Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Erondagi namoyishlar: hozirgacha nimalar ma’lum?
Rasmiylar namoyishlarni bostirishda yanada qat’iyroq harakat qilmoqda, ammo namoyishchilar taslim bo‘lmayapti – shifoxonalar jasadlar bilan to‘lgan; AQSh prezidenti Donald Tramp vaziyatga aralashish bilan tahdid qilmoqda.
Foto: Middle East Images / AFP via Getty Images
Eronda qatag‘on kuchayib borayotganiga qaramay, yakshanbaga o‘tar kechasi ham odamlar ko‘chalarga chiqishda davom etishdi. Poytaxt Tehrondagi ikki shifoxonaga so‘nggi ikki kunda 100 dan ortiq jasad olib kelingan.
Guvohlar tomonidan olingan videolarda rasmiylarning namoyishlarni bostirishdagi harakatlari yanada shafqatsiz tus olayotganini ko‘rsatmoqda.
Xalqaro axborot agentliklari voqealarni Eron hududida turib yoritish imkoniga ega emas. Bundan tashqari, mamlakat rasmiylari payshanba kuni internetni to‘liq o‘chirib qo‘ygan va bu ma’lumot yig‘ish va tekshirishni yanada qiyinlashtirgan.
Shunga qaramay, OAV ixtiyoriga mamlakatdan ayrim videoyozuvlar yetib kelmoqda, jurnalistlar Eronda bo‘lib turgan va voqealarni to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatish imkoniga ega bo‘lgan odamlar bilan bog‘lanmoqda.
Shanba kuni olingan videolardan birida namoyishchilar Tehronning Gisha tumanidagi ko‘chalarni nazorat qilayotgani aks etgan. Ayrim videoroliklarda esa Eronning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lmish Mashhadda namoyishchilar xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashganini ko‘rish mumkin.
Namoyishlar kuchaygani sayin qurbonlar va yaradorlar soni ortib bormoqda. Inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar 100 dan ortiq qurbonlar haqida xabar bergan. Tehrondagi shifokorlar BBC’ga ma’lum qilishicha, so‘nggi ikki kunning o‘zida ikki shifoxonaga 100 dan ortiq jasad olib kelingan.
Shifokorlar shifoxonalar yaradorlar va halok bo‘lganlar bilan to‘lib-toshganini ma’lum qilgan. BBC Fors xizmati juma kuni kechqurun Rasht shahridagi shifoxonalardan biriga 70 ta jasad olib kelinganini tasdiqlagan, yana bir tibbiyot xodimi esa Tehrondagi shifoxonalardan birida 40 ga yaqin odam vafot etganini ma’lum qilgan.
So‘nggi kunlarda bir necha bor aralashuv bilan tahdid qilgan Donald Trampning shanba kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shunday gaplar yozib qoldirdi: «Eron erkinlikka intilmoqda, ehtimol, har qachongidan ham ko‘proq. AQSh yordamga tayyor!!!»
Eron parlamenti spikeri Muhammad Bakir Kalibaf agar AQSh Eronga hujum qiladigan bo‘lsa, Isroil hamda mintaqadagi barcha amerikalik harbiylar va dengiz bazalari Eronning javob hujumlari uchun qonuniy nishonlar bo‘lishidan ogohlantirdi.
Internet tadqiqotchisi Alirizo Manafiyning BBC Fors xizmatiga aytishicha, bu safar mamlakatda internet o‘chirilishi 2022 yilgi norozilik namoyishlaridagiga qaraganda jiddiyroq va Eronda internetga har qanday shakldagi kirish «deyarli butunlay to‘sib qo‘yilgan».
Uning qo‘shimcha qilishicha, endi Erondagilar tashqi dunyo bilan faqat Starlink sun’iy yo‘ldosh terminali orqali ulanishi mumkin, ammo bunday imkoniyatga ega bo‘lganlar ham ehtiyot bo‘lishi kerak, chunki bunday ulanishlar rasmiylar tomonidan kuzatilishi mumkin.
Eron shohlari sulolasi vorisi Rizo Pahlaviy shanba kuni klerikal hokimiyatni ag‘darish uchun norozilik namoyishlarini xalq qo‘zg‘oloniga qadar kengaytirishga chaqirdi.
«Maqsadimiz shunchaki ko‘chaga chiqish emas. Maqsad – shahar markazlarini egallash va ularni saqlab qolishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘lishi kerak», – dedi u X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan videoda.
Namoyishchilarning aksariyati ruhoniylar hukmronligini tugatishga chaqirmoqda yoki iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rishni talab qilmoqda, lekin ular orasida Pahlaviyni qo‘llab-quvvatlovchi shiorlarni («Yashasin shoh!») hayqirayotganlar ham bor.
28 dekabr kuni Tehron bozorlarida kuchli inflatsiyaga qarshi ish tashlash bilan boshlangan norozilik namoyishlari o‘tgan vaqt ichida 100 dan ortiq shaharga tarqalib, Eron rejimi uchun so‘nggi yillardagi eng jiddiy chaqiriqqa aylandi.
Namoyishlar tez orada siyosiy tus oldi – namoyishchilar klerikal boshqaruvni tugatishni talab qila boshlashdi. Rasmiylar esa tartibsizliklarda AQSh va Isroilni ayblamoqda.
