Riko va Panamada ochadi. Ikkinchi jahon urushi arafasida Avstraliyada ham harbiy bazalar tashkil etiladi.
Ikkinchi jahon urushi boshlangach AQSh avvaliga Tinch okeani mintaqasida, so‘ng Britaniyada, nemislar yengilgach Germaniya, Italiya va boshqa Yevropa davlatlarida ko‘plab harbiy bazalar ochadi.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dunyoning turli hududlarini nazoratga olish bo‘yicha SSSR bilan raqobat boshlangach, Qo‘shma Shtatlar Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda harbiy bazalar tashkil etadi.
1960-yillarda Arab ko‘rfazi davlatlarida yirik neft konlari topilgach, AQSh bu hududda ham bazalarini ochib, ularga o‘z harbiylarini joylashtira boshlaydi.
1991 yilda SSSR parchalanib ketadi va Sharqiy Yevropada joylashgan davlatlar sotsialistik tuzumdan voz kechib, Yevropa oilasiga qaytadi. Shundan so‘ng AQSh bu davlatlarning ayrimlarida harbiy bazalarini joylashtiradi.
AQShning xorijdagi harbiy bazalari bir necha turga bo‘linadi. Jumladan:
· Harbiy-havo kuchlari bazalari;
· Harbiy-dengiz kuchlari bazalari;
· Quruqlikdagi qo‘shinlar bazalari;
· Dengiz-piyoda qo‘shinlari bazalari;
· Harbiy kosmik qo‘shinlar bazalari.
Shuningdek, harbiy bazalar o‘z faoliyati yuzasidan ham turlicha. Masalan:
· Yirik doimiy bazalar;
· Tezkor amaliyot bazalari;
· Logistik tugunlar va tranzit maskanlari;
· Maxfiy bazalar.
AQShning dunyoda nechta harbiy bazasi bor?
Xorijdagi harbiy bazalar bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar dunyoda yaqqol yetakchilik qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda dunyoning 80 ga yaqin davlatida AQShning mingdan ortiq harbiy bazasi bor.
AQShning xorijdagi harbiy bazalari ikki turga bo‘linadi. Birinchi turdagi bazalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Qo‘shma Shtatlarning o‘zi nazorat qiladi. Ikkinchi turdagi bazalar ular joylashgan davlat yoki boshqa mamlakatlar bilan birga foydalaniladi.
AQSh to‘g‘ridan to‘g‘ri nazorat qiladigan eng ko‘p harbiy bazalar Yaponiyada joylashgan – 14 ta. Keyingi o‘rinda Filippin, bu davlatda Qo‘shma Shtatlarning 9 ta harbiy bazasi bor.
Uchinchi o‘rinda Janubiy Koreya joylashgan, bu mamlakatda amerikaliklarning 8 ta harbiy bazasi bor. Keyingi o‘rinlarda Italiya, Papua-Yangi Gvineya, Germaniya, Britaniya joylashgan. Dastlabki o‘ntalikdan Polsha, Kuvayt va Avstraliya ham joy olgan.
Yuqorida keltirilgan raqamlar to‘lig‘icha AQSh tomonidan boshqariladigan harbiy bazalarga tegishli. Ulardan tashqari Qo‘shma Shtatlar xorijiy davlatlarga qarashli harbiy bazalardan ham foydalanadi.
Agar AQSh harbiylari hamkorlikda foydalanayotgan barcha xorijiy harbiy bazalar hisobga olinsa, raqamlar ancha kattalashadi.
Boshqa mamlakatlar bilan birgalikda foydalaniladigan obektlar ham qo‘shib hisoblanganda AQShning eng ko‘p harbiy bazalari quyidagi davlatlarda joylashgan:
Masalan, ularning soni Yaponiyada – 120 ta. Germaniyada – 119 ta, Janubiy Koreyada – 73 ta va Italiyada – 44 taga yetadi. Keyingi o‘rinlarda Britaniya, Portugaliyada va Turkiya joylashgan.
