Jahon | 10:09 / 10.01.2026
1115
3 daqiqa o‘qiladi

London Ukrainaga yuborilishi mumkin bo‘lgan qo‘shinlar uchun 230 mln yevro ajratdi

Buyuk Britaniya ehtimoliy yarashuv (otashkesim)dan keyin Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborish imkoniyati uchun qurolli kuchlarni yangi uskunalar bilan jihozlashga 230 mln yevro ajratadi.

Foto: Justin Tallis/AFP/Getty Images

Buyuk Britaniya ehtimoliy yarashuv (otashkesim)dan keyin ko‘pmillatli kuchlar tarkibida Ukrainaga britaniyalik harbiylarni yuborishga tayyorgarlik uchun 200 mln funt (taxminan 230 mln yevro) ajratdi. Bu haqda juma kuni, 9 yanvarda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar qildi.

Ajratilgan mablag‘lar Britaniya qurolli kuchlarini yangi uskunalar bilan jihozlash, transport vositalarini modernizatsiya qilish, aloqa tizimlarini yangilash va dronlardan himoya vositalarini kuchaytirishga yo‘naltiriladi.

Ukraina hududida xorijiy qo‘shinlar va harbiy obektlarni joylashtirish Rossiya tomonidan uning xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida baholanadi, degandi oldinroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Uning aytishicha, “bunday bo‘linmalar va obektlar” Rossiya armiyasi tomonidan “qonuniy harbiy nishonlar” sifatida ko‘riladi.

Shu bilan birga, Zaxarova 6 yanvar kuni Parijda “ko‘ngillilar koalitsiyasi” mamlakatlari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha deklaratsiya, shuningdek urush tugaganidan keyin Ukrainada fransuz va britan qo‘shinlari hamda harbiy obektlarni joylashtirishga doir uch tomonlama hujjatni imzolaganiga ishora qildi.

Kiyev, Parij va London 6 yanvar kuni Parijda o‘tkazilgan uchrashuvda niyatlar deklaratsiyasini imzoladi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning so‘zlariga ko‘ra, u hujjat o‘t ochish to‘xtatilgandan keyin Ukrainada britan, fransuz va boshqa “hamkor” qo‘shinlarni joylashtirish uchun “huquqiy asos” yaratadi.

Britaniya hukumati rahbari, shuningdek, o‘t ochish to‘xtatish rejimi boshlanishi bilan Britaniya va Fransiya Ukraina bo‘ylab “harbiy markazlar” tashkil etishi va qurol hamda harbiy texnikani saqlash uchun “himoyalangan obektlar” qurishini aytdi.

The Times nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Fransiya Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzilgandan keyin xavfsizlik kafolati sifatida Ukrainaga 15 ming nafargacha harbiy yuborishni rejalashtirmoqda, Germaniya esa Ukraina yaqinida kuchlarni joylashtirishga tayyor. Nashr, shu bilan birga, ehtimoliy kontingent soni “kutilganidan ancha kam” ekanini ta’kidlaydi.

Mavzuga oid