AQSh razvedkasining yuqori martabali xodimi vaziyatni «chidamlilik o‘yini» deb atadi, deb yozadi Reuters. Muxolifat hokimiyatdagilarni qochishga majburlash yoki o‘z tomoniga og‘dirish uchun bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda, hokimiyatdagilar esa ko‘chalarni namoyishchilardan tozalash hamda AQShning aralashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun aholi orasida qo‘rquv uyg‘otishga harakat qilmoqda.
Amnesty International «xavfsizlik kuchlari payshanba kunidan boshlab namoyishchilarni o‘qqa tutayotgani haqidagi xavotirli xabarlar»ni tahlil qilayotganini ma’lum qildi.
Payshanba kuni Tramp Pahlaviy bilan uchrashmoqchi emasligini aytdi. Avvalroq u agar hukumat namoyishchilarga kuch ishlatadigan bo‘lsa, Eronga hujum qilish bilan tahdid qilgandi, davlat kotibi Marko Rubio esa AQSh Eron xalqini qo‘llashini aytgandi.
Amerika nashrlari Trampga Eron bo‘ylab harbiy zarbalar yo‘llash bo‘yicha variantlar taqdim etilgani haqida yozmoqda. Xususan, New York Times va Wall Street Journal mazkur masala yuzasidan «dastlabki muhokamalar» bo‘lib o‘tayotganini xabar qilgan.
Manbalarga ko‘ra, muhokama qilingan variantlar orasida Eronning bir qator harbiy obektlariga, xususan, poytaxt Erondagi fuqarolik obektlariga ham keng ko‘lamli havo zarbasi berish ssenariysi bor. Biroq boshqa manbaning ta’kidlashicha, ma’muriyat ichkarisida bu borada yagona pozitsiya mavjud emas, shuningdek, ehtimoliy operatsiyaga tayyorgarlik sifatida harbiy texnika yoki shaxsiy tarkibni ko‘chirish ishlari amalga oshirilmagan. WSJ manbalari bu kabi maslahatlashuvlar odatiy strategik rejalashtirish doirasida ekanini va yaqin orada zarba berish alomatlari kuzatilmayotganini qayd etmoqda.
Xominaiy Vashingtonni norozilik namoyishlariga undashda, namoyishchilarni esa AQSh va Isroil manfaatlari yo‘lida harakat qilishda ayblab, hukumat «yollanma askarlar» sifatida harakat qilayotgan fuqarolarni qattiq ta’qib qilishidan ogohlantirdi.
Huquq himoyachilariga ko‘ra, hozirda Eronda hukumat tomonidan internetni o‘chirish davom etmoqda, biroq Tehronda yashovchilardan biri CNN telekanali bilan suhbatda bu chora norozilik namoyishlarini to‘xtatishga yordam bermaganini aytdi.
Namoyishchilar telekanalga ko‘chalarga har qachongidan ko‘proq odam chiqayotganini aytib, o‘zlari guvoh bo‘lgan voqealarni «umidbaxsh» deb ta’riflashgan.
CNN suhbatdoshlari Ali Xominaiyning juma kuni televideniye orqali chiqishi vaziyatni keskin o‘zgartirgani, shundan keyin xavfsizlik kuchlar haddan tashqari shafqatsizlik bilan harakat qila boshlaganini aytishgan.
Xominaiy namoyishchilarni AQSh prezidenti Donald Trampga «yoqish»ni xohlagan «vandallar to‘dasi» deb atagan.
Mamlakat bosh prokurori Muhammad Movahadi Ozod shanba kuni istalgan namoyishchi «Xudoning dushmani» deb hisoblanishini aytgan – bunday ayblov uchun mamlakatda qatl jazosi qo‘llanadi.
Eron politsiyasi rahbari davlat televideniyesi efirida norozilik namoyishlari kuchayishda davom etayotgani va shanba kuni kechqurun «asosiy figuralar» hibsga olinganini aytgan. U «o‘lim holatlarining katta qismi» uchun javobgarlikni xavfsizlik kuchlariga emas, balki «o‘qitilgan va boshqariladigan shaxslar»ga yuklagan, ammo aniq tafsilotlarni keltirmagan.
Tehronda juma kuni bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishi bostirilishiga guvoh bo‘lganlardan biri namoyishchilarga hujumdan keyin boshlangan «dahshat» haqida gapirib bergan: «O‘qlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, ular o‘zlarida bor narsa bilan hammani yoppasiga o‘qqa tutishdi». Uning so‘zlariga ko‘ra, u bir qizning bo‘yniga elektroshoker bilan urib, hushidan ketkazilganini, hamkasbining o‘g‘lini esa halok bo‘lganlar orasida bo‘lganini ko‘rgan.
«Afsuski, biz bu rejim tashqi kuchsiz ketmasligi haqidagi haqiqatga ko‘nikishimiz kerak bo‘lishi mumkin», – dedi namoyishchilardan biri CNN telekanaliga.
Eron ichki ishlar vaziri Iskandar Mo‘maniy shanba kuni davlat televideniyesi orqali chiqishida «ayrim kamchiliklar» borligini tan olib, eronliklarni «yaxshi iqtisodiy kelajak» kutayotganini aytgan.
Mavzuga oid
23:50 / 11.01.2026
AQSh Eronga qo‘shin jo‘natish ehtimolini ko‘rib chiqmayapti – OAV
13:39 / 11.01.2026
NYT: harbiylar Trampga Eronga zarba berish bo‘yicha variantlarni taqdim etgan
22:50 / 10.01.2026
Eron so‘nggi shohining o‘g‘li xalqni shaharlarni egallab olishga chaqirdi
21:16 / 10.01.2026