Dastlabki o‘ntalikdan Bahrayn, Belgiya, Panama va Kuvayt davlatlari o‘rin olgan.
Amerikaliklar xorijda foydalanayotgan barcha harbiy bazalarni misollar tariqasida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, masalan, Yaponiyada to‘lig‘icha AQShga tegishli 14 ta harbiy baza bor.
Bundan tashqari amerikaliklar yaponlarga tegishli yuzlab bazalarda ham o‘z askarlarini va harbiy texnikalarini saqlaydi. Shunda amerikaliklar Yaponiyada harbiy maqsadlarda foydalanayotgan obektlar soni 120 taga yetadi.
Janubiy Koreyada ham shunday: bu yerda to‘lig‘icha AQShga tegishli 8 ta harbiy baza bor. Shuningdek, amerikaliklar janubiy koreyaliklarga tegishli 70 dan ortiq bazada o‘z harbiylarini saqlaydi.
Boshqa ko‘plab davlatlarda ham vaziyat shunday va dunyo bo‘ylab AQSh harbiylari joylashtirilgan barcha bazalar hisoblanganda ularning soni mingtaga yaqinlashib qoladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra hozirda AQSh armiyasida 1,3 milliondan ortiq harbiy xizmatchi bor. Qo‘shma Shtatlar ularning qariyb 200 ming nafarini xorijdagi harbiy bazalarda saqlaydi.
Eng ko‘p AQSh harbiylari Yaponiyada joylashtirilgan – 53 ming nafar. Germaniyada ular soni 35 ming, Janubiy Koreyada 24 ming nafar.
Shuningdek, Italiya, Britaniya, Bahrayn, Ispaniya va Turkiyada ham Qo‘shma Shtatlarning sanoqli miqdorda harbiylari bor.
Umumiy hisobda AQSh mudofaa vazirligi – Pentagon xorijiy davlatlarda 4 700 ta obektga ega. Ularning bir qismi harbiy bazalar bo‘lsa, qolganlari omborxonalar, aloqa markazlari, ma’muriy binolardan iborat.
AQShning Yaqin Sharqda va Arab ko‘rfazi davlatlarida qancha harbiy bazasi bor?
AQShning Yaqin Sharqdagi birinchi harbiy bazasi 1946 yil iyunda Saudiyada tashkil etilgan. 1948 yilda Qo‘shma Shtatlar Bahraynda harbiy baza quradi. Keyinchalik ular soni oshib boradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda Yaqin Sharq va Arab ko‘rfazi davlatlarida AQShning 20 ta yirik harbiy bazasi bor. Shuningdek, Pentagon yana shuncha kichik bazalardan foydalanadi.
AQSh harbiy bazalarining eng yirigi Katarda joylashgan. Al-Udayd deb nomlangan bu bazada 10 mingdan ortiq amerikalik harbiy bor.
Al-Udayd asosan aviabaza hisoblanadi va bu yerda F-15, F-35 kabi qiruvchilar va boshqa samolyotlar, uchuvchisiz qurilmalar, raketalar hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari bor.
Qo‘shma Shtatlarning yana bir yirik harbiy bazasi Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan. Al-Dafra nomli bu obekt ham aviabaza hisoblanadi.
Yuqoridagilardan tashqari, Kuvaytdagi Ali As-Salom, Saudiyadagi Shahzoda Sulton, Iordaniyadagi Muvaffaq Salti bazalari yirik harbiy obektlar hisoblanadi. Turkiyadagi eng yirik Injirlik harbiy bazasi 1952 yilda ochilgan.
O‘zbekistonda ham AQSh harbiy bazasi bo‘lgan.
AQShning O‘zbekistondagi harbiy bazasi 2001 yil 11 sentabrda AQShda sodir etilgan terroristik xurujdan so‘ng bir oy o‘tib ochilgandi.
O‘shanda O‘zbekiston tomoni Qarshi tumani yaqinidagi Xonobod aerodromini Amerika harbiylari foydalanishi uchun ijaraga beradi.
