Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«G‘arbiy yarimshar - bizniki». AQShning uch asrlik da’vosi yana kun tartibida
Amerika armiyasi Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni olib qochganidan keyin Davlat departamenti sahifalarida «Bu bizning yarimshar», degan post paydo bo‘ldi. Bu G‘arbiy yarimshar AQSh ta’sir doirasida, degani edi. Tramp ikkinchi muddatida bu g‘oyaga ko‘p urg‘u bermoqda.
G‘arbiy yarimsharni «Yevropa ta’siridan xoli hududga aylantirish» kechagi gap emas, bu g‘oyani ilk marta 1823 yil AQShning beshinchi prezidenti Jyeyms Monro ilgari surgan. Qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa kerak, shu kunlarda «Monro doktrinasi» degan gap tez-tez aytilmoqda, Tramp ham shu haqda gapirdi. Bu aynan G‘arbiy yarimsharni «Amerika ta’siridagi hududga aylantirishni ko‘zda tutuvchi» doktrina.
Uch asrlik da’vo
AQSh prezidentlari azaldan yil yakunida Kongressga va bu orqali millatga murojaat qilib kelgan. Bu rasmiy maqomda prezidentlarning ularni saylagan saylovchilarga hisob berishi deyish mumkin. AQShning beshinchi prezidenti Jyeyms Monro 1823 yil dekabrda ana shu murojaatnomasi vaqtida «butun Amerika kontinentini Yevropa kolonializmidan himoya qilish kerak» degan g‘oyani ilgari suradi. Yevropaliklar hozir odobli bo‘lib qolishdi, o‘sha vaqt ular shlyapani bostirib, soyabonni hassa qilgan-da, «kesak solingan do‘ppi qayerga borib tushsa» (Hojiboy Tojiboyevdan iqtibos — mual.), o‘sha yerni egallab olavergan.
Prezident Monro tarixiy murojaatida Amerika G‘arbiy yarimshardagi yevropaliklar kolonnaga aylantirgan davlatlarni tan olishi, ularning hech bir ishiga aralashmasligi, lekin G‘arbiy yarimsharda yangi kolonnalar ochilishiga yo‘l qo‘ymasligini aytadi. «Mintaqada yangi davlatni kolonna qilishga urinishni AQShga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qilingan hujum deb qabul qilamiz», deydi prezident Monro 200 yil avval.
Jyeyms Monro o‘sha gaplarini doktrina deb tafsiflamaydi, bu shunchaki murojaat edi. Lekin vaqt o‘tgan sayin amerikaliklar uchun G‘arbiy yarimsharni o‘z ta’sir doirasidagi hududga aylantirish masalasi aktuallashib boradi. 30 yil o‘tib Monroning gaplarini «Monro doktrinasi» sifatida qayd etishadi.
20 asr boshida Britaniya, Germaniya va Italiya qarzini to‘lamagani uchun Venesuela atrofida dengiz blokadasi o‘rnatadi. AQSh bunga qarshilik qilmaydi, chunki Monro doktrinasida faqat qaysidir davlat egallab olinishi hujum sifatida qaraladi, deb aniq aytilgandi.
Vaziyat jiddiylashib, nemislar Venesuelaga desant tushirmoqchi bo‘ladi. Shunda AQSh prezidenti Teodor Ruzvelt Venesuela qirg‘og‘iga Amerika harbiy flotini yuborib, nemislarga urush bilan tahdid qilgach, yevropaliklar muzokara o‘tkazishga majbur bo‘ladi.
Bu inqirozdan xulosa chiqargan Ruzvelt 1904 yil «Monro doktrinasi»ga to‘ldirish o‘laroq qaraladigan murojaat e’lon qiladi. Unda «AQSh endilikda Lotin Amerikasi davlatlari ichki ishlariga aralashishga haqli ekani» aytiladi. Ruzvelt nutqida «Monro doktrinasi»ni tilga olib, Amerika G‘arbiy yarimsharda tartib o‘rnatish uchun «xalqaro politsiya rolida bo‘lishga haqli» deydi. Shu tariqa Jyeyms Monro ilgari surgan g‘oya AQShning tashqi siyosatdagi eng muhim da’vosiga aylanadi.
Ikki jahon urushi va oxirgi bir asrda kuzatilgan ulkan o‘sish AQShni mintaqaning muhokamasiz lideriga aylantirdi. Vashington G‘arbiy yarimshar xavfsizligi haqida qayg‘urmay ham qo‘ydi, har holda bu borada shov-shuvli harakatlar sezilgani yo‘q. 2013 yil AQSh davlat kotibi Jon Kerri «Monro doktrinasi» erasi tugagani haqida gapirdi. Ya’ni, inson zamonaviy dunyoga o‘tdi, eskicha qarashlarga hojat yo‘q, degan ma’noda gapirdi o‘sha paytdagi AQSh bosh diplomati. Shu-shu, bu mavzu tinchib ketgandi.
Lekin 2016 yil Amerika siyosatida inqilobiy o‘zgarish yuz berdi. Multimilliarder Donald Tramp Nyu-Yorkdagi o‘ziga tegishli Trump Tower osmono‘par binosida to‘plangan tarafdorlari oldiga oltin eskalatordan kulib tushib keldi-da, prezidentlik saylovida qatnashishini e’lon qildi. Zamonaviy Amerika tarixida hech bir nomzod saylovda qatnashishini bu qadar shov-shuv bilan, butun boshli shouga aylantirib e’lon qilmagandi. Biroz mubolag‘a bilan aytadigan bo‘lsak, anons shunchalik zo‘r chiqdiki, Tramp o‘sha oltin eskalatordan tushayotgandayoq saylovni yutib bo‘lgandi go‘yo.
Tramp Amerika siyosatiga kirib kelgach, mamlakatdagi barcha normalar, odatlarni chetlab o‘tishni boshladi. Uning keyingi harakatini o‘zidan boshqa hech kim bilmasdi. Va ana shu Tramp rossiyaliklar uni «Putinning qarorgohiga dron bilan hujum qilinganiga» ishontirmoqchi bo‘layotgan bir vaqtda Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni yotoqxonasidan olib keltirdi. Va «Do‘stlar, bizda «Monro doktrinasi» bor, esingizdan chiqarmang», dedi. Aytgancha, doktrinani Monro emas, «Donro» deb atadi — Donald va Monroni qo‘shib!
Bejizga 2022 yil 24 fevraldan «dunyo aqldan ozishni boshladi» deb ko‘p aytmaymiz, Ukrainada urush boshlangach, dunyoda barcha pardalar ko‘tarildi. Xalqaro huquq, xalqaro tan olingan normalar, BMT kabi tushunchalar chekkaga uloqtirildi. Tramp ham boshida diplomatiya qilmoqchi bo‘ldi, lekin qarasa, odobli yigit bo‘lsa, chekkada qolib ketyapti. Qonunsizlik bo‘lsa qonunsizlik, dedi-da, Maduroni asir oldi. Albatta, Trampning bu ishini umuman oqlab bo‘lmaydi, bu harakati bilan Amerika prezidenti yana bir jahon urushini yaqinlashtirdi xolos. Jahon urushlari aynan ta’sir doira orqasidan boshlanadi va ularning boshlanishi uchun Maduroni o‘g‘irlash kabi voqealar turtki bo‘ladi.
Tramp ikkinchi muddatga kirishishi bilan Kanadaga, Meksikaga, Grenlandiyaga tahdid qila boshladi, ularni qo‘shib olish haqida ham gapirdi. O‘shandayoq Tramp chang bosib yotgan «Monro doktrinasi»ni eslab qolganini taxmin qilish mumkin edi. AQShning burni tagida joylashgan dunyodagi eng katta neft zaxirasiga ega davlat qora oltinni Rossiya bilan bo‘lishishi Trampga umuman yoqmadi. Va uning baxtiga 200 yil avval Jyeyms Monro o‘ylab topgan G‘arbiy yarimshar himoyasi haqida doktrina chiqib qoldi, omadni qarang.
Lekin prezident Monro ilgari surgan g‘oyada Amerika g‘arbiy yarimshardagi davlatlarni himoya qilishi ko‘zda tutilgandi, ularning prezidentini o‘g‘irlashi emas. Shu uchun Tramp hujjatni o‘ziga moslashtirdi-da, «Donro» deb atay qoldi. Xullas, dunyo uchun yana bir xavfli, taxmin qilish qiyin bo‘lgan davr boshlandi. Va bu davr kamida 2029 yil 20 yanvargacha davom etadi…