Oradan ikki kun o‘tgach, 7 oktyabr kuni AQSh Afg‘onistonga o‘z harbiylarini kiritadi. O‘sha kezlarda amerikalik harbiylar Xonoboddagi harbiy bazaga kelib joylasha boshlaydi.
Xonobod bazasida har doim 1300 nafar atrofida harbiy xizmatchi bo‘lgan, 2001-2005 yillar mobaynida rotatsiya asosida 10 mingdan 15 ming nafargacha AQSh harbiylari bu bazada xizmat qilgan.
AQSh Xonobod aerodromidan to‘g‘ridan to‘g‘ri Afg‘oniston hududiga havo hujumlarini uyushtirish uchun foydalanmagan.
K2 deb nomlangan bu obekt Afg‘onistondagi harbiylarga turli texnikalar yetkazib beruvchi logistik markaz, transport va tibbiy evakuatsiya punkti sifatida parvozlar amalga oshiriluvchi yordamchi baza sifatida ishlatilgan.
2005 yil may oyida AQSh–O‘zbekiston munosabatlari keskin soviydi. Bunga 13 may kuni sodir bo‘lgan Andijon voqealaridan so‘ng Qirg‘izistonga qochib o‘tgan 450 nafarga yaqin o‘zbekistonlikni AQSh maxsus reys bilan Yevropaga olib chiqqani sabab bo‘ladi.
O‘sha voqeadan so‘ng O‘zbekiston AQShning Toshkentdagi elchixonasiga diplomatik nota yuboradi. Unda Xonoboddagi amerikaliklarni 180 kun ichida olib chiqib ketish so‘raladi.
2005 yil oxirlariga kelib AQSh harbiylari Xonobod bazasini to‘liq tark etadi. Samolyotlar, texnika va harbiylar bosqichma-bosqich olib ketiladi.
Ularning asosiy qismi Qirg‘izistondagi Manas bazasiga, qolgani Afg‘onistondagi bazalarga joylashtiriladi. Xonobod aerodromi yana O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari ixtiyoriga o‘tadi.
Eronning javob zarbalari
2026 yil 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga aviatsiya va raketa zarbalari bera boshlagach, forslar ham Arab ko‘rfazi davlatlarida joylashgan Amerika harbiy bazalariga raketa yo‘llay boshladi.
Jumladan:
Qatardagi Al-Udayd: Eron ushbu bazaga bir necha bor raketa zarbalari yo‘lladi.
Birlashgan Arab Amirliklaridagi Al-Dafra: Abu-Dabida joylashgan ushbu baza bir necha marta Eron dronlari va ballistik raketalari nishoniga aylandi.
Kuvaytdagi Ali as-Salom: sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ushbu bazadagi inshootlar tomi Eron hujumi oqibatida shikastlanganini tasdiqlagan.
Saudiyadagi Shahzoda Sulton: Eron tomonidan uchirilgan raketa va dronlar bazadagi aloqa hamda radar tizimlari yaqinidagi binolarga zarar yetkazgan.
Iroqdagi Erbil xalqaro aeroportida joylashgan baza: Eron AQSh harbiylari joylashgan ushbu obektga ham bir necha bor hujum uyushtirdi.
Dubaydagi Jabal Ali portidagi baza: Eron dronlari hujumlari natijasida AQSh Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan foydalaniladigan dam olish hamda ta’minot zonasida yong‘inlar qayd etilgan.
Shuningdek, Eron Turkiyadagi Injirlik bazasini ham bir necha marta nishonga oldi. Turkiya tomoni forslar uchirgan raketalar havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
08:52
AQSh Erondagi harbiy obektlarga yangi zarbalar berdi
22:58 / 15.07.2026
AQShda Tramp tasvirlangan 1 dollarlik tanga chiqariladi
20:20 / 15.07.2026
Tramp Erondagi ko‘priklar va elektr stansiyalarini portlatish bilan tahdid qildi
18:51 / 15.07